Fuqarolik huquqi

Xorijda besh yil yashagan shaxs fuqaroligini yo’qotadimi?

© Photo Kazis Toguzbaev (RFE/RL)

Savol: Yaqinda odamlar orasida chet elga chiqib ketgan va 5 yil davomida O’zbekistonga biror marta kelmagan odamlarning fuqaroliklari olib qo’yilarmish degan gap tarqaldi. Albatta, bu gaplar asossiz mish-mish bo’lsa kerak deb o’ylayman. Lekin umuman olganda, uzoq vaqt chet elda yurgan fuqarolar uchun biror xavf bormi?

Javob: “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g’risida”gi Qonuning 21-moddasida fuqarolikni yo’qotish holatlari haqida yozilgan bo’lib, unga ko’ra, quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi boy beriladi:

1) shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirganligi natijasida;

2) agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

3) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yolg‘onligi shak-shubhasiz ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa.

Yuqoridagi holatlarda fuqarolik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 20-noyabrdagi Farmoniga binoan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida Nizomning IV bo’limiga ko’ra, agar chet elda doimiy yashovchi shaxs 5 yil mobaynida uzrli sabablarsiz konsullik muassasalarida fuqarolik hisobidan o‘tmagan bo’lsa, konsullik muassasalari bu haqda Tashqi ishlar vazirligiga ma’lumot yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi o‘z xulosasi bilan bu materiallarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga yuboradi. Komissiya taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun taklif kiritadi.

Shu yerda bir savol tug’iladi: Agar fuqaro chet elda konsullik ro’yxatidan o’tmagan bo’lsa, konsullik bu shaxs haqidagi ma’lumotlarni qayerdan oladi, qaysi materiallarni komissiyaga yuboradi? Bu savollarga Nizomda javob berilmagan.

5 yillik muddat to‘g‘risidagi qoida 16 yoshga yetmagan shaxslarga taalluqli emas. Konsullik muassasasi rahbari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining o‘z vaqtida konsullik hisobidan o‘tmaganligi sabablari uzrli yoki uzrli emasligini vaziyatga qarab mustaqil baholaydi.

Demak, fuqarolikning to’xtatilishi uchun quyidagi uch sabab bo’lishi kerak:

  1. Chet elda doimiy yashovchi shaxs bo’lishi (“PMJ”ga ega bo’lish, “Permanent Resident” bo’lish);
  2. Chet elda  doimiy yashovchi shaxs sifatida 5 yildan ortiq yashagan bo’lishi;
  3. Chet elda doimiy yashovchi shaxs sifatida 5 yildan ortiq yashash davomida o’sha davlatdagi O’zbekiston elchixonasi yoki konsullik muassasasida ro’yxatdan o’tmagan bo’lishi.

5 yildan ortiq chet elda bo’lgan va uzrsiz sabablarga ko’ra konsullik muassasasida ro’yxatdan o’tmagan O’zbekiston fuqarolarining ishi fuqarolikdan mahrum qilish masalasi ko’rib chiqilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga yuboriladi. Agar prezident fuqarolikni bekor qilish haqida qaror qabul qilsa, shaxsning fuqaroligi to’xtatiladi.

Ammo Nizom IV bo’limi 4-bandi mujmal va tushunarsiz bo’lib, unga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum bo‘lish to‘g‘risidagi masala shaxsga buning sabablari va vaziyatlari to‘g‘risida ma’lum qilingandan keyingina ko‘rib chiqilishi mumkin. Uni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaror ana shu sabab va vaziyatlarga asoslanib qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni chiqqan kundan boshlab haqiqiy hisoblanadi.

Ushbu banddan tushunishimiz mumkinki, fuqarolikdan chiqarish masalasi shaxsga buning sabablari va vaziyatlari to’g’risida ma’lum qilingandan keyin ko’rib chiqiladi.

Demak, sizga fuqarolikdan chiqarilishingiz mumkinligi to’g’risida xabar yuborilmaguncha va buning sabablari va vaziyatlari tushuntirilmaguncha, fuqarolikni yo’qotish to’g’risida xavotirlanmasangiz bo’ladi. Ammo barcha xorijda yurgan fuqarolarga O’zbekiston elchixonasi yoki konsullik muassasalarida ro’yxatdan o’tishni tavsiya qilamiz.

O’QING: Xorijdagi fuqarolar konsullik ro’yxatidan o’tishi shartmi?

Agar O’zbekistondagi fuqarolikdan chiqarish amaliyotiga qaraydigan bo’lsak, fuqarolikdan chiqishni so’rab tegishli tartibda murojaat qilgan ko’plab shaxslarning hanuz bu borada prezident qarorini ololmayotganiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Fuqarolikdan chiqish uzoq vaqt oladigan jarayon bo’lgani bois xorijda 5 yildan ziyod yashagan va konsullik ro’yxatidan o’tmagan har bir fuqaro avtomatik tarzda fuqarolikni boy beradi, degan gap-so’zlar noto’g’ri.

