Savol: Meni bir qo’shnim Turkiyaga bola tug’ib berish sharti bilan olib keldi va agar bola tug’ib bersam O’zbekistonga qaytib kelgach menga ikki xonali kvartira olib berishi va mabodo ish ko’ngildagidek bo’lmasa, hech qanday da’vosi bo’lmasligi hamda barcha xarajatlarni qoplashi to’g’risida onamga tilxat yozib berdi.
Turkiyaga yetib kelgach boshqa odamlar (turklar) qo’liga berib yubordi. Turklar pasportimni ham olib qo’ydi, orada pasportim yo’qolib ham ketdi. Majburiy boshqa tanimagan odamlar uchun menga sun’iy ravishda urug’ qo’yib, homilador qilishmoqchi bo’lishdi. Ammo urug’ tushib ketdi. Shundan so’ng mening mazam bo’lmay, juda ko’p qon yo’qotdim. Men u odamlarning xizmatkoriga aylandim. So’ng ular meni uydan haydab yuborishdi, ko’chada qoldim. Bir yaxshi insonning yordami bilan kasalxonada da’volandim va hozir uning uyida turibman, u odamdan kasalxona xarajatlari uchun ancha pul qarzdorman. Hozir men qanday qilib O’zbekistonga keta olaman, meni shu holga solganlarga jazo bormi?
Javob: Masalaning ikkita yechimi bor. Birinchi yo’li, Turkiyadagi politsiya idorasiga borib, barcha sodir bo’lgan voqealarni aytib berish. Ushbu holatda Turkiya politsiyasi sizga zarar yetkazgan shaxslarni topib, ular ustida jinoiy ish ochadi. Sudda ular aybdor deb topilsa, sizga yetkazilgan barcha moddiy va ma’naviy zarar undirib beriladi.
Ikkinchi yo’li, O’zbekiston Resbpublikasining Turkiyadagi elchixonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat qilib, odam savdosi qurboni bo’lganligingizni aytish. Elchixona O’zbekistonga qaytishingiz uchun tegishli hujjatlaringizni va samalyotga bilet tayyorlab beradi. O’zbekiston Respublikasi “Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida” gi qonunining 7-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
- O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari odam savdosiga qarshi kurashish sohasida:
- odam savdosidan jabrlangan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishadi,
- odam savdosidan jabrlanganlarni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishga ko‘maklashadi, ularda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda ularning shaxsini aniqlash choralarini ko‘radi hamda ularga konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlarni undirmasdan O‘zbekiston Respublikasiga qaytish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtiradi;
- zarur bo‘lgan hollarda chet davlatlarning tegishli vakolatli organlariga O‘zbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari haqida ma’lumotlar taqdim etadi;
- odam savdosidan jabrlanganlarga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot taqdim etadi.
Shuning uchun, O’zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixona va konsullik muassasalariga borib/bog’lanib bo’lib o’tgan voqealarni hammasini qo’rqmasdan, biror ma’lumotni yashirmasdan aytib bering.
Mana bu manzilga murojaat qiling:
O’zbekiston Resbuplikasining Turkiyadagi Elchixonasi
Sancak Mah. 549. Sok. No:3 Cankaya/Ankara 06550
Telefon: (+90) (312) 441 38 71
E-mail: info@uzembassy.org.tr
Yoki O’zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Bosh konsulligiga:
Sehit Halil Ibrahim Caddesi, No 23 Istinye Istanbul Turkey
Telefon: (+90) (212) 229 00 75
E-mail: joha772004@mail.ru
Pasportingiz yo’qotilganligi sababli, elchixona O’zbekistonga qaytishingiz uchun qaytish sertifikatini tayyorlab beradi. Bunday sertifikat olish uchun siz quyidagi hujjatlarni taqdim qilishingiz kerak:
• Mahalliy politsiya bo’limidan pasportingizni yo’qotganligingiz haqida ma’lumotnoma;
• 3×4 cm hajmdagi 2 nusxa fotosurat;
• Shaxsni tasdiqlash uchun anketa-arizasini to’ldirasiz;
• (agar mavjud bo’lsa) eski pasportingizning kopiyasi.
