Fuqarolik huquqi

Veb-saytingiz ro’yxatdan o’tganmi?

Savolingiz: Sizning saytingiz rasmiy registratsiyadan o’tganmi O’zbekistonda? Har ehtimolga qarshi so’radim lekin… Va sizning saytingizdagi savol-javoblardan muammo yuzaga kelgan joylarda foydalansa bo’ladimi? Mana shunaqa-shunaqa, bu noqonuniy ekan, deya?

Javob: Adolat.net portali .uz domenida ochilmagan va shuning uchun O’zbekistonda ro’yxatga olinmagan. Veb-saytning ro’yxatga olinishi hech qanday rasmiy huquq yoki maqomni ifodalamaydi. Bu veb-sayt nomini sotib olish davomida amalga oshiriladigan qayddan boshqa narsa emas.

Adolat.net portali ro’yxatdan o’tkazilgan biror tashkilot yoki advokatura xizmatiga tegishli emas.  Ushbu veb-sahifa mustaqil axborot manbasi bo’lib, unda O’zbekiston oliy yuridik ma’lumotiga ega malakali huquqshunoslarning fuqarolar yuridik savodxonligini oshirishga qaratilgan maslahatlari chop etib boriladi.

Albatta, siz bu yerda berib boriladigan maslahat va ma’lumotlardan huquqingizning poymol etilishiga qarshi foydalanishingiz mumkin. Veb-portalni ochishdan maqsadimiz ham shu. Biz savollarga javob berishda faqat O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga tayanamiz hamda savollar va voqealarga yondashuvda to’la xolislikni ta’minlab, xususiy talqin va munosabatlardan tiyilishni ishimizning asosiy prinsipi deb bilamiz.

Huquqlaringizning poymol etilishiga qarshi o’z haqqingizni talab qilganingizda dalil sifatida saytimiz nomini emas, balki to’g’ridan-to’g’ri undagi ma’lumotni (Konstitutsiya, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning siz duch kelgan masalaga doir moddalarini) keltirishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi. Chunki huquqiy masalalarda falon kishining aytgan so’zi emas, balki faqat qonungina dalil bo’la oladi. Falon saytda shunday yozilgan, deyish mantiqsizroq ko’rinadi. Tegishli qonun normalari va moddalarini keltirishgina huquqiy muomalada qarshi taraf uchun qoniqarli javob bo’la oladi.

Comments are closed.