Xo'jalik va uy-joy huquqi

Yer uchastkasi olish uchun kimga murojaat qilish kerak?

Savol: Oilamiz katta, otamning uyida yashayman. Uy biz uchun torlik qilyapti, boshqa joydan yer olib, uy qurmoqchiman. Yer olish uchun kimga murojaat qilish kerak va qanday hujjatlar talab qilinadi?

Javob: Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi olish uchun ariza tuman (shahar) hokimligiga beriladi.

Arizaga ariza beruvchining doimiy yashash joyi bo’yicha turar joylarning kadastr ishi nusxasi (mavjud bo’lgan taqdirda) va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining oilaning tarkibi to’g’risidagi ma’lumotnomasi ilova qilinadi.

Ariza tuman (shahar) hokimi boshchilik qiladigan, yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko’rib chiqish bo’yicha doimiy ishlaydigan komissiya tomonidan ko’rib chiqiladi. Komissiya tarkibiga “Ergeodezkadastr” davlat qo’mitasi, tabiatni muhofaza qilish, arxitektura va qurilish organlari, sanitariya-epidemiologiya xizmati, fuqarolar yig’inlari vakillari va boshqa shaxslar kiritiladi.

Komissiya ariza olingan kundan boshlab 10 kun muddatda yer uchastkasi berishning maqsadga muvofiqligi yoki yer uchastkasi berish asosli ravishda rad etilishi to’g’risida xulosa chiqaradi.

Fuqarolarga belgilangan tartibda kimoshdi savdosida yer uchastkasini sotishda komissiyaning qarori talab qilinmaydi.

Yer uchastkalari birinchi navbatda:

yer davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo’yilishi munosabati bilan uylari buzilayotgan fuqarolarga;

ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilariga;

baynalminal jangchilarga;

halok bo’lgan harbiy xizmatchilar va ularga tenglashtirilgan shaxslarning oilalariga;

mehnat faxriylariga;

o’zlari egallab turgan davlat turar joy fondining turar joylarini shahar va tuman hokimliklariga berayotgan fuqarolarga beriladi.

Tuman (shahar) hokimi komissiyaning ijobiy xulosasi asosida 10 kun muddatda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berish to’g’risida qaror qabul qilinadi.

Tuman (shahar) hokimining qarori asosida tuman (shahar) arxitektura va qurilish organlari tomonidan “Ergeodezkadastr” davlat qo’mitasining hududiy organlari bilan birgalikda uch kun muddatda yer uchastkasi ajratish va uning chegaralarini naturada chiqarish amalga oshiriladi hamda quyidagi hujjatlar beriladi:

tuman (shahar) hokimining qaroridan ko’chirma;

uchastka chegaralari chizilgan massivning bosh rejasidan nusxa.

Yer uchastkalari berish to’g’risida iltimos qilgan barcha fuqarolarga yer uchastkalari ajratish imkoniyati bo’lmagan hollarda tuman (shahar) hokimligi yer uchastkalari olishga ehtiyojmandlarning hisobini yuritadi.

Navbatda turish tartibida yer uchastkalari olishga ehtiyojmand bo’lgan fuqarolar ro’yxati tuman (shahar) hokimi tomonidan bir yilda kamida bir marta tasdiqlanadi.

Comments are closed.