Читайте эту статью на русском
2014-yil 13-yanvarda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmanov “Toshkent shahar hokimining 2013-yil 8-apreldagi 314-sonli qarorini bekor qilish haqida” Qaror qabul qildi. Toshkent shahar hokimi o’zi tomonidan qabul qilingan 314-sonli qarorni Toshkent shahar prokuraturasining 2013-yil 31-dekabrdagi 10/15-13-sonli protestiga asosan bekor qilgan.
O’zbekiston Respublikasining “Prokuratura to’g’risida”gi Qonuni 38-moddasiga muvofiq, prokuror protesti (prokuror nazorati hujjatlaridan biri) qonunga zid bo’lgan hujjatlarga nisbatan ana shu hujjatni qabul qilgan organga keltiriladi. Demak, Toshkent shahar hokimining 314-sonli qarori amaldagi qonunlarga zid bo’lgani sababli bekor qilingan.
O’QING: Toshkent shahar hokimining garajlarni buzish haqidagi qarori qonuniymi?
Xo’sh, Toshkent shahar hokimining noqonuniy qarori asosida xususiy mulkka yetkazilgan zararlar uchun qanday javobgarlik mavjud? Mulk egalarida mulkiy va ma’naviy zararlarning qoplanishini talab qilish huquqi bormi?
Javobgarlik turlari
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, har qanday huquqbuzarlikning sodir etilishi yuridik javobgarlik uchun asos bo‘ladi. Yuridik javobgarlikning 4 asosiy ko‘rinishi mavjud: jinoiy, ma’muriy, intizomiy va fuqarolik-huquqiy. Shulardan jinoiy, ma’muriy va fuqarolik-huquqiy javobgarlik turlariga to’xtalib o’tamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi bilan taqiqlangan har qanday jinoyatni sodir etish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Masalan, garajlarni buzish bilan bog’liq ayrim holatlar uchun Kodeksning quyidagi moddalari qo’llanishi mumkin:
205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206 (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va/yoki 207 (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) modda.
Ma’muriy javobgarlik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksni buzganlik natijasida kelib chiqadi. Masalan, garajlarni buzish bilan bog’liq ayrim holatlar uchun Kodeksning quyidagi moddalari qo’llanishi mumkin:
41 (haqorat qilish), 45 (fuqarolarning turarjoy daxlsizligini buzish) va/yoki 99 (shaharsozlik to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish).
Fuqarolik-huquqiy javobgarlik esa asosan mulkiy va/yoki ma’naviy zarar yetkazilgani sababli kelib chiqadi va zarar yetkazgan tomondan zararni to‘la qoplash talab qilinadi.
Kimlar javobgarlikka tortilishi mumkin?
Garajlarni buzish bilan bog’liq bo’lgan huquqbuzarliklarga aloqasi bo‘lgan har qanday jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan yuqorida sanab o‘tilgan javobgarlik turlarining bittasi va/yoki bir nechtasi qo‘llanilishi mumkin. Garajlarni buzish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda yuz bergan huquqbuzarliklar uchun quyidagi davlat idoralari va ularda ishlaydigan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilishi mumkin:
– Toshkent shahar hokimligi;
– Mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlari;
– Ichki ishlar vazirligining mahalliy boshqarmalari (militsiya).
Mulkiy va ma’naviy zararni qoplash huquqi
Amaldagi qonunchilikda huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan mulkiy va nomulkiy zararni qoplash huquqi mavjud.
Mulkiy zararni undirish huquqi
Fuqarolik Kodeksining 990-moddasiga binoan, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonunga xilof qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, ular mansabdor shaxslarning aybidan qat’i nazar, sudning qarori asosida qoplanishi lozim. Zarar Kodeksning 15-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi. Mazkur moddaga binoan, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan, davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat chiqarilishi natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar davlat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki bevosita mansabdor shaxslar (zarar ularning aybi bilan yetkazilgan taqdirda) zimmasiga yuklanishi mumkin (sudning qarori bilan).
Kodeksning 985-moddasiga ko’ra, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar va boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Masalan, quyidagi zarar va boy berilgan foydalar shaxs tomonidan mulkiy zarar sifatida talab qilinishi mumkin:
– Buzilgan garajning bugungi narxi; garaj egasi hisobiga buzdirilgan bo’lsa (shunday holatlar ham kuzatilgan), buzish uchun qilingan xarajatlar (ishchi kuchi, sarflangan vaqt, transport xarajatlari va hkz.); garaj buzilishi oqibatida mashinani pullik mashina qo’yish joylariga qo’ygan bo’lsa, shu maqsadda sarflangan xarajatlar; garaj buzilgandan keyin mashina kechasi bilan ko’chada qolgan holatlarda unga yetkazilgan zarar (chizib ketishsa, oynasini sindirib ketishsa, ichidan biror qimmatli narsa o’g’irlab ketilsa va hkz).
