Birinchi maqolamizda o’quvchilarimizni kemalari halokatga uchrashi natijasida okeanda 18 kun mobaynida suv va ovqatsiz qolib ketgan dengizchilar voqeasi bilan tanishtirdik. Jonlarini saqlab qolish maqsadida dengizchilar oralarida eng yosh va kuchsiz bo’lgan bir dengizchini o’ldirib, uning qoni va go’shtini tanovvul qilish orqali omon qoladi.
O’quvchilarimizning mazkur voqeaga munosabatlari turlicha bo’ldi. Bu haqda, ayniqsa, “Facebook” sahifasida qizg’in munozara bordi. Bildirilgan fikrlarning aksariyatida o’quvchilarimiz har qanday holatda ham dengizchilar odam go’shtini yemasligi kerak edi, degan xulosani bildirgan. Yaqin o’tmishda bo’lib o’tgan bu hodisaga davlat qanday baho bergan? Mazkur maqolamizda shu mavzu bo’yicha Angliya sudi chiqargan hukm bilan tanishamiz.
Dengizchilar omon qolib, Angliyaning Ekzeter (Exeter) shahriga yetib borgach, qotillikda ayblanib mahkamaga tortiladi. 1884-yilning dekabr oyida bu ish 5 sudyadan iborat guruh tomonidan ko’rib chiqiladi. Sud mazkur ishda hal etilishi kerak bo’lgan huquqiy masalani quyidagicha belgilaydi:
Sudlanuvchilar yosh dengizchini o’ldirishlari qotillik hisoblanadimi yoki yoqmi?
Sudlanuvchilar o’zlarining aybsiz ekanliklarini isbotlash uchun quyidagi vajlarni ilgari suradi:
– Agar yosh dengizchini o’ldirib uning qoni va go’shti bilan oziqlanmaganimizda, hammamiz o’lib ketgan bo’lardik;
– Yosh dengizchi, oramizda eng holdan toygani bo’lgani uchun, baribir, bizdan oldin vafot etardi;
– Jinoiy xatti-harakat sodir etilayotganda tashqi yordamdan hech qanday nishon va umid yo’q edi. Bunday vaziyatda o’z hayotimizni faqatgina o’z oramizdan bir kishini o’ldirish va uning go’shti bilan oziqlanish evazigagina saqlab qolishimiz mumkin edi.
Sud, avval, qotillik sodir etgan shaxs faqat o’zini-o’zi himoya qilish holatida bo’lgandagina jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligini aytadi. Ushbu ishda esa, o’zini-o’zi himoya qilish holati bo’lmagani uchun, ya’ni uch dengizchi hayotiga yosh dengizchi hech qanday xavf tug’dirmagani sababli, qotillikni o’zini-o’zi himoya qilish chorasi deb bo’lmaydi, deya xulosa qiladi sud.

Besh sudya orasida Kollins (Collins) ismli sudya boshqalardan o’zgacha fikr bildiradi. U qotillik sodir etgan dengizchilarni oqlovchi vajlarni ilgari suradi. Sudya Kollinsga ko’ra, jinoyat ishlarida zaruratning qo’llanishi haqidagi bir necha manbalarni o’rganib chiqib, uch dengizchining jinoiy qilmishini zarurat ostida sodir etilgan deb topadi va ular jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi kerak, deydi. Bunday firkni olg’a surar ekan, Kollins ikki cho’kib ketayotgan kishining bir xodaga yopishishini misol qilib keltiradi. Mazkur misolga ko’ra, agar xoda faqat bir kishinigina ushlab turishi mumkin bo’lsa va bu ikki kishidan bittasi ikkichisini xodani ushlashiga to’sqinlik qilib, itarib yuborsa va buning natijasida xodani ushlolmagan odam cho’kib o’lsa, bunday qilmish qotillik hisoblanmaydi, deydi u. Bunday xulosaga kelishda Kollins AQShda 1842-yilda ko’rib chiqilgan AQSh hukumati va Xolms o’rtasidagi (US v. Holmes, 26 F. Cas. 360 (1842)) sud ishiga tayanadi.
Qotillik jinoyatining asosiy elementi niyat hisoblanadi va bu ishda dengizchilar qotillik sodir etish niyatida bo’lmagan, ular faqat jonlarini saqlab qolish uchun shunday qilmishga qo’l urgan, deydi sudya Kollins.
