Xo'jalik va uy-joy huquqi

Yashayotgan uy-joyimiz uchun qanday me’yoriy hujjatlarga ega bo’lishimiz kerak?

Savol: Hokimiyatdan kelgan kadastr xizmatchilari hozirgi vaqtda ko‘pgina hujjatlarda o‘zgarishlar bo‘lganini va hujjatlarni yangilashingiz kerakligini deyishyapti. Yashayotgan uyimiz va hovlimiz uchun qanaqa me’yoriy hujjatlar bo‘lishi kerak ? Iltimos, iloji bo‘lsa o‘sha hujjatlar namunasini ham ko‘rsatsangiz.

Javob: Mavjud har bir ko‘chmas mulk uchun kadastr hujjatlari bo‘lishi shart. Bu holat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 7-yanvar 2014-yilgi  №1-sonli qaroriga    ilova sifatida qabul qilingan “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi” Nizom talablaridan kelib chiqadi. Nizomning 6-bandiga ko‘ra yuridik yoki jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk va boshqa ashyoviy huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ob’ektlari hisoblanadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, yashayotgan uyingiz va hovlingiz uchun kadastr hujjatlari bo‘lishi shart. Ko‘chmas mulk hujjatlari o‘z ichiga

  1. uyning va hovlining rejasini,
  2. uy-joy qiymatini o‘zida aks ettirgan hujjatlarni,
  3. yer berish to‘g‘risidagi tegishli organning qarorini,
  4. yoki egalik huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarini,
  5. bino va inshootlarga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi,
  6. yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarini,
  7. tegishli hokimiyat organing turar uy-joy qurilmalarini foydalanishga qabul qilish va egalik huquqini tan olish to‘g‘risidagi qarorini o‘z ichiga oladi.

Shu sababli agarda ushbu nizom doirasidagi kadastr hujjatlari sizda bo‘lmasa,  kadastr xizmati xodimlarining sizga bildirgan e’tirozi qonuniy va o‘rinli.

Yuqoridagi sanalgan hujjatlardan ba’zilarining na’munasi bilan Vazirlar Mahkamasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qaroriga ilovalarda tanishishingiz mumkin.

Comments are closed.