Mirakmal NIYAZMATOV
AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasida turli huquqiy muammolarga duch kelib, advokat qidiruvchilar ko’p uchraydi. Huquqiy muammo qisqa muddatda va sizning foydangizga hal bo’lishi uchun siz tanlagan advokat malakali va o’z kasbiga fidoyi bo’lishi kerak. Aksincha, malakasi past yoki insofsiz advokatga duch kelsangiz, pulingiz va vaqtingiz zoye bo’lishi bila birga, siz uchun hayot-mamot masalasi bo’lib turgan muammoingiz ham sizning foydangizga hal bo’lmasligi mumkin. Xo’sh, AQShda malakali advokat yollashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Advokatni qayerdan qidirish kerak?
Malakali advokat topishning aniq bir formulasi yo’q, albatta. Bu borada qilinishi kerak bo’lgan eng birinchi ish do’stlaringizdan, hamkasblaringizdan va yaqin tanish-bilishlardan so’rab-surishtirishdir. Bunday surishtiruv natijasida har doim ham sizning huquqiy muammoingizga to’gri keladigan advokat topilmasligi mumkin. Muhimi, sizga tavsiya qilingan advokat, huquqiy muammoingiz bo’yicha mutahassis bo’lmagan taqdirda, sizga boshqa malakali advokatga uchrashni tavsiya qilishi mumkin.
Bordiyu tanish-bilishlaringiz sizning huquqiy muammoingizdan xabardor bo’lishlarini istamasangiz, mahalliy huquqshunoslar tashkilotlariga murojaat qilishingiz mumkin. Masalan, Nyu York shtadida istiqomat qiluvchilar http://www.nysba.org/ veb-sahifasida Nyu York shtatida faoliyat ko’rsatadigan advokatlar haqida kerakli ma’lumotlarni olishlari mumkin. www.lawyers.com saytidan ham o’z shtatingizdagi advokatlarni ismlari, ish joylari, va ixtisoslikari bo’yicha qidirisb topishingiz mumkin.
Advokat haqida ma’lumot to’plash
Advokat yollayotganda yo’l qo’yiladigan eng jiddiy xatolardan biri bu advokat malakasi va umuman unga berilgan tavsifnomalar haqida ma’lumotga ega bo’lmaslikdir. Bu xatoga yo’l qo’ymaslik uchun o’zingiz yollamoqchi bo’lgan advokat haqida batafsilroq ma’lumot yig’ishga harakat qiling. Bu masalaga sharoit va imkoniyatlaringiz doirasida qancha ko’p vaqt ajratsangiz, shuncha yaxhsi.
Yuqorida aytib o’tilgan advokat qidirish, topish va yollash usullaridan foydalanish natijasida sizga ma’qul kelgan advokatlar ro’yxatini tuzing va ularga qo’ng’iroq qilishni boshlang. Ko’pincha, advokat idorasiga ilk marotaba huquqiy muammoingizni muhokama qilish uchun telefon qilganingizda, advokat siz bilan telefon orqali emas bevosita uning idorasiga dastlabki maslahat uchun kelishingizni taklif qiladi.
Advokat bilan dastlabki muloqot
Ko’pincha, dastlabki maslahat (initial consultation) uchun advokatlar haq olmaydi. Shunday bo’lsa ham, har ehtimolga qarshi bu haqda telefon orqali so’rab olishingiz kerak.
Dastlabki maslahat, ko’pincha, 15 daqiqa, ko’pi bilan 30 daqiqa davom etadi. Shuning uchun unga jiddiy tayyorgarlik ko’rmoq lozim. Shu qisqa vaqt ichida siz advokatga huqiqiy muammoingizning asosiy mohiyatini tushuntirib berish bilan birga, sizni qiziqtirgan savollarni so’rab, ularga javob olishga ulgurishingiz kerak.