Jinoyat ishlarini ko’rib chiqishda ham fuqaroviy da’vo keltirish mumkin (jinoyat ishlarida mulkiy zararni qoplash tartibi bilan Jinoyat Protsessual Kodeksining 275, 396(6), 398, 413, 457 va 584-moddalarida tanishib chiqishingiz mumkin).
Ma’naviy zararni undirish huquqi
Fuqarolik Kodeksining 11-moddasiga binoan, fuqarolik huquqlarini himoya qilish huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash, zararni to‘lash va ma’naviy ziyonni qoplashni ham o‘z ichiga oladi.
Amaldagi qonunchilikda “ma’naviy zarar” tushunchasiga ta’rif berilmagan. Ammo O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi Qaroriga binoan, “ma’naviy zarar” bu jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan ma’naviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy og‘riq, zarar ko‘rish, noqulaylik va boshqa) azoblardir (2-xatboshi).
Fuqarolik Kodeksining 1021-moddasiga ko’ra, ma’naviy zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning kelib chiqishiga asos bo‘luvchi shartlardan biri zarar yetkazuvchining aybi hisoblanadi. Demak, ma’naviy zarar qoplanishini talab qilish uchun kishiga nisbatan g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) sodir etilgan bo‘lishi kerak. Bunday g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) kishi hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati, shaxsiy hayotining daxlsizligi, mulk huquqi kabi manfaatlardan bittasi yoki bir nechtasiga qarshi qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi (1022-modda). Ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek, ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Ma’naviy zarar to‘lanishi lozim bo‘lgan mulkiy zarar qancha bo‘lishidan qat’i nazar qoplanadi. Oliy Sud Plenumi qaroriga binoan, sud jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning qanday asosga ko‘ra tasdiqlanishini, u qanday holatlarda va qanday harakatlar (harakatsizlik) bilan yetkazilganligini, zarar yetkazuvchining ayb darajasi, jabrlanuvchi qanday ma’naviy va jismoniy azoblar tortganini, uni qoplashni qanday miqdorda baholash va nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashi zarur. Ma’naviy zarar miqdorini belgilashda sud jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar darajasini ko‘rsatuvchi ob’yektiv ma’lumotlar bilan birga, jabrlanuvchining sub’yektiv bahosini ham e’tiborga oladi. Ma’naviy zararni belgilashda quyidagi holatlar e’tiborga olinishi mumkin:
– Garajni buzish asnosida Toshkent shahar hokimiyati mansabdor shaxslari va/yoki militsiya xodimi garaj egasini butun mahalla oldida haqorat qilishi natijasida yetkazilgan iztiroblar;
– Ma’lum muddat ichida garajni buzib tashlamasang, o’zimiz buzib tashlaymiz degan qo’rqitishlar natijasida yetkazilgan xavotir va tashvishlar;
– Garaj buzilgan kunlari mashina qarovsiz tashqarida qolgani sababli yuzaga kelgan xavotir va qiyinchiliklar;
– Qish kunlari mashina ustidagi qorni tozalash bilan bog’liq bo’lgan qiyinchiliklar;
– Qish kunlari mashina sovuqda qolgani bois o’t olmasdan yuzaga chiqqan qiyinchiliklar.
Agar ma’naviy zarar bir necha kishining birgalikdagi harakatlari tufayli yetkazilgan bo‘lsa, jabrlanuvchi ularning hammasini sheriklik tarzida yoki har biridan alohida ma’naviy zarar undirilishini talab qilishi mumkin (1000-modda, Fuqarolik Kodeksi). Masalan, garajlarni buzish bilan bog’liq bo’lgan huquqbuzarliklarda Toshkent shahar hokimiyati, militsiya va mahalliy o’zini o’zi boshqarish idoralari/vakolatli ishchilari javobgarlikka tortiladigan bo‘lsa, moddiy va/yoki ma’naviy zarar ko‘rgan kishi ularning hammasini sheriklik tarzida yoki har biridan alohida ma’naviy zarar undirilishini talab qilishga haqli.
Fuqarolik Kodeksining 163-moddasi, 1-qismiga muvofiq, ma’naviy zararni undirish haqidagi talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi. Demak, sizga yetkazilgan ma’naviy zararni istalgan paytda, bo‘lib o’tgan voqeaga 6 oy, 1 yil, 5 yil yoki undan ko’p muddat o’tib ketgan bo’lsa ham, zararni undirishni so‘rab sudga murojaat qilishingiz mumkin.
