Savol: Men bir oy ichida bir marta chiziqni bosganim uchun, bir marta odam tashish qoidalariga rioya etmaganim uchun va bir marta o’ng tomondan quvib o’tganim uchun jarimaga tortildim. Bu qoidabuzarliklarim uchun menga qancha miqdorda jarima tayinlanadi?
Javob: Sizning javobgarligingiz O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasiga muvofiq amalga oshirilishi mumkin:
“Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi”
Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmasligi (ushbu Kodeksning 1283, 1285, 1286 va 130-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), odam tashish, transport vositalarini quvib o‘tish, yo‘nalishli transport vositalari to‘xtaydigan bekatlardan yoki piyodalar o‘tish joylaridan yurish, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, xuddi shuningdek yo‘lovchilarga loyqa sachratishi, —
eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni uch marta va undan ortiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.
Demak, qaysi modda bilan jazoga tortilganligingizga qarab va unga o’xshash huquqbuzarliklarni qachon sodir etganligingizga qarab jarima miqdori aniqlanadi. Har bir qoidabuzarlik ishi alohida o’ziga xos sharoit va jihatlari bilan ko’rib chiqilishi bois, yuqoridagi miqdorda jarima solinadi deb aniq aytish qiyin va undan faqat ma’lumot uchun foydalanishingiz mumkin.