Savol: Chet eldagi fuqorolar elchixona orqali pasport almashtirishi mumkinmi? Ko’p hollarda elchixona o’sha fuqoroni o’zi O’zbekistonga borib almashtirishini aytmoqda, fuqoroning chet eldan turib elchixona orqali pasport almashtirish huquqi bormi?
Javob: “Xorijdagi O’zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga pasport berish va almashtirish Tartibi” ga ko’ra, xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari O’zbekiston Respublikasining ular yashayotgan mamlakatdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalaridan yangi pasport olishlari yoki pasportlarini almashtirishlari mumkin.
Pasport olish uchun xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston fuqarolari diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlarni topshirishi kerak:
belgilangan ariza;
oldin mavjud bo’lgan pasport;
tug’ilganlik haqida guvohnoma (16 yoshga to’lib, ilk bor pasport oluvchilar uchun);
35×45 mm o’lchamidagi oq-qora yoki rangli ikkita fotosurat;
zarur hollarda, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
O’zbekiston Respublikasida o’rnatilgan qonunchilikka ko’ra, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga yangi pasport berishlari va pasportlarini almashtirishlari lozim. Bundan tashqari, xorijda tahsil olayotgan O’zbekiston Respublikasining talaba fuqarolari ham xorijdagi elchixona orqali pasportlarini almashtirishi mumkin.
Agar diplomatik vakolatxona yoki konsullik muasasasi fuqaroga O’zbekistonga borib yangi pasport olishi yoki pasportini almashtirishini aytayotgan bo’lsa, mazkur diplomatik vakolatxona yoki konsullik muasasasida pasport berish va pasport almashtirish yuzasidan muammolar yoki kamchiliklar mavjud bo’lishi mumkin. Pasport berish yoki pasport almashtirishni rad etish sababini ularning o’zidan so’rash lozim. Ammo, shuni ta’kidlash lozimki, xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijdan turib O’zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari orqali yangi pasport olish yoki pasportni almashtirish huquqi mavjud.
12 Comments