Savol: Xonadonlarga o’rnatiladigan elektr hisoblagich xonadon egasi talabi bilan qo’yiladimi yoki elektr idorasi tomonidan har bir xonadon uchun maxsus o’rnatiladimi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-son qaroriga 1-ilova “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga ko’ra, elektr energiyasi uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan hisob-kitob qilish uchun iste’molchilar majburiy tartibda elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan elektron hisobga olish priborlari bilan, 750 kVA va undan yuqori quvvatga ulangan iste’molchilar esa — elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan ko‘p funktsiyali elektron hisobga olish priborlari bilan ta’minlangan bo‘lishlari kerak.
Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlari ko‘rsatkichlarning buzilishidan, inson omilining ta’sirini mumkin qadar kamaytirgan holda axborotlardan ruxsatsiz foydalanilishidan kompleks himoya bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan birga ishlay oladigan elektron hisobga olish priborlari bo‘lmaganda hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlariga hamda iste’molchilar va subiste’molchilarning elektr tarmoqlariga ulanish taqiqlanadi.
Har bir xonadonga o‘rnatishdan tashqari, uy-joylarda uyning umumiy ehtiyojlari (zinapoyalarni yoritish, liftlar, nasoslarning ishlashi va hokazolar) uchun sarflanadigan elektr energiyasi bo‘yicha hisob-kitob qilish uchun hisobga olish priborlari o‘rnatiladi.
Hisobga olish priborlari, shuningdek hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan iste’molchilarning hisob-kitob qilishiga mo‘ljallangan elektr energiyasi va quvvatini hisobga olishning boshqa vositalari iste’molchining mablag‘lari hisobiga sotib olinadi, davlat qiyoslashidan o‘tkaziladi va o‘rnatiladi hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi va plombalanadi.
Hisobga olish (tok va kuchlanishni o‘lchash transformatorlarining ishdan chiqishi, shuningdek ikkilamchi kommutatsiya, hisobga olish priborlarining shikastlanishi va ularning yo‘qolishi) iste’molchining aybi bilan buzilgan taqdirda hisobga olish priborlarini almashtirish, ta’mirlash, davlat qiyoslashidan o‘tkazish va o‘rnatish, shu jumladan ulash bo‘yicha hududiy elektr tarmoqlari korxonasining xizmatlariga haq to‘lash iste’molchining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
Elektr energiyasini hisobga olish sxemasini o‘zgartirish yoki uning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday ishlarni bajarish uchun iste’molchi, ishlarni boshlashdan oldin, bu haqda hududiy elektr tarmoqlari korxonasini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Ishlarni bajarish davrida elektr energiyasi hisobi hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan kelishilgan vaqtinchalik sxemalar yoki hisob-kitoblar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
One Comment