Fuqarolik huquqi

Xorijda tug’ilgan bolaga qayerdan guvohnoma olinadi?

Savol: Men va ayolim O’zbekiston fuqarosimiz, green cart orqali AQShga kelganmiz.Farzandim shu yerda tug’uldi va yaqunda farzandimizni qaynonam bilan O’zbekistonga jo’natdik, albatta vatanga qaytish guvohnomasi bilan. Hozirgi vaqtda qizimga O’zbekistondan tug’ilganlik haqida guvohnoma ololganimiz yo’q. Ota-onasi bo’lmasa, guvohnoma berisha olmasligini aytishyapti. Farzandimga qay tartibda tug’ilganlik haqidagi guvohnomani olishimiz mumkin.

Javob: Oila kodeksining 205-moddasiga ko‘ra bolaning tug‘ilishi bir oy ichida u tug‘ilgan joyda yoki  ota-onaning doimiy yashash joyida fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etish organlari tomonidan ro‘yxatga olinadi. Shu kodeksning 201-moddasi 1-bandiga muvofiq, rayon va shaharlarda bu holatni qayd etish FXDYo bo‘limi tomonidan, 3-bandiga muvofiq esa xorijda vaqtincha va doimiy yashayotgan fuqarolarning bu holatini qayd etish konsullik bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining chet elda  doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish konsul tomonidan amalga oshiriladi. Konsul vaqtincha bo‘lmaganda bu narsa konsul tomonidan vaqtincha tayinlangan konsullikning mansabdor shaxsi tomonidan qayd etiladi. Bola tug‘ilganligi haqidagi ariza  ota-ona yoki ulardan biri tomonidan berilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qaroriga 1-ilova sifatida qabul qilingan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”ning 38-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda tug‘ilgan va uning tug‘ilganligi konsullik muassasasi tomonidan qayd etilmagan taqdirda, tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi ota-onaning yoki ulardan birining O‘zbekiston Respublikasida yashab turgan joyidagi FHDYo organi tomonidan, belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan xorijiy davlatning vakolatli organlari tomonidan berilgan bola tug‘ilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan keyin qayd qilinadi.

Bundan tashqari, qaynonangizga rasmiy ishonchnoma berish orqali, qaynonangiz farzandingizga tug’ilganlik to’g’risida guvohnoma olish uchun ariza yozishi mumkin. Ishonchnomani xorijdagi O’zbekiston Respublikasi konsulligida rasmiylashtirishingiz mumkin.

Demak, siz va turmush o’rtog’ingiz AQShda doimiy yashovchi shaxs bo’lganingiz uchun farzandingizga tug’ilganlik guvohnomasini O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi yoki konsulligidan olishingiz lozim. Buning uchun AQShdagi shtat tomonidan berilgan tug’ilganlik guvohnomasini apostil qilish talab etiladi. Yoki qaynonangizga sizning nomingizdan harakat qilishi uchun ishonchnoma berishingiz va qaynonangiz O’zbekistonda ishonchnoma orqali farzandingizga tug’ilganlik to’g’risida guvohnoma olish uchun murojaat qilishi mumkin.

Comments are closed.