Savol: Men davlat ishxonasida ishlayman. Meni ruxsatimsiz boshqa lavozimga o’tkazishlari mumkinmi va uning javobgarligi qanday bo’ladi?
Javob: O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 1-moddasi 3-qismida, mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda, shuningdek ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo`yicha ishlayotgan jismoniy shaxslarning mehnatga oid munosabatlari mehnat to`g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi ko`rsatilgan. Ushbu kodeksning 5-moddasida, mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning xodimlar ahvolini mehnat to`g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan shartlari haqiqiy emasligi belgilangan.
Qisqacha qilib aytganda, sizni boshqa lavozimga o`tkazish siz (xodim) bilan ish beruvchi o`rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi shartlarida ko`rsatib o`tilgan bo`ladi.
O`zb. Res. Mehnat kodeksi 88-moddasida mehnat shartnomasi shartlarini o`zgartirish tartibi ham belgilangan. Mehnat shartlari deganda mehnat jarayonidagi ijtimoiy va ishlab chiqarish omillarining jami tushuniladi.
Ijtimoiy omillar jumlasiga mehnat haqi miqdori, ish vaqtining, ta’tilning muddati va boshqa shartlar kiradi.
Texnika, sanitariya, gigienaga oid, ishlab chiqarish, maishiy va boshqa shartlar ishlab chiqarish omillari deb hisoblanadi.
Mehnat shartlari mehnat to`g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek, mehnat shartnomasi orqali taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.
Mehnat shartlarini o`zgartirish, ular qaysi tartibda belgilangan bo`lsa, shunday tartibda amalga
oshiriladi.
O`zb. Res. Mehnat kodeksi 92-moddasida boshqa doimiy ishga o`tkazish tartibi ko`rsatilgan. Unga ko`ra, boshqa doimiy ishga o`tkazishga (xodimning mehnat vazifalarini o`zgartirishga) — unga boshqa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yo`l qo`yilishi mumkin.
Agar obyektiv sabablarga ko`ra mehnat shartnomasida belgilab qo`yilgan mehnat vazifasi doirasida ishni davom ettirish mumkin bo`lmasa, ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni (xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq bo`lsa, mutaxassisligi bo`yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni), bunday ish bo`lmagan taqdirda esa, — korxonada mavjud bo`lgan boshqa ishni taklif etishi kerak.
Xodim boshqa ishga o`tishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish bo`lmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin.
Yuqorida qayd etilgan obyektiv sabablarga O`zb. Res.Mehnat kodeksi 100-moddasida belgilangan quyidagi bandlar kiradi.
1-bandi, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o`zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o`zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi;
2-bandi, xodimning malakasi yetarli bo`lmaganligi yoki sog`lig`i holatiga ko`ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo`lib qolishi;
6-bandi, korxona rahbari, uning o`rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo`lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilinganligi. Mazkur asos bo`yicha mehnat shartnomasini korxona mulk qilib olingan kundan boshlab uch oy mobaynida bekor qilishga yo`l qo`yiladi. Xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, mehnat to`g`risidagi qonunlar hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo`lgan vaqti, uzrli sabablarga ko`ra ishda bo`lmagan boshqa davrlari bu muddatga kiritilmaydi.
Shuningdek, 106-moddaning 2-bandiga binoan shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklangan taqdirda xodimga ish beruvchi boshqa ish taklif qilishi shart hisoblanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo`lsak, sizning roziligingizsiz boshqa lavozimga o`tkazish mumkin emas. Obyektiv sabablarda ko`rsatilgan holatlar bo`lsa, ish beruvchi sizga mutaxassisligingiz va malakangizga muvofiq keladigan ishni, agar bunday ish bo`lmasa, boshqa ishni taklif qilishi shart. Agar siz bunday ishga o`tishdan bosh tortsangiz yoki korxonada muvofiq keladigan ish bo`lmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin. Agar ish beruvchi sizning roziligingizsiz boshqa lavozimga o`tkazgan bo`lsa, O`zb. Res. Mehnat kodeksining 111-moddasiga binoan ishga tiklash masalasi ko`rib chiqiladi. Ushbu moddada, mehnat shartnomasi g`ayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki xodim g`ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o`tkazilgan hollarda, u ish beruvchining o`zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi lozimligi ko`rsatilgan.
Nizoni ko`rish vaqtida ish beruvchiga mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni boshqa ishga o`tkazishning asosliligini isbotlab berish mas’uliyati yuklatiladi.
Agar jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishni kasaba uyushmasi qo`mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan oldindan kelishib olish nazarda tutilgan bo`lsa, sud kasaba uyushmasi qo`mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligi olingan-olinmaganligini aniqlashi kerakligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, O`zb. Res. Mehnat kodeksining 188-moddasiga binoan, siz boshqa lavozimga o`tkazilishingiz tufayli ololmay qolgan ish haqingizni ish beruvchidan talab qilishingiz mumkin.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 95-moddasida ish beruvchi tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o`tkazish holati ham ko`rsatilgan. Unga ko`ra, ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi munosabati bilan xodimni uning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o`tkazishga yo`l qo`yiladi. Bunday holda xodim sog`lig`iga to`g`ri kelmaydigan boshqa ishga o`tkazilishi mumkin emas.
Xodim vaqtincha boshqa ishga o`tkazilgan davrda unga bajarayotgan ishiga qarab, lekin avvalgi o`rtacha ish haqidan kam bo`lmagan miqdorda ish haqi to`lanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, ish beruvchi sizning roziligingizsiz faqat vaqtincha boshqa lavozimga o`tkazishi mumkin. Lekin boshqa ishga o`tkazish muddatining chegarasi, mehnatga to`lanadigan haqning aniq miqdorlari, shuningdek, ishlab chiqarish zaruriyati deb hisoblanadigan holatlar jamoa shartnomasida ko`rsatiladi, agar u tuzilmagan bo`lsa, u ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Mehnat kodeksi 260-moddasiga binoan yakka tartibdagi mehnat nizolari, mehnat nizolari komissiyalari, tuman (shahar) sudlari tomonidan ko`rib chiqiladi. Agar noqonuniy ravishda boshqa ishga majburan o`tkazilgan bo`lsangiz, tuman (shahar) sudlariga shikoyat qilishingiz mumkin. Tuman (shahar) sudlari O`zb. Res. Mehnat kodeksining 111-moddasiga binoan ishga tiklash masalasini ko`rib chiqadi.
Ish beruvchi O`zb. Res. Ma’muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 49-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlika tortilib, unga nisbatan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosi qo`llanilishi mumkin. Xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa, eng kam ish haqining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin. Shuningdek, ish beruvchi ma’muriy jazo qo`llanilgandan keyin, bila turib, g`ayriqonuniy ravishda ishga tiklash to`g`risidagi sud qarorini bajarmasa, O`zb. Res. Jinoyat kodeksining 149-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.
One Comment