2 Comments

  1. Yuqoridagi ma’lumotlar faqat bir tomonlama, ya’ni qonunda ko’rsatilgani asosida yozilgan. Amaliyot bilan umuman hamohang emas. Shu sabab, muallifning o’zi qonun normasida mujmallik bor deyapti. Bir muhim omilni aytib o’qish kerak. Agar O’zbekiston fuqarosi chet elga chiqayotganida pasportiga 2 yillik xorijga chiqish ruxsatnimasi (OVIR shampa) qo’ydirgan bo’lsa, bunday shahs chet elga vaqtincha turist bo’ladimi yoki doimiy yashashga (green card) chuqadimi Konsullikda ro’yxatga olinmaydi va 100 yil chetda yursa ham fuqaroligi saqlanib qoladi. Bunga oddiy yuridik sabab – fuqaroning pasportida haliyam O’zbekiston hududida yashayotganini tasdiqlovchi qaydnoma (propiska) mavjudligidir. Bunday shaxs Konsullikda ro’yxatdan o’tishga ruxsat berilmaydi va pasporti ham Konsullikda almashtirilmaydi, xorijda tug’ilgan farzandlariga biopasport ham berilmaydi. Agar fuqaro O’zbekistondan chiqib ketayotganida grin kartani qo’lga kiritganini asos qilib pasport bo’limida cheklanmagan muddatli chiqish ruxsatnomasi qaydnomasini (OVIR) O’zbek pasportiga urib berishlarini talab qilsa, mahalliy Ichki ishlar boshqamasi avvalo fuqaroni O’zbekiston hududidagi doimiy ro’yxatidan (propiska) chiqaradi va pasportiga muddati cheklanmagan OVIR vizasini qo’yib beradi. Bu fuqaro chet elga kelishi bilan 6 oy muddat ichiga Konsullik ro’yxatiga o’tishi shart. Bunga yuridik asos har bir fuqaroning O’zbekistonda yoki chet elda doimiy ro’yxatda (propiska) turishi majburiy ekanligidir. Konsullik ro’yxati xorijdagi doimiy “propiska” vazifasini o’taydi. Bunday shaxsga har 5 yilda yangi biopasport almashtirish Konsullik tomonidan bajariladi. Kimda-kim 6 oy ichida Konsullik ro’yxatiga o’tmasa, 5 yil doimiy yashash ro’yxatisiz (bez propiski) yurgani sababli O’zbekiston fuqaroligidan chiqarib yuborilishiga yuridik asos paydo bo’ladi. Lekin hech qachon avtomatik ravishda O’zbekiston fuqariligi yo’qotilmaydi. Hatto maxsus komissiya ham bunday qororlarni avtomatik hal qilmaydi. Amaliyotda aksincha bunday fuqarolikni yo’qotmaslik uchun doimiy ro’yxatga turish borasida juda ko’p eslatma beriladi. Xulosa shuki, O’zbekiston fuqaroligiga kirish deyarli imkonsiz ish bo’lganidek (agar fuqaro bo’lib tug’ilmagan bo’lsangiz), fuqarolikdan chiqish ham deyarli imkonsiz bir masala. Eng oddiy yechim, har kim xorijga grin karta bilan chiqayotgan bo’lsa, atigi 2 yillik chiqish ruxsatnomasini (OVIR) pasportiga bostirib, 10 yillab chetda yuraversin. Ancha yildan keyin vatanini sog’inib qarindosh urug’i ziyoratiga kelganida yangi bio pasport (muddati 10) va 2 yillik vizani qo’ydirib olaveradi. Toshkent aeroportida uchun kirayotganlarga OVIR muddati tugagani tufayli hech qanday muammo tug’dirilmaydi. Faqat muddati o’tgan biopasport uchun jarima to’laydi.

  2. Tuzatish: Toshkent aeroportida xorijdan qaytib kelayotgan fuqarolarga, uchib kirayotganlarga OVIR muddati tugagani tufayli hech qanday muammo tug’dirilmaydi. Faqat muddati o’tgan biopasport uchun jarima to’laydi Ichki ishlar boshqarmasida. Undan tashqari, qonunda “ota-onasi yoki ulardan biri O’zbekiston fuqaroligiga ega bo’lgan bo’lsa, xorijda tug’ilgan farzandiga O’zbekiston fuqaroligini beriladi” – deyilgan. Amalda esa mutlaqo boshqa jarayon. Chet elda tug’ilgan farzandning ikkala ota-onasi O’zbekiston fuqaeoligiga ega bo’lishi shart, aks holda go’dakka biopasport berilmaydi. Asos: O’zbekiston Respublikasining AQShdagi Konsullik veb sahifasi.