Advokatga ishingizga tegishli bo’lgan hujjatlarni taqdim etish va sizning foydangizga va zararingizga kimlar guvohlik berishi mumkinligini aytib o’tish ham muhim ahamiyatga ega. Suhbat chog’ida advokatga o’zingizni qiziqtirgan barcha savollarni berishga harakat qiling. Quyidagi savollarni so’rashni tavsiya etamiz:
Mening huquqiy muammoimga o’xshagan ishlar ustida avval ishlaganmisiz? Natijasi nima bo’lgan? Mening ishim ustida bevosita qaysi advokat ishlaydi? Mening ishim qaysi hollarda foydamga va qaysi hollarda menga qarshi hal qilinishi mumkin? Ishimning hal bo’lishiga taxminan qancha vaqt ketadi? Xizmat haqqingiz taxminan necha pul? Uni iloji boricha kamaytirish uchun men nimalar qilishim mumkin?
Advokat savollaringizga javob berayotganda qaydlar yozib olsihdan tortinmang. Dastlabki maslahat nihoyasida advokat bilan mehnat shartnomasi tuzishga majbur emassiz. Advokatga huquqiy muammoimga tegishli barcha tafsilotlarni berdimu, endi uni yollamasam bo’lmaydi, degan andisha sizni qiynamasin. Har bir advokat o’z mijozlaridan eshitib-o’rgangan ma’lumotni sir saqlashga majburdir.
Shunday dastlabki maslahatlardan uch-beshtasiga kirib chiqqaningizdan keyin, qaysi advokat sizga ko’proq to’g’ri kelishi haqida tushunchaga ega bo’la boshlaysiz.
Advokat tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Advokatni huquqiy muammoingiz turiga qarab yollashingiz kerak. Agar siz yo’liqqan huquqiy muammo jinoyat huquqi sohasida bo’lsa, shu soha bo’yicha mutaxassis bo’lgan advokatga murojaat qiling. Umuman olganda, advokatlar ma’lum bir huquqiy soha bo’yicha ixtisoslashishga harakat qilsalar-da, ko’pincha, uch yoki to’rt huquqiy soha bo’yicha faoliyat olib boradilar. Albatta, bunday holat advokat malakasi yoki tajribasining kamligidan dalolat bermaydi. Shunday bo’lsa ham, uch yoki to’rt huquqiy soha bo’yicha ishlaydigan advokatdan ko’ra bitta yoki ko’pi bilan ikkita huquq yo’nalishi bo’yicha faoliyat olib boradigan advokatni tanlash maqsadga muvofiqroq bo’ladi. Yollamoqchi bo’lgan advokatingiz sizning huquqiy muammoingiz bo’yicha qancha ko’p ixtisoslashgan bo’lsa shuncha yaxshi. Buni advokat avval olib borgan huquqiy ishlar, ularning qanchasida yutib chiqqanligi, ushbu soha bo’yicha necha yildan beri faoliyat olib borayotgani kabi holatlar belgilab beradi.
Advokatning xizmat haqi
Advokat xizmat haqining miqdori, ko’pincha, huquqiy muammoingizning mushkulligi va advokat malakasining yuqoriligiga bog’liq bo’ladi. Eng muhimi, advokat sizga ishingiz yuzasidan aynan qanday xizmat turi ko’rsatishini to’liq tushunib yetmaguningizgacha advokat belgilagan xizmat haqiga rozi bo’lmang.
Albatta, advokat sizga ko’rsatgan xizmat haqi necha pul bo’lishini oldindan aytib berolmasligi mumkin. Shunday bo’lsa-da, har bir advokat eng kamida uning xizmat haqi taxminan necha pul bo’lishini aytib bera oladi. Bunda u sizga qay holatda xizmat haqi oshishi yoki kamayishi mumkinligini ham batafsil tushuntirib berishi kerak.
Huquqshunoslar, umuman olganda, o’z xizmatlari uchun uch ko’rinishda haq oladilar: (a) soatbay (hourly); (b) bir marta kelishilgan miqdorni to’lash (one-time flat fee) va (c) sud qarori natijasida sizga beriladigan miqdordan foiz olish (contingency).
Advokat xizmati uchun to’lanadigan haq va uni to’lash tartibi shartnomada ko’rsatilishi kerak. Agar advokat sizdan shartnoma tuzmasdan naqd pul to’lashni talab qilayotgan bo’lsa, bilingki, bunday advokat bilan ishlash maqsadga muvofiq emas. Umuman olganda, shartnomani sinchkovlik bilan o’qib, o’rganib chiqish darkor. Biron-bir bandini yaxshi tushunmasangiz, albatta, qo’ng’iroq qilib aniqlab oling.
