Fuqarolik va oila huquqi

Xotinining roziligisiz mashinani sotish natijasida xaridorga yetkazilgan zararni kim to’laydi?

Savol: Notarius avtomashinani oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlaganda, sotuvchining xotinining roziligisiz tasdiqlab bergan. Natijada sotuvchining xotini sud orqali da’vo ariza bergan. Sotilgan avtomashina ustidan notarial harakatlar olib borilishiga ta’qiq solingan. Natijada avtomashinani oluvchi mashinadan erkin foydalana olmagan. Ijara, garov, oldi-sotdi shartnomalarni tuzishda o’zi xohlamagan holda huquqi cheklab qo’yilgan holatda moddiy va ma’naviy zararni undirish tartibi qanday?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko’ra, g’ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga etkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga etkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

1017-moddaning 1-bandiga ko’ra, tovarning (ishning, xizmatning) konstruktiv, retsepturaviy yoki boshqa nuqsonlari oqibatida, shuningdek tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot noto‘g‘ri yoki etarli emasligi oqibatida fuqaroning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxsning mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi yoki tayyorlovchi (ijrochi) tomonidan, ularning aybidan va jabrlanuvchi ular bilan shartnoma munosabatlarida bo‘lgani yoki bo‘lmaganidan qat’i nazar, qoplanishi lozim.

Mazkur holatda, notarius idorasi xizmat ko’rsatuvchi, ya’ni hujjatlarni tayyorlab, tasdiqlovchi ijrochi tomon hisoblanadi.  Firmaning aybi bo’lishi bo’lmasligidan (firmadagi bir xodimning noqonuniy harakati tufayli bo’lishi mumkin), ishning (xizmatning) nuqsoni oqibatida etkazilgan zararni ishni bajargan yoki xizmatni ko‘rsatgan shaxs (ijrochi), mazkur holatda notarius idorasi) tomonidan qoplanishi lozim (1018-moddaning 2-3-bandlari).

1021-moddaga ko’ra, ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybi bo‘lgan taqdirda, zarar etkazuvchi tomonidan qoplanadi. Ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi (1022-modda).

Ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga etkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari e’tiborga olinishi lozim. Jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyati ma’naviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi.

Ma’naviy zarar to‘lanishi lozim bo‘lgan mulkiy zarardan qat’i nazar qoplanadi.

Demak, sizning aybingiz bo’lmagan holda sizga shartnoma munosabatlarida notarial xizmatni ko’rsatuvchi idora tomonidan zarar yetkazilgan. Siz mazkur idoradan avtomashinadan erkin foydalana olmayotganingiz natijasida sizga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirishni so’rab, mazkur idora joylashgan tuman fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilishingiz lozim.

Yetkazilgan moddiy zararni hisoblashda, avtomashinadan foydalanishga qo’yilgan cheklov tufayli boshqa transport vositalaridan o’zingiz va oilangizning foydalanishi uchun ketgan xarajatlar kunlik hisobini mazkur cheklov o’rnatilgan kundan boshlab o’tgan kunlarga ko’paytirasiz. Bundan tashqari, avtomashinadan foydalana olmaganingiz tufayli siz undirishingiz mumkin bo’lgan ijara yoki ish haqi, biznes daromadi kabi boy berilgan foyda miqdorini ham o’tgan kunlar soniga ko’paytirasiz. Ma’naviy zararni hisoblashda, avtomashinadan foydalana olmaganlik tufayli sizga, oilangizga yetkazilgan tashvish hamda jamiyatda sizning obro’yingizga yetkazilgan salbiy ta’sirni o’zingiz ma’lum bir summa miqdorida belgilaysiz. Ma’naviy zararning da’vosi uchun qonunchilikda chegara qo’yilmagan.

Mazkur notarius idorasi esa, agar sudda o’zining aybsizligini isbotlagan taqdirda yoki aynan bir xodimning aybi tufayli yetkazilgan taqdirda, Fuqarolik kodeksining 1001-moddaga ko’ra, sizga to’lagan zarar miqdorini aybdor shaxslardan regress huquqiga asosida undirib oladi.

Comments are closed.