Sharh

Videoregistrator o’rnatish bo’yicha Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati chiqargan tavsiyalarga sharh

Joriy yil 8-iyun kuni Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) videoregistrator o’rnatish bo’yicha o’z tavsiyalarini chop etdi. Afsuski, mazkur hujjatning davlat tili bo’lmish o’zbek tilidagi matni hali chop etilmadi. Shuning uchun uning asosiy mazmunini o’zbek tilida bayon qilib berishni maqsadga muvofiq deb topdik.

DYHXX o’z tavsiyalarini amaldagi qonunchilikka to’xtalishdan boshlaydi. Xususan, Yo’l harakati qoidalarining 3,6 xatboshisida belgilangan ikki qoida keltiriladi:

  1. Transport vositasini boshqarish paytida telefondan, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan transport vositasi salonining old qismida o’rnatilgan tele-, videomonitordan foydalanish taqiqlanadi;
  2. Transport vositasi salonining old qismiga, shu jumladan, priborlar paneliga, quyosh soyaboniga va orqa tomonni ko‘rish ko‘zgusiga tele-, videomonitorlar o‘rnatish taqiqlanadi.

Mazkur ikki qoidani buzganlik uchun Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 128-moddasiga asosan javobgarlik belgilanishi ta’kidlangan. Bu yerda kichik noaniqlikka yo’l qo’yilgan. Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 128-moddasi “Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi” haqida. Transport vositasini boshqarish paytida monitordan (displeydan) tele-, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish va transport vositasiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish uchun javobgarlik esa 1282-moddada belgilangan. Mazkur modda 128-modda xatboshilaridan emas, balki alohida modda hisoblanadi.

Shundan keyin, DYHXX dalil sifatida ma’lumot to’plash uchun atrofda bo’lib o’tayotgan xatti-harakatlarni yozib olishi uchun videokameradan iborat bo’lgan videoregistratorlarni o’rnatish mumkin deydi, ammo transport vositasining old qismiga o’rnatilgan videoregistrator haydovchining o’rnidan tevarak-atrofni ko’rishni cheklamasligi kerakligini aytadi. Mazkur talab Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 126-moddasi (“Ko‘zgusimon va tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) nostandart oynali, shuningdek, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish”) talablaridan kelib chiqadi. Monitor yoki displeyli videoregistratorni ham o’rnatish mumkin, ammo u transport vositasining old qismida bo’masligi kerak.

Demak, bundan buyon haydovchi va DAN xodimi o’rtasida kelib chiqishi mumkin bo’lgan kelishmovchilik videoregistratorning qonuniyligi haqida emas, balki uning qanday va qayerga o’rnatilishi haqida bo’ladi. Videoregistrator haydovchining o’rnidan tevarak-atrofni ko’rishini qanchalik cheklaydi? DAN xodimlari avtomobildagi videoregistratorni tekshirganda, ana shu savolga javob qidirishlari mumkin.

Videoregistrator o’rnatgan yoki o’rnatmoqchi bo’lgan haydovchilarga mazkur jihozni iloji boricha haydovchi uchun tevarak-atrofni ko’rishni cheklamaydigan qilib o’rnatishni tavsiya qilamiz. Masalan, transport vositasining old qismida joylashgan ko’zguning orqa tomoniga o’rnatish mazkur talabga javob beradi deb o’ylaymiz. Quyida “tevarak-atrofni ko’rishni cheklamaslik” talabiga javob berishi mumkin bo’lgan va javob bermaydigan holatlarga misollar keltiramiz.

“Tevarak-atrofni ko’rishni cheklamaslik” talabiga javob berishi mumkin bo’lgan videoregistrator o’rnatish usullari:

“Tevarak-atrofni ko’rishni cheklamaslik” talabiga javob bermasligi mumkin bo’lgan videoregistrator o’rnatish usulari: