Maqolalar

Vahshiylik zaruratga aylanganda yoxud kannibalizmni oqlash mumkinmi? (Birinchi maqola)

Faraz qiling, siz bir odamning o’limiga sabab bo’lish orqali ko’pchilikning hayotini saqlab qolishingiz mumkin. Ushbu vaziyatda qanday yo’l tutgan bo’lardingiz? Ko’pchilik manfaati uchun bir kishini yoki ozchilikni hayotdan mahrum qilish mumkinmi? Bu haqda xalqaro huquq nima deydi? Axloqiy-ma’naviy qarashlar qanday?

Bunday masala hayotda kam uchragani bois, ko’pchilik uchun u haqda bosh qotirish erish tuyulishi mumkin. Ammo mavzu yangi emas. Bu savollar ustida ilgari ham ko’p bahs yuritilgan. Masalan, 1884-yil Angliya sudi ko’rgan Qirolicha va Dadli o’rtasidagi ishda (The Queen v. Dudley) shu mavzu tahlil qilingan. Keling, shu sud ishi tafsilotlari bilan yaqindan tanishsak.

441px-Cannibalism_during_Russian_famine_1921
1921-yil Rossiyadagi ocharchilik davrida yuz bergan kannibalizm. © Wikipedia

To’rt dengizchi kemada okeanga sayohatga chiqadi. Kemadagi guruh uchta tajribali dengizchi va bir yosh yetim yigitdan (taxminan, 17-18 yoshlarda) iborat bo’ladi.  1884-yil 5-iyulda kuchli bo’ron boshlanishi natijasida ular mingan kema halokatga uchraydi. Dengizchilar zahiradagi qayiqchaga chiqib jon saqlaydi, ammo suv va yeguliklarni qutqarib qololmaydi. Dengizchilar uch kun ovqatsiz va suvsiz yurib, 4-kuni suv toshbaqasini tutib olishadi va u bilan 12 kun oziqlanishadi. Qayiqchada 18 kun (shundan 7 kuni ovqatsiz, 5 kuni suvsiz) yurganlariga qaramasdan na sohil va na boshqa kema ko’rinadi. Shunda dengizchilardan Tomas Dadli (Thomas Dudley), Edvin Stefens (Stephens) va Bruks (Brooks) agar yana bir kun hech qanday oziq-ovqat topisha olmasa, o’z hayotