Jinoyat va ma'muriy huquq

Xorijda olingan haydovchilik guvohnomasi O’zbekistonda o’tadimi?

Savol: O’zbekistonda haydovchilik guvohnomasi olish uchun Qozo’giston yoki Rossiya davlatlaridagi avto maktablarda olingan guvohnoma asosida imtihon topshirsa bo’ladimi? Yoki O’zbekistonda ro’yxatdan o’tgan hududda o’qishi shartmi? O’zbekistonga atigi bir oyga boradiganlar qanday qilib haydovchilik guvohnomasi olishi mumkin? Chet elda yoki MDH davlatlarida olingan haydovchilik guvohnomasi O’zbekistonda ham o’tadimi?

Javob: O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-avgustdagi 156-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug`ullanuvchi ta’lim muassasalarini hisobga olish, imtihonlarga ruxsat berish va ularni o`tkazish, haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 77, 78, 79-bandlarida xalqaro haydovchilik guvohnomalari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalari  va ularni almashtirish tartibi to`g`risidagi qoidalar ko`rsatib o`tilgan.

Xalqaro haydovchilik guvohnomalari O`zbekiston Respublikasi hududida avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi. Yo`l harakati to`g`risidagi konvensiya (Vena, 1968-yil 8-noyabr) talablariga javob beradigan milliy haydovchilik guvohnomalari O`zbekiston Respublikasi hududida ularning belgilangan tartibda tasdiqlangan tarjimasi mavjud bo`lganda haqiqiy hisoblanadi.

Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning hamda O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalarini almashtirishdan oldin ular YHXBB orqali Tashqi ishlar vazirligida tekshiriladi. Tekshirish natijasida tasdiqlangan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari, ular tibbiy ko`rikdan o`tib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so`ng, O`zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtiriladi.

Yuqoridagilardan xulosa qilsak, xalqaro haydovchilik guvohnomasi O`zbekiston Respublikasi hududida avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi. Faqat ular tegishli tartibda notarial idoralarida tarjima qilinishi kerak.

Boshqa davlatlardan olingan haydovchilik guvohnomasi, shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalari O`zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirilishi kerak. Buning uchun taqdim etilgan haydovchilik guvohnomalari oldin YHXBB orqali Tashqi ishlar vazirligida tekshiriladi. Tekshirish natijasi ijobiy chiqsa, ushbu shaxslar tibbiy ko`rikdan o`tib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishlari kerak bo`ladi. Nazariy va amaliy imtihonlarni “O`zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug`ullanuvchi ta’lim muassasalarini hisobga olish, imtihonlarga ruxsat berish va ularni o`tkazish, haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 41-bandiga binoan, hududiy YHXB RIB (TRIB)larining komissiyalari qabul qiladi. Ushbu imtihondan muvafaqqiyatli o`tgan shaxslar o`z haydovchilik guvohnomalarini O`zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirishlari mumkin.

Demak, chet eldan haydovchilik guvohnomasiga ega bo’lgan shaxslar uni O’zbekiston  haydovchilik guvohnomasiga almashtirishda haydovchilik maktabida qayta o’qishi shart emas. Faqat nazariy va amaliy imtihonni topshirsa kifoya qiladi.

Birinchi marotaba haydovchilik guvohnomalarini olish uchun murojaat qilgan barcha xorijiy fuqarolarga haydovchilik guvohnomalarini berish “O`zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug`ullanuvchi ta’lim muassasalarini hisobga olish, imtihonlarga ruxsat berish va ularni o`tkazish, haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to`g`risida”gi Nizomda nazarda tutilgan umumiy qoidalar asosida amalga oshiriladi.

3 Comments