Fuqarolik huquqi

Yaroqsiz holga kelgan pasport bilan O’zbekistonga borish mumkinmi?

Savol: Pasportimni o’rtog’im jahl ustida yirtib tashladi. Varoqlari joyida, lekin belidan yirtilgan, g’ijimlangan; 4-5 ta g’og’ozi yarmigacha yirtilgan. Men bu passport bilan O’zbekistonga uchib keta olamanmi? O’zbekistonda pasportimni almashtirsam, OVIRimni yangi pasportimga ko’chirib berishadimi?  Pasport yirtilgan bo’lsa, bu ham xorijga chiqish qoidalarini buzish hisoblanadimi?

Javob:  Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar siz aytgan darajada yirtilgan bo’lsa, ular yaroqsiz holga kelgan hujjat deb hisoblanadi va amal qilishdan to’xtaydi. “O’zbekiston Respublikasida pasport tizimi to’g’risida”gi Nizomning 16-bandiga ko’ra, pasport foydalanish uchun yaroqsiz holga kelganda uni almashtirish lozim bo’ladi.

Pasportni qayerda almashtirish sizning xorijiy davlatdagi statusingizga bog’liq. Agar xorijiy davlatda vaqtinchalik vizada bo’lsangiz, (ya’ni xorijiy davlatda doimiy yashovchi shaxs bo’lmasangiz), pasportingizni O’zbekistonga qaytib borib almashtirishingiz lozim bo’ladi. O’zbekistonga qaytib borish uchun esa siz yashab turgan davlatdagi O’zbekiston respublikasi elchixonasi yoki konsullik muassasasiga O’zbekistonga qaytish sertifikatini olish uchun murojaat qilishingiz kerak. Qaytish sertifikati olish haqida quyidagi maqolamizda batafsil javob berganmiz: Chet elda passport va yashash hujjati yo’qolsa nima qilish kerak?

O’zbekistonga qaytib borgach, pasportingizni almashtirish uchun doimiy ro’yxatdan o’tgan tuman IIB ga passport almashtirishni so’rab murojaat qilasiz. Pasport almashtirish uchun quyidagi hujjatlarni talab qilinadi:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakl bo‘yicha ariza;

ilgari olingan pasport;

35×45 millimetr kattalikdagi ikkita oq-qora yoki rangli fotosurat.

Pasport almashtirilganda eski pasportingizda bo’lgan OVIR vizasi ham ko’chirib beriladi. Pasport almashtirganda eski pasportingizni IIBga topshirishingiz lozim. Shuning uchun, pasportni topshirishdan oldin barcha betlaridan nusxa ko’chirib oling. Keyinchalik eski pasportingiz haqidagi ma’lumotlarni tiklashda ko’chirib olingan nusxalar foyda beradi. (Masalan, xorijiy davlatning vizasini olishda eski pasportdagi vizangizni ko’rsatishingiz mumkin.)

Pasport almashtirish uchun davlat boji undiriladi. “Davlat boj stavkalari haqida” qarorning 6-bandiga ko’ra, biometrik pasport olish uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. 2013-yil 31-dekabr holatiga ko’ra, O’zbekistonda eng kam oylik ish haqi 96 105 so’mni tashkil qiladi.

Fuqaro pasportni ehtiyotlab saqlashi lozim. “O’zbekiston Respublikasida pasport tizimi to’g’risida”gi Nizomning 43-bandida pasportni atayin yaroqsiz holga keltirganlik, avaylab saqlamay uni yo’qotganlik uchun javobgarlik (ma’muriy javobgarlik-jarima undiriladi) belgilangan. Ammo sizning holatingizda, pasportingizni siz emas, balki boshqa shaxs yaroqsiz holga keltirganligi uchun siz javobgarlikka tortilmaysiz. Agar xohlasangiz, pasportingizni yaroqsiz holga keltirgan shaxs ustidan O’zbekiston Respublikasi IIB bo’limiga yoki o’zingiz yashab turgan chet eldagi mahalliy politsiyaga shikoyat qilishingiz mumkin. Bunday shikoyat orqali pasportingizni yaroqsiz holga keltirish orqali sizga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirishni ham talab qilishingiz mumkin.

Comments are closed.