Savol: 1994 – 2001-yillar mobaynida Tojikiston Davlat Milliy Universiteti “Iqtisodiyot va boshqarish” fakultetini tugatib, iqtisodchi mutaxassisligini olganman. Chet davlatda o’qib olingan diplomlarni nostrifikatsiya qilish jarayoni qanday bo’ladi? Nostrifikatsiya qilish yuzasidan biror imtiyozlar mavjudmi?
Javob: Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida Nizomga ko’ra, xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus va oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) hamda tegishli guvohnoma berish bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tarkibidagi Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus va oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va ularning ekvivalentligini qayd etish haqidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining asl nusxasi (o‘tilgan o‘quv kurslari va ularning hajmi, yakuniy baholar, amaliyot, kurs va bitiruv malaka ishlari ro‘yxati, o‘quv jarayonining boshqa bajarilgan talablari ko‘rsatilishi lozim);
ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi.
Boshqarma ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan o‘quv yurtining o‘sha davlatda tegishli ro‘yxatda (legalizatsiya ro‘yxatida) borligini tekshirib, hujjatning ilovasida ko‘rsatilgan fanlar va maxsus kurslar O‘zbekiston Respublikasida ushbu yoki unga turdosh yo‘nalishdagi mutaxassisliklar bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturiga mos kelish-kelmasligini (asosan mutaxassislik fanlari bo‘yicha) aniqlaydi va eng ko‘pi bilan bir oy muddatda tegishli qarorini chiqaradi. Boshqarma lozim bo‘lgan hollarda tegishli o‘quv yurti, mahalliy va xorijiy tashkilotlardan aniqlashtiruvchi hujjatlarni so‘rab olishi mumkin.
Ariza beruvchi, shuningdek o‘z tayyorgarligi haqida boshqa hujjatlarni, jumladan, ta’lim olishning keyingi darajalari, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish mumkinligi, amaliy tajriba haqida hujjatlarni ham taqdim etishga haqlidir. Tan olish va ekvivalentligini qayd qilish uchun zarur bo‘lgan materiallar O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimalari bilan taqdim etiladi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish jarayoniga qo‘yiladigan talablar
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish jarayoni xalqaro bitimlar va tavsiyalar, O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimining davlat ta’lim standartlari, me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni tan olish uchun:
ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni bergan ta’lim muassasasi o‘zi joylashgan davlatning vakolatli organlari tomonidan tan olingan bo‘lishi;
ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda tan olingan bo‘lishi;
ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning tan olinishi O‘zbekiston Respublikasi bilan davlatlararo bitimlarda ko‘zda tutilgan (kooperatsiya usuli yoki maqsadli o‘qitish yo‘li bilan olingan ta’lim bundan mustasno) bo‘lishi zarur.
Ariza beruvchining hujjatlarini ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish muddati barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab bir oydan oshmasligi kerak.
O‘quv rejalaridagi tafovutlarni topshirish yoki maxsus sinovlardan o‘tish muddati ariza beruvchining roziligi bilan belgilanadi. Sinovlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun talab etiladigan vaqt hujjatlarni ko’rib chiqish va qaror qabul qilish muddatiga (bir oy) kirmaydi.
O‘rta maxsus va oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va ekvivalentligini qayd qilish to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. To‘lov miqdori amaldagi belgilangan eng kam ish haqi miqdorida belgilanadi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida Yuqoridagi qoidalardan boshqa qoida belgilanmagan va boshqa imtiyozlar o’rnatilmagan.
Saqlab oling: Nostrifikatsiyadan o’tkazish uchun topshiriladigan ariza blankasi
2 Comments