Savol: Mendan chet elda chet el fuqoralari shaxsiy narsalarimni, jumladan ikkita telefon va pasportimni tortib olib, meni urib, uyida qamab qo’ydi. Keyin ular meni bir oy uyida ishlatib, pasportimni berib, qaytarib yubordi. Telefonlarimni qaytib bermadi. Shu telefonlarimni qanday qaytarib olsam bo’ladi. Mazkur ishlar uchun O’zbekistonda turib ularga qanday jazo qo’llasa bo’ladi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 11-moddasiga ko’ra, quyidagi hollarda jinoyatlarni O’zbekistonda javobgarlikka tortish mumkin:
O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etgan shaxs ushbu Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.
Qilmish:
a) O‘zbekiston hududida boshlangan, tamomlangan yoki to‘xtatilgan bo‘lsa;
b) O‘zbekiston hududidan tashqarida sodir etilib, jinoiy oqibati esa, O‘zbekiston hududida yuz bergan bo‘lsa;
v) O‘zbekiston hududida sodir etilib, jinoiy oqibati esa, O‘zbekiston hududidan tashqarida yuz bergan bo‘lsa;
g) bir necha qilmishlardan iborat yoki boshqa qilmishlar bilan birgalikda sodir etilgan bo‘lib, uning bir qismi O‘zbekiston hududida yuz bergan bo‘lsa, O‘zbekiston hududida sodir etilgan jinoyat deb topiladi.
O‘zbekiston bayrog‘i ostidagi yoki O‘zbekiston portida ro‘yxatga olingan havo, dengiz yoki daryo kemasida O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lib, chet el davlati hududi hisoblanmagan joyda jinoyat sodir etilsa, bunday jinoyat uchun ushbu Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.Amaldagi qonunlar, xalqaro shartnomalar yoki bitimlarga muvofiq chet el fuqarolarining javobgarligi to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasi sudlariga tegishli bo‘lmasa, ular O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etgan holda, xalqaro huquq normalariga muvofiq hal qilinadi.
12-moddaga ko’ra esa, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, basharti boshqa davlat hududida sodir etgan jinoyat uchun o‘sha davlat sudining hukmi bilan jazolangan bo‘lmasalar, ushbu Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar.
O‘zbekiston fuqarosi chet el davlati hududida sodir etgan jinoyati uchun, agar xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushlab berilishi mumkin emas.
Chet el fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston hududida doimiy yashamaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston hududidan tashqarida sodir etgan jinoyatlari uchun faqat xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda nazarda tutilgan hollardagina ushbu Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar.
Savoldagi holat majburiy mehnat va odam savdosi tashkil etganligi uchun odam savdosiga qarshi xalqaro hamkorlikka va O’zbekiston Respublikasining mazkur xorijiy davlat bilan o’rnatgan xalqaro shartnomalariga bog’liq. Mazkur holat bo’yicha odam savdosiga qarshi davlatning mas’ul organlariga, jumladan Ichki ishlar bo’limi va qo’shimcha ravishda odam savdosiga qarshi kurashish bilan shug’ullanadigan nodavlat tashkiltolarga, masalan, Istiqbolla Avlodga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.