Shikoyat qilish tartibi
Xususiy mulkni himoya qilish haqidagi Qonunning 6-moddasiga binoan, “davlat buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi”. Mazkur modda mulkdorga yetkazilgan zarar qonun hujjatlariga muvofiq to‘la hajmda qoplanishi kerakligini belgilaydi.
Qonunning15-moddasiga asosan, mulkdor davlat organlarining xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bog‘liq qonunga xilof qarorlari, mansabdor shaxslarning esa qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilish kerak. Bunday shikoyat uchun davlat boji olinmaydi.
Davlat organlarining qonunga xilof harakatlari natijasida yetkazilgan zarar davlat byudjetidan qanday to’lanishi tartibi haqida “Davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan pul to‘lovlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomada (Yo’riqnoma faqat rus tilida mavjud) o’qishingiz mumkin.
Demak, fuqarolar garaj buzilishi bilan bo’g’liq bo’lgan mulkiy va ma’naviy huquqlarining tiklanishini talab qilib, Toshkent shahar fuqarolik sudiga murojaat qilishlari mumkin. Bunda ular Toshkent shahar hokimining harakatlari nima sababdan noqonuniyligini isbotlashlari shart emas, chunki uning 314-sonli qarori noqonuniy bo’lgani uchun bekor qilinishi bilan bu da’vo o’z tasdig’ini topdi.
Sudga murojaat qilish bo’yicha amaliy maslahatlar
- Birinchi navbatda garajlarga bo’lgan egalik huquqingizni isbotlovchi barcha hujjatlarni tayyorlang. O’zbekistonda ba’zan garaj oldi-sotti ishlari aniq qonun-qoidalarga rioya qilinmasdan amalga oshirilgan bo’lishi mumkin. Shunday bo’lsa ham, garaj oldi-sotti shartnomasi, garaj xususiylashtirilganligi haqidagi hujjat va boshqa shu kabi rasmiy ma’lumotlarni yig’ib qo’ying.
- Garaj buzilishiga tegishli bo’lgan barcha hujjat va dalil sifatida qo’llanilishi mumkin bo’lgan ma’lumotlarni to’plang. Bunday ma’lumotlarga quyidagilar kirishi mumkin: garaj egalari bilan aloqa qilgan mansabdor shaxsning ism-sharifi, lavozimi, ish joyi, garajlarni buzish ishlarini isbotlovchi materiallar (buzilish joyidan olingan rasmlar, video lavhalar va hkz.). Ba’zi joylarda garaj buzilishiga qarshilik ko’rsatgan aholi punktlariga shahar hokimiyatida ishlaydigan mutasaddi shaxs kelib fuqarolar bilan suhbat o’tkazgan (do’q urib, qo’rqitib ketganlar ham uchragan). Bular haqida ham barcha ma’lumotlarni yig’ishga harakat qiling.
- Sudga murojaat qilishdan oldin garajingizga qo’shni bo’lgan garaj egalari bilan uchrashib, mulkiy va ma’naviy zararni undirish uchun qanday choralar ko’rish mumkinligini birgalikda maslahat qiling.
- Imkoniyatingiz bo’lsa, zudlik bilan malakali advokat yollashingiz kerak.
- Barcha garaj egalari, iloji boricha, bigalikda yuqori malakali va tajribali advokatni yollashlari kerak. Shunda haq-huquqlaringizni himoya qilishda hamma kelishgan holda harakat qiladi va malakali advokat xizmati ham, nisbatan, arzonga tushadi. Malakali advokat sizga mulkiy va ma’naviy zararni to’liq undirish uchun qanday qonuniy choralar ko’rish lozimligi, bu borada qaysi davlat organlariga (xususan, sudga) qanday ariza yozish kerakligi va boshqa huquqiy masalalarda yordam beradi.O’QING: “Yaxsi advokatni qanday topish mumkin?”
- Advokat yollaganingizdan keyin uning faoliyatini nazorat qilib turishni unutmang. Odatda, malakali advokatlar juda band bo’ladi. Shuning uchun ular bilan hamisha aloqada bo’lib, siz topshirgan ishingiz qanday kechayotganligi haqida ma’lumot olib turishingiz kerak. Agar advokat sizning qonuniy huquqlaringizni yetarli darajada himoya qilmayapti, deb o’ylasangiz, uni zudlik bilan boshqa advokatga almashtirishingiz kerak.
- Bekor qilingan 314-qaror asosida buzib tashlangan garaj va boshqa yetkazilgan mulkiy zararlar uchun to’lanishi kerak bo’lgan miqdorni hisoblab chiqishda “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomdan foydalanishingiz mumkin.