Savol: Farzand 16 yoshga etguncha beriladigan nafaqa haqida ma’lumot bersangiz. Bu nafaqa kimlarga beriladi va qay tartibda beriladi? Bolaning ota-onasi ishlasa yoki faqat ota ishlasa, bunday oiladagi farzandlarga ham 16 yoshgacha nafaqa beriladimi? Oilaning daromadlari qanday tartibda hisob-kitob qilinadi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 25-yanvardagi PF-3017-son “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo’naltirilgan tarzda qo’llab-quvvatlashni kuchaytirish to’g’risida”gi Farmoniga ko’ra, 16 yoshgacha bolalari bo’lgan nafaqa oluvchi oilalar toifasi kengaytirilib, umumta’lim maktablarida, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o’qiydigan 18 yoshgacha bolalari bo’lgan muhtoj oilalar shu toifaga qo‘shimcha ravishda kiritildi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 10-dekabrdagi 437-son qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga etmagan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar tayinlash va to‘lash to‘g‘risida”gi Nizom ushbu munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu hujjatga ko’ra, 16 yoshgacha bolali oilalarga nafaqa fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari (fuqarolar yig‘ini tomonidan, uni o‘z vaqtida chaqirishning iloji bo‘lmaganda esa ko‘cha, turarjoy, mahalla, posyolka, qishloq, ovul fuqarolari vakillari majlisi) tomonidan oilaning yordamga muhtojlik ahvoli hisobga olingani holda tayinlanadi.
Fuqarolar yig‘ini nafaqa miqdorini aniqlash paytida o‘ziga ajratilgan mablag‘ning cheklangan miqdori, yordam so‘rab murojaat qilgan oilalar soni, ushbu arizalar bo‘yicha to‘lash mumkin bo‘lgan summadan kelib chiqqan holda belgilaydi. Nafaqa uchun belgilangan limit tamom bo‘lgan taqdirda arizalarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi.
Muhtoj oilalarga nafaqa qaror qabul qilingan oydan keyingi oydan boshlab 6 oy davomida to‘lab boriladi. Shu muddat o‘tgach, oila nafaqa tayinlanishini so‘rab, takroran murojaat qilishga haqli.
Nafaqa muhtoj oila a’zolaridan birining (ota yoki onasi) yozma arizasiga ko‘ra (oila a’zolari, oilaning daromadi, yordam so‘rash sabablari ko‘rsatilgani holda) tayinlanadi. Ariza fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi nomiga beriladi. Ariza qabul qilib olinganidan keyin arizaga oila a’zosining moddiy ahvoli fuqarolar yig‘ini tomonidan tasdiqlangan komissiya tekshirishlariga ko‘ra belgilanadi. Komissiya tarkibiga fuqarolar yig‘ini raisi, kotibi, mehnat bo‘limi, hokimiyat vakili, maslahatchilar, jamoatchilik vakillari kiritiladi.
Nafaqa tayinlash haqida ariza tushgan paytdan boshlab ikki hafta muddat ichida komissiya (kamida uch komissiya a’zosidan iborat tarkibda) arizachi oilaviy ahvolini o‘rganib chiqadi va bunda oilaning rasmiy va norasmiy daromadlari hamda moddiy ahvoliga qaraladi. Komissiya tekshirishlari asosida oilaga nafaqa tayinlash yoki nafaqa tayinlashni rad etish yuzasidan fuqarolar yig‘iniga yozma tavsiya beradi.
Quyidagilar nafaqa olishda imtiyozli huquqqa egadirlar:
nogiron chaqaloqli (bolali) oilalar;
ota-onaning ikkalasi ham bo‘lmagan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlari shug‘ullanadigan oilalar;
bolalarning ota-onasidan biri yoki ikkalasi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
ota-onadan biri yoki ikkalasi ham ishsiz bo‘lgan, Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan oilalar.