Odam savdosi qurboni bo’lganligingiz uchun ushbu xizmatlarni ko’rsatish uchun elchixona sizdan hech qanday pul olmasdan, barchasini tekinga amalga oshiradi.
Odam savdosi qurbonlariga tibbiy, ruhiy, moliyaviy va ijtimoiy yordam ko’rsatish uchun “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo’yicha Respublika Reabilitatsiya Markazi” tashkil etilgan. O’zbekistonga qaytgach, ushbu Reabilitatsiya Markazining xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin. Ushbu Markaz:
- odam savdosi jabrdiydalarining kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi;
- odam savdosi jabrdiydalarining shaxsiy hayoti va shaxsi maxfiyligiga rioya qiladi;
- ijtimoiy va yuridik qo‘llab-quvvatlash hamda yakka tartibda parvarish qiladi.
Shuningdek, Markazning vazifalari quyidagilar:
- odam savdosi jabrdiydalarini qulay yashash va shaxsiy gigiena shart-sharoitlari, shuningdek oziq-ovqat, dorivor vositalar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash;
- odam savdosi jabrdiydalariga kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa yordam ko‘rsatish;
- odam savdosi jabrdiydalari xavfsizligini ta’minlash;
- odam savdosi jabrdiydalarining qarindoshlari bilan muloqot o‘rnatishida ko‘maklashish;
- odam savdosi jabrdiydalariga, ularning qarindoshlariga va vasiylariga odam savdosi jabrdiydalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risida axborot berish;
- odam savdosi jabrdiydalarini ijtimoiy reabilitatsiya qilishda ko‘maklashish.
Qonunga ko’ra, Sud tomonidan odam savdosida aybdor deb topilgan shaxslar odam savdosidan jabrlanganlarning ta’minoti va ularni reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini to‘liq hajmda qoplaydi.
Qo’shningizning sodir etgan xatti-harakatlari O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi-odam savdosi jinoyati bilan jazolanishi mumkin.
Ushbu moddaning 1-qismida odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deyiladi. Qo’shningiz sizdan foydalanish maqsadida yollaganligi, Turkiyaga olib borib, boshqa shaxslar qaramog’iga topshirganligi moddadagi tashish, topshirish, sizni ahvolingiz haqida militsiya xodimlari yoki O’zbekiston Respublikasining Turkiyadgai elchixona va konsullik muassasalariga xabar bermaganligi, pasportingizni olib qo’yganligi moddadagi yashirish harakatlariga to’g’ri keladi. Bundan tashqari, qo’shningizning harakatlari 135-moddaning 2-qismi “a” bandi “o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali”; “e” bandi “bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib”; ”z” bandi “jabrlanuvchini O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib o‘tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda; pasportingizni olib qo’yib, yo’qotib yuborganligi uchun”; “i”bandi “qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘ygan, yashirgan yoxud yo‘q qilib yuborgan holda”; agar so’g’lig’ingizga yetkazilgan zarar boshqa og’ir oqibatlar tarkibiga kirishi isbotlansa, 3-qismi “b” bandi “jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa” bandlari bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi. Eslatib o’tamiz, ushbu moddaning birinchi qismidan tashqari qo’shilgan har bir qism va undagi bandlar jazoni o’g’irlashtiruvchi holat hisoblanib, aybdor deb topilgan shaxs va shaxslarga qattiqroq jazo berilishiga sabab bo’ladi.
Qo’shningiz va u bilan hamkorlarga nisbatan jinoiy ish ochilganda, onangizga yozib qoldirilgan tilxatni ham dalil sifatida ko’rsating.
_____________________________________________________________________________________
Jinoyat kodeksi 135-modda Odam savdosi jinoyatining to’liq matni:
Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali;
b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan;
g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan;
d) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
e) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
j) xizmat mavqeidan foydalangan holda;
z) jabrlanuvchini O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib o‘tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda;
i) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘ygan, yashirgan yoxud yo‘q qilib yuborgan holda;
k) kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko‘chirish (transplantat) maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa;
b) jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa;
v) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
sakkiz yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
One Comment