Advokat xizmatining qimmat yoki arzon bo’lishi hech narsani bildirmaydi. Ammo xizmat haqi arzon bo’lgan advokat qilgan xatolari tufayli sizning xarajatlaringiz ko’payib ketishi mumkinligini e’tibordan chetda qoldirmang.
Advokat yollashga pulingiz bo’lmasa
Advokat yollashga yetarli mablag’ingiz bo’lmagan taqdirda, quyidagi veb-sahifalar sizga yordamchi bo’lishi mumkin:
www.washingtonlawhelp.org – Kam ta’minlangan odamlar uchun huquqiy yordam berish bo’yicha axborot resurslari markazi. Saytni rus tilida ham o’qishingiz mumkin.
www.abcny.org – Nyu York shahar advokatlar assotsiatsiyasi (New York City Bar Association) veb-sahifasi. Unda advokat yollash imkoniyatiga ega bo’lmaganlar uchun yordam taklif etiladi. Sayt faqat ingliz tilida. Bu assotsiatsiya har dushanba kuni “Bepul dushanba kechasi klinikasi” (Free Monday night clinic) deb ataladigan bepul yuridik maslahatlar xizmatini ko’rsatadi. Bu xizmat bilan ushbu telefon raqamlari orqali bog’lanishingiz mumkin: 212-626-7373. Nyu York shahar advokatlar assotsiatsiyasi ko’rsatadigan bepul yuridik xizmatlar haqida to’liq ma’lumotni assotsiatsiya veb-sahifasining “Legal Referral Service” bo’limi ichidagi “Legal Clinics” sahifasidan topishingiz mumkin.
Bepul yuridik yordam olish uchun AQSh universitetlaring huquqshunoslik bo’limlari qoshida ochilgan yuridik klinikalarga (legal clinic) ham murojaat qilishingiz mumkin. Yuridik klinikalarda huquqiy muammo ustida professorlar nazorati ostida talabalar ishlaydi. Albatta, huquqshunos talabalarning ilmi va tajribasi malakali advokatlar darajasida bo’lmaydi, ammo ular huquqiy ishlar ustida endi ishlashni boshlagani uchun ko’pincha ishga jon-jahdlari bilan kirishadilar va bu sizga yaxshi yordam beradi.
Ko’plab yuridik firmalar qoshida ham bepul yuridik xizmatlar yo’lga qo’yilgan. Nyu York shtatidagi shunday yuridik firmalar ro’yxatini ushbu veb-sahifadan olishingiz mumkin:http://www.justice.gov/eoir/probono/freelglchtNY.htm.
Advokat bilan ishlashdagi muhim masalalar
Advokat siz uchun aynan qanday yuridik xizmat ko’rsatishini aniq tushunib oling. Yaxshi advokat o’z mijoziga har doim uning ishi nimadan iborat bo’lishini tushuntirishga harakat qiladi. O’z ishiga ishonchsizlik yoki ma’suliyatsizlik bilan qaraydigan advokatlar esa o’z mijozi bilan yaxshi muloqot olib bormaydi. Natijada mijoz ham o’ziga advokatning qanday yuridik xizmat turini ko’rsatayotganini bilmaydi. Nima bo’lganda ham, advokatdan barcha tushunmagan savollaringizni so’rab olishingiz shart.
Advokatingiz bilan qanday muloqot olib borishingiz mumkinligini aniqlashtirib oling. Har hafta yoki oyda necha marta ko’rishib gaplashishingiz haqida advokatingiz bilan kelishib oling. Agar advokatingiz siz bilan haftalar yoki oylar davomida muloqot o’lib bormayotgan bo’lsa, u sizning ishingiz bilan jiddiy shug’ullanmayotganidan dalolatdir. Shunday vaziyatlarda zudlik bilan boshqa advokat topish harakatini qiling.
Ko’p holatlarda huquqiy muammoda kim yutib chiqishini oldindan aytish qiyin. Shuning uchun sizga oldindan g’olib chiqishini va’da berayotgan advokatni yollamaganingiz ma’qul.
Maqola ilk marotaba Vatandosh gazetasida chop etilgan.
2 Comments