Savol: Sudlanuvchi “aybi”ni bo’yniga olmasa va tergovchida yetarli dalil-isbot bo’lmasa ham sud qamoq jazosi qo’llashi mumkinmi? Bunday holda nima qilish kerak?
Javob: Sudlanuvchi jinoyat ishida aybini inkor etishga to’la haqli, lekin u rostdan ham sodir qilgan deb ayblanayotgan jinoyatni sodir qilganligi dastlabki tergov organlari tomonidan dalillar bilan to’la, asosli tarzda isbot qilinishi kerak. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 26-moddasiga ko’ra, sud faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanib hukm chiqaradi, ya’ni tergovchi yoki prokuror to’plagan dalillar, albatta, sudda tekshirilishi kerak.
Agar sud protsessida sudlanuvchini jinoyat ishida aybli deb topish uchun yetarli asos mavjud bo’lmasa, unda sudyaning qarori bilan ish qo’shimcha tergovga qaytarilishi yoki oqlov hukmi chiqarilishi kerak. Agar siz birinchi instansiya sudi chiqargan hukmdan norozi bo’lsangiz, hukm chiqqan kundan boshlab o’n kunlik muddat ichida yuqori turuvchi sudga appelyatsiya shikoyati bilan murojaat qilishingiz lozim, lekin o’n kunlik muddatni o’tkazib yuborgan bo’lsangiz, hukm chiqarilgan kundan boshlab bir yillik muddat ichida kassatsiya shikoyati bilan yuqori instansiyadagi sudga shikoyat qilishingiz kerak.
O’zbekiston Respublikasida jinoyat ishlari bo’yicha tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudlari birinchi instansiya, viloyat jinoyatlar va Toshkent shahar jinoyat ishlari bo’yicha sudlari apellatsiya va kassatsiya shikoyatlarini ko’rib chiquvchi ikkinchi instansiya, O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay’ati ishlarni nazorat tartibida ko’rib chiquvchi uchinchi instansiya hisoblanadi. Ammo jinoyat ishlari qaysi moddaligiga qarab viloyat va Toshkent shahar jinoyat ishlari bo’yicha sudlarida yoki to’g’ridan to’g’ri Oliy Sud jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay’atida birinchi instansiyada ko’rib chiqilishi mumkin.