2011-yil 5-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti PF-4262-sonli “O’zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” Farmon qabul qildi. Ushbu Farmonga muvofiq Respublikada biometrik pasport hamda biometrik harakatlanish hujjatlari joriy qilinib, O’zbekiston Respublikasi pasport tizimi to’g’risida hamda O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjati to’g’risida Nizomlar qabul qilindi. Mazkur Nizomlarga asosan, 2011-yildan boshlab Respublikada biometrik pasport va biometrik harakatlanish hujjatini berish joriy qilinadi. Pasport almashtirish bosqichama-bosqich, 2015-yilgacha amalga oshiriladi. Joriy pasport hamda 1999-yil 26-fevralda qabul qilingan PF-224-sonli Farmon bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasida pasport tizimi to’g’risidagi nizom 2015-yilgacha haqiqiy hisoblanadi.
***
2011-yil 7-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 6-sonli “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shu’gullanishi mumkin bo’lgan faoliyat turlari ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida” qaror qabul qildi. Mazkur qarorga muvofiq, jismoniy shaxslar 2011-yil 1-apreldan boshlab ushbu qarordagi ro’yxatda sanab o’tilmagan faoliyat turlari bilan yuridik shaxs tashkil etmasdan shug’ullanishi mumkin emas. Jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil etmasdan turib shug’ullanishi mumkin bo’lgan faoliyat turlari ro’yxatida, jumladan quyidagilar sanab o’tilgan:
- Repititorlik xizmatlari
- Tarjima xizmatlari, tahrir xizmatlari
- Reklamani ishlab chiqish va joylashtirish
- Muqovalash ishlari
- Tashrif qog’ozlari va taklifnomal biletlarini tayyorlash va bosish
- Tantanali marosimlarni tashkil etish xizmatlari (to’y, yubiley, tug’ilgan kun va hokazolar)
- Mol so’yish xizmatlari
- Videoga olish va fotosuratga olish xizmatlari
***
2011-yil 12-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 11-sonli “O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi ‘Ma’naviyat va ma’rifat’ markazini tashkil etish to’g’risida” qaror qabul qildi. Mazkur qarorga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi ma’naviyat targ’ibot markazi hamda O’zbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati Markaziy Kengashining Toshkent shahridagi “Yoshlik” talabalar shaharchasidagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi O’zbekiston Respublikasi O’liy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markaziga aylantirish yo’li bilan qayta tashkil etildi. Qarorga binoan, quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- Oliy, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida va talabalar (o’quvchilar)ning turar joylarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borish;
- Ta’lim tizimiga ma’naviy-axloqiy tarbiyaning samarali uslublarini joriy etish, o’quvchi yoshlarning dam olishini tashkil etishga metodik yordam ko’rsatish hamda ularning ma’naviy va uyg’un kamol topishi bilan bog’liq qiziqishlarini ro’yobga chiqarishga ko’maklashish;
- Yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzi tamoyilllarini qaror toptirish, ularni giyohvandlikdan, axloqsizlikdan, ekstremistik markazlarning chetdan kirib kelayotgan halokatli ta’sirlari va tahdidlaridan hamda saviyasi past “ommaviy madaniyat”ning, reaksion mafkuralar va shiorlarning halokatli ta’siridan himoya qilish, sog’lom avlodni voyaga yetkazish chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish;
- Yoshlar o’rtasida ommaviy axborot-tushuntirish ishlarini va huquqiy targ’ibotni tizimli asosda tashkil etish.
One Comment