Jinoyat va ma'muriy huquq

Bolalar xorijga yolg’iz chiqishi mumkinmi?

Savol: Men 1996-yil 12-fevralda tug’ilganman. Fuqarolik pasportim bor. Xorijga hamrohsiz chiqa olamanmi va qanday?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 31-bandiga ko’ra, 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ota-onalari yoki vasiylari (homiylari)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda chet elga chiqishi uchun notarial tasdiqlangan roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda xorijga hamrohlarsiz chiqishlari mumkin.

Demak, doimiy yashab turgan tumaningizdagi IIB xorijga chiqish kirish bo’linmasiga xorijga chiqish uchun ruxsatnoma stikeri (OVIR) olish uchun murojaat qilganingizda chet elga chiqish uchun ota-onangizning notarial tasdiqlangan roziligini ham ilova qilasiz.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibiga ko’ra, OVIR vizasini olish uchun chet elga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar pasportini, belgilangan namunadagi anketa-arizani, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitantsiyani, 35 x 45 mm o‘lchamli 4 ta fotosuratni, harbiy guvohnomani (harbiy guvohnoma mavjud bo‘lmagan taqdirda chaqiruv yoshidagi shaxslar uchun mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning belgilangan namunadagi ma’lumotnomasini) taqdim etgan holda doimiy ro‘yxatda turgan joydagi kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga (harbiy xizmatchilar uchun harbiy qism (muassasa) joylashgan joy bo‘yicha) murojaat qiladilar.

Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari fuqaroning murojaatini 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va chet elga chiqish huquqiga cheklovlar uchun asos bo‘lmagan taqdirda uning pasportiga stiker yopishtiradi.

One Comment