Fuqarolik huquqi

Yo’qolgan guvohnomani qanday yangilash mumkin?

Savol: Biometrik pasport olish uchun borganimda, mendan tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomamni olib kelishimni so’rashdi, shu tog’rimi? Mening tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomam yo’qolgan. Men  guvohnomamning nusxasini olish uchun qayerga murojaat qilishim kerak? Necha pul to’lashim kerak? Uni qancha muddatda tayyorlab berishlari lozim?

 Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-iyuldagi 200-son qaroriga 1-ilova tarzida qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini berish tartibi tuqrisida”gi Nizomga asosan, biometrik pasport olish uchun borganingizda, sizdan tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomasini olib kelishni so’rashganlari to’g’ri. Chunki, umuman, pasport tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma asosida beriladi, ya’ni ushbu tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma passport (biometrik passport) berish uchun asos hisoblanadi.

Oila kodeksining 230-moddasiga ko’ra, fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv bo‘lganligini tasdiqlovchi etarli asoslar bo‘lganida, ularni qayta tiklab qo‘yish tushuniladi. 231-moddaga ko’ra, tug‘ilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralish haqidagi dalolatnomalar yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan bo‘lsa, faqat ana shu shaxslarning arizasiga ko‘ra tiklanadi. Demak, guvohnomangizni tiklash uchun faqatgina o’zingi ariza topshirishingiz mumkin.

232-moddaga ko’ra, fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari ariza beruvchining yashash joyidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida tiklanadi.  Demak, tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomangiz yo’qolgan bo’lsa, shaxsiy ariza bilan o’zingizning tug’ilgan joyingizdagi tuman FHDYO arxiviga murojaat qilishingiz kerak. Fuqarolik kodeksining 201-moddasiga ko’ra, fuqarolik holati dalolatnomalari ikki nusxada tuziladi. Dalolatnoma yozuvining  birinchi, ya’ni sizdagi nusxasi yo’qolgan taqdirda, uni dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasi asosida qayta tiklash mumkin.“Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalari”ga ko’ra, bu nusxa siz tug’ilgan tuman FHDYO arxivida 75 yil saqlanadi (keyin Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahar FHDYO arxiviga o’tkaziladi) va ushbu nusxa asosida takroriy guvohnoma berilishi mumkin Yuqoridagi Qoidalarga ko’ra, tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun FHDYO organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

dalolatnoma yozuvini tiklash to‘g‘risida belgilangan shakldagi ariza;

shahar (Toshkent), viloyat, respublika (Qoraqalpog‘iston)* FHDYO arxivining ariza beruvchining tug‘ilgan joyi bo‘yicha dalolatnoma yozuvining yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomasi;

*Keyingi o‘rinlarda matnda shahar, viloyat, respublika FHDYO arxivi deb yuritiladi.

ota-onasining pasportlari nusxalari;

agar ota-onasi vafot etgan bo‘lsa, ularning o‘limi haqidagi dalolatnomalar yozuvlarining nusxalari;

nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma (ota-onasining va o‘zining) yozuvi nusxasi;

ota-onalarining hujjatlari bo‘lmaganda, aka-ukalari, opa-singillarining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvlari nusxalari;

arizachining iltimosini asoslovchi boshqa hujjatlar.

Tug‘ilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvida arizachining tug‘ilgan yili: pasporti, harbiy bileti va boshqa mavjud hujjatlariga asosan ko‘rsatiladi.

Dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi ariza FHDYO organi tomonidan barcha zaruriy hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab 15 kun ichida ko‘rib chiqilishi zarur

Takroriy guvohnoma uchun “Davlat boji stavkalari”ning 5-qismi “g”-bandiga ko’ra, eng kam oylik ish haqining 10 % miqdorida boj olinadi va 2013-yil 17-may holatiga ko’ra, u 79590 so’mni tashkil etadi. 1943-yildan avval yozilgan dalolatnomani takroran olish uchun esa Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahar FHDYO arxiviga murojaat qilish lozim bo’ladi.

4 Comments