Sudyalarning ko’pchiligi Kollins fikrlariga qo’shilmaydi. Ko’pchilikning xulosasi Lord Koleridj (Colleridge) nomidan o’qib eshittiriladi. Unda shunday deyiladi:
“Dengizchilarning barchasi o’ta qiyin hayot sinovlaridan o’tib, bunday sharoitlarda qonunan va axloqan to’g’ri harakat qilish o’ta mushkul ekanligini tan oldi. Shunga qaramasdan, kuchsiz va ularga tajovuz qilmagan kishini o’z hayotlarini saqlab qolish uchun o’ldirish va shu orqali yosh dengizchiga hayotda qolish imkoniyatini bermaslik qonun va axloq me’yorlariga ziddir. Masalan, dengizchilar ertasi kuni oldilaridan o’tib ketayotgan kema tomonidan qutqarilishi mumkin edi. Ayni paytda, ularga balki hech qanday yordam yaqin kunlarda yetib kelmasligi ham mumkin edi. Shu tufayli yosh dengizchini o’ldirishni zaruratga bog’lash noto’g’ri. Qolaversa, yosh dengizchi hech kimga tajovuz qilmagani uchun, jinoiy xatti-harakatni istisno qiluvchi o’z-o’zini himoya qilish holati ham mavjud emas”.
Sudya Kolleridj shunday so’ng quyidagi masalani o’rtaga tashlaydi: Barcha shart-sharoitlarni e’tiborga olganda, yosh dengizchining o’ldirilishi qotillik hisoblanandimi?
Bu savolni muhokama qilishda sud, avvalo, bo’lib o’tgan ishni qotillik emas deb hisoblovchilarning fikrlariga quloq tutadi. Shunday fikr egalaridan biriga ko’ra, kishi o’z hayotini saqlab qolishi uchun boshqa kishi hayotiga raxna solishi mumkin. Sudga ko’ra, bunday istisnoga faqatgina urush vaqtida, ya’ni ikki yoki undan ortiq davlat o’rtasida bo’layotgan qurolli to’qnashuv paytidagina ruxsat berilishi mumkin. Ushbu hodisada esa, tomonlar urush holatida bo’lmagan, balki dengizchilar holsizlangan va ularga qarshi hech qanday tajovuz qilmagan yosh dengizchi hayotiga raxna solingan.
Sudlanuvchilarni oqlashga qaratilgan yana bir sababga ko’ra, biron kishi hayotiga raxna solishni qotillik deb topilishini istisno qiluvchi holatlar mavjud bo’lib, mazkur hodisada dengizchilarning zarurat ostida qolganini hisobga olish kerak. Lekin sud bu vajni ham rad etadi. Sudga ko’ra, qonun-qoidalarni har doim ham axloqiy me’yorlar nuqtai nazaridan tahlil qilish to’g’ri bo’lmasa ham, mazkur holatda masalaning axloqiy jihatlariga e’tibor qaratish kerak. Xususan, insoniy burch tabiiy ofat yoki boshqa turli ofatni boshdan kechirayotganda kishilardan o’z-o’zini saqlab qolishni emas, balki fidokorlik va boshqalar uchun o’zini qurbon qilishni talab etadi. Shu sababli, o’z hayotini saqlab qolishni zarurat deb aytish to’g’ri emas, bunday vaziyatlarda zarurat o’zini saqlab qolishni emas, balki o’zini qurbon qilishni talab etadi, deydi sud.
Qolaversa, zarurat holati tug’ilgani haqida kim qaror beradi? Kishilarning hayoti qanday mezon asosida o’lchanadi? U aqlmi, kuchmi yoki yana biron bir boshqa mezonmi? Mazkur hodisada eng kuchsiz va yosh dengizchi qurbon sifatida tanlandi. Nimaga boshqa dengizchilardan biri tanlanmadi?
Sudya Kolleridj o’z qarorida shu savollarga ham e’tibor qaratadi. Ayni paytda, sud dengizchilarning tabiiy ravishda o’z hayotlarini saqlab qolish ilinjida bo’lganlarini, qanchalik dahshatli azob-uqubatlarni boshdan kechirganlarini, bunday vaziyatlarda to’g’ri qarorga kelish va haqqoniy harakat qilish qanchalik mushkul ekanligini tushunadi, deydi u.
O’z tarixida bu kabi amaliyotga ilk bor duch kelgan sud nihoyat o’z ishini yakunlab, hukmini e’lon qiladi. Dengizchilar qotillikda ayblanib, o’lim jazosiga hukm etiladi. Ular keyinchalik qirolicha tomonidan afv etilib, o’lim jazosi 6 oylik qamoq muddatiga almashtiriladi.
Keyingi maqolamizda shu hodisani asos qilib olib, O’zbekiston jinoyat qonunchligidagi “oxirgi zarurat” tushunchasi qanday yoritilganini tahlil qilamiz.