Savol: Xususiy firmada texnik mutaxassis bo’lib ishlayman. Firmaning ishi bilan yo’l o’lchashga chiqqanimda Pentax modelli yo’l o’lchovchi asbob qo’limdan tushib sindi. Asbobning bugungi kudagi bahosi 25 million so’m. Firma asbob bahosini menga to’liq to’latishga haqqi bormi? To’latish usullari qanday?
Javob: Ish beruvchiga xodim tomonidan yetkazilgan zararni qoplash tartibi O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi bilan tartibga solinadi. Kodeksning 198-moddasiga ko’ra, xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zararni to’lashi shart. “Bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar” deb ish beruvchining mavjud mol-mulki amalda kamayganligi yoki yomon holatga kelganligi, shuningdek ish beruvchining ortiqcha to’lovlar qilish zarurati tushuniladi. Firmangizga tegishli bo’lgan Pentax asbobining buzulishi ish beruvchining mol-mulki kamayisiga va ortiqcha to’lovlar qilishga majbur qilgani uchun, bu holatni “bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar” deb baholash mumkin.
Kodeksning 199-moddasiga ko’ra, xodimning moddiy javobgarligi faqatgina quyidagi holatlarda istisno etiladi: [1] agar zarar, uni bartaraf etish mumkin bo’lmagan kuchlar; [2] normal xo’jalik tavakkalchiligi oqibatida; [3] oxirgi zarurat yoki [4] zaruriy mudofaa natijasida kelib chiqqan bo’lsa. Agar Pentax asbobi qo’lingizdan yuqoridagi sabablarga ko’ra tushib ketgan bo’lsa, moddiy javobgarlikdan istisno etilishingiz mumkin.
Zararning qoplash tartibi
Kodeksning 201-moddasiga ko’ra, agar Kodeks boshqa tartib nazarda tutmagan bo’lsa, xodim yetkazgan zarar uchun o’zining o’rtacha oylik ish haqi miqdori doirasida moddiy javobgar bo’ladi. 207-moddaga ko’ra, o’rtacha oylik ish haqidan o’rtiq bo’lmagan miqdorda yetkazilgan zarar summasi aybdor xodimdan ish beruvchining farmoyishiga muvofiq undiriladi. Agar yetkazilgan zararning xodimdan undirilishi lozim bo’lgan summasi uning o’rtacha o’ylik ish haqidan oshib ketsa, zarar sud tartibida undirilishi mumkin.
204-moddaga ko’ra, ish beruvchi zararni xodimdan undirish to’g’risida qaror qabul qilishdan oldin yetkazilgan zarar miqdorini belgilash va uning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida tekshirish o’tkazishi shart. Bunday tekshirish o’tkazish uchun ish beruvchi tegishli mutaxassislar ishtirokida komissiya tuzishi mumkin.
Ish beruvchiga yetkazilgan zarar miqdori haqiqiy yo’qotishlar bo’yicha buxgalteriya hisobi ma’lumotlari asosida, buyumning eskirish qiymatini hisobga olgan holda hisoblab chiqiladi.
206-moddaga ko’ra, xodim zararni ixtiyoriy ravishda qisman yoki to’liq to’lashi mumkin. Xodim va ish beruvchining kelishuviga binoan zararni to’lash muddati kechiktirib qoplash tartibi ham kelishib olinishi mumkin. Bu holda xodim to’lov muddatlarini aniq ko’rsatib, zararni qoplash haqidagi majburiyatlarini yozma tarzda ifodalaydi.
Ish beruvchining roziligi bilan xodim yetkazilgan zararni qoplash uchun unga bahosi teng mol-mulk berishi yoki buzilgan mol-mulkni tuzatib berishi mumkin.
Ish beruvchi zarar yetkazilgan cho’gdagi aniq holatlarni hisobga olib, aybdor xodimdan zararni undirishdan qisman yoki to’liq voz kechishga haqli.