Fuqarolik huquqi

Xorijdagi fuqarolar konsullik ro’yxatidan o’tishi shartmi?

Savol: Chet eldagi O’zbekiston fuqarosi o’zi turgan joydagi tegishli konsullik idorasidan ro’yxatdan o’tmasa, unga nisbatan biror javobgarlik bormi? Ro’yxatdan o’tish majburiymi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining 1997-yil 4-iyundagi “Xorijdagi O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro’yxatdan o’tkazish va hisobga olish tartibi to’g’risida” gi yo’riqnomasiga binoan xorijdagi O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro’yxatga olish munosabatlarini tartibga solish maqsadida quyidagilar belgilangan:

Xorijdagi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari o’sha davlat joylashgan konsullik okrugidagi O’zbekiston Respublikasi konsulligida ro’yxatdan yoki hisobdan o’tadi.

Xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari konsullikdan ro’yxatdan o’tadi va ro’yxatdan o’tishni qayd qilish uchun tegishli davlat boji undiriladi.

Xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari konsullik ro’yxatidan o’tishda ularning pasportiga hisobga olinganlik to’g’risida ro’yxatga olgan konsullik nomi va manzili, sana va hisobga oluvchi shaxs imzosi yozilgan belgi qo’yiladi.

Xorijda olti oydan ko’p muddat ish yuzasidan yoki shaxsiy tashrif yuzasidan hozir bo’lgan  O’zbekiston fuqarolari konsullik idorasida ro’yxatga olinadi va ushbu shaxslar pasportiga hech qanday belgi qo’yilmaydi.

Ushbu yo’riqnomada ta’kidlangan xorijdagi doimiy hamda vaqtincha yashovchi O’zbekiston fuqarolarining konsullik ro’yxatidan o’tmasligi hech bir moddiy, fuqarolik, ma’muriy yoxud jinoiy javobgarlik keltirib chiqarmaydi.

Xorijdagi fuqaroni konsullik ro’yxatidan o’tishi u haqdagi ma’lumotning konsullikda saqlanib turishini ta’minlaydi. Ammo  konsullik idorasi xorijdagi fuqaroga konsullik ro’yxatidan o’tmagani uchun biror konsullik xizmatini ko’rsatishdan  yoxud fuqaroning huquqlarini amalga oshirishdan (pasport olish, almashtirish, tug’ilganlik to’g’risida guvohnoma olish) bosh tortishga haqli emas.

Konsullik idorasida ro’yxatda turgan xorijdagi fuqarolar konsullik xizmatlaridan foydalanishda ular haqidagi barcha ma’lumotlar konsullik idorasida saqlanganligi bois murojaatlarining tezroq qondirilishiga erishishi mumkin. Shuningdek, konsullik idorasida ro’yxatda turmagan fuqaroning konsullik xizmatlaridan foydalanishida u haqidagi ma’lumotlarning konsullik idorasida mavjud emasligi bois murojaatlarining kechroq qondirilishiga sabab bo’lishi mumkin. Chunki konsullik idorasida ro’yxatda turmagan fuqaro haqidagi ma’lumotlarni surishtirish, yig’ish vaqt olishi mumkin. Konsullik idorasida ro’yxatda turmagan fuqaro konsullik xizmatlaridan foydalanishni so’rab konsullikka murojaat qilganda bir yo’la ro’yxatga olinadi.

O’zbekiston Respublikasining xorijdagi doimiy yashovchi yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining ro’yxatga olinishi, avvalambor, fuqarolar manfaatlarini ko’zlagan holda O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga hisobot berish uchun, O’zbekiston Respublikasi xorijdagi fuqarolari soni/foizini aniqlash uchun, xorijdagi fuqarolarga konsullik xizmatlarini ko’rsatishda yengillik yaratish uchun amalga oshiriladi. Xorijdagi fuqarolar ro’yxatining yurgizilishi O’zbekiston Respublikasida saylovlar o’tkazilayotganda va boshqa shunga o’xshash muhim statistik ma’lumotlar sarhisob qilinayotganda muhim manba hisoblanadi. Shuning uchun xorijdagi O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining konsullik idorasi ro’yxatidan o’tishi qattiq tavsiya qilinadi.

Comments are closed.