Ushbu nafaqalarning to‘lanishi oilaga boshqa nafaqalar tayinlashni, shu jumladan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘lib hisoblanmaydi. Nafaqa olish uchun murojaat qilgan shaxs, arizadan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
a) oila a’zolarining tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan ma’lumotnoma;
b) bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxasi;
v) vasiylik (homiylik)da bo‘lgan bolalarga nafaqa tayinlash chog‘ida vasiylik (homiylik) huquqini belgilovchi organning qaroridan ko‘chirma;
g) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi talabiga ko‘ra—oila a’zolarining daromadlari haqida ma’lumotnoma.
d) 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga — mazkur shaxs haqiqatan ham o‘quv yurtida o‘qiyotganligi va stipendiya olmasligi to‘g‘risida o‘quv yurtidan ma’lumotnoma. Nafaqa tayinlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning asl nusxalari yoki belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari taqdim etilishi mumkin.
Nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish maxsus ro‘yxatga olish daftarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi (oqsoqoli)ning kotibi tomonidan amalga oshiriladi. Daftarga ariza tushgan sana, iltimosnomaning qisqacha mazmuni va fuqarolar yig‘ini qarori qabul qilingandan so‘ng qaror sanasi va raqami ko‘rsatilgan holda qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi ma’lumot yozib qo‘yiladi.
Nafaqa tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilish chog‘ida arizachining fuqarolar yig‘inida (Komissiya yig‘ilishida) ishtirok etishi majburiydir. Arizachi uzrli sabab (kasallik yoki boshqa uzrli sabablar) bilan qatnashmagan hollarda fuqarolar yig‘inida yoki Komissiya yig‘ilishida oilaning balog‘at yoshiga etgan boshqa a’zosi qatnashishi shart. Arizachi yoki oilaning boshqa vakili qatnashmagan hollarda mazkur oilaga nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilmaydi va u fuqarolarning keyingi yig‘inida yoki Komissiya yig‘ilishida ko‘rib chiqish uchun qoldiriladi.
Nafaqa tayinlash uchun oilada kimning yoki necha kishining ishlashi emas, balki oilaning umumiy daromadlari va moliyaviy ahvoli ahamiyatga ega. Ko‘p bolali oilalarga tayinlanadigan nafaqa miqdori O‘zbekistonRespublikasi Prezidentning 1996-yil 10-dekabrdagi “Bolali oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bir nafar bolali oilaga – eng kam oylik ish haqining 50 foizi; ikki nafar bolali oilaga– 100 foizi; uch nafar bolali oilaga 140 foizi; to‘rt va undan ko‘p bolali oilaga esa 175 foizi miqdorida tayinlanadi. Oilaga nafaqa tayinlash paytida uning daromadlari oylik miqdorini aniqlash tartiblari, mezonlari va unga taalluqli bo‘lgan boshqa holatlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi tomonidan “16 yoshgacha bolali oilalarga nafaqalarni tayinlash va to’lash tartibi yuzasidan uslubiy tavsiyalar”da belgilab qo‘yilgan.
Nafaqa tayinlanishini so’rab yozilgan arizada nafaqaga muhtojlik sabablari, oila tarkibi va daromad miqdori ko’rsatilishi shart. Oila har bir a’zosining ariza topshirilgungacha bo’lgan 12 oydagi daromadlari, dehqon xo’jaligidan olingan daromadlar haqida ma’lumot ko’rsatilgan holda taqdim etilishi kerak.
Oila daromadlari miqdori quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlanadi: ishlovchilar uchun – ish joyidan ma’lumotnoma; tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchilar uchun – soliq organidan ma’lumotnoma; mehnat birjasida ish qidiruvchi shaxs sifatida ro’yxatdan o’tganlar uchun – mehnat birjasidan ma’lumotnoma; ishlamaydigan pensionerlar uchun – ijtimoiy ta’minot bo’limlaridan ma’lumotnoma.
Komissiya ariza ro’yxatga olingan kundan boshlab ikki haftalik muddat davomida taqdim qilingan hujjatlar asosida oilaning daromadlarini o’rganib chiqadi. Nafaqaga muhtojlikning asosiy ko’rsatkichi oilaning har bir a’zosiga to’g’ri keluvchi o’rtacha oylik umumiy daromadi hisoblanadi. Bundan tashqari, komissiya oilaning umumiy yashash darajasi va sifatiga, mulkiy holatiga e’tibor qaratadi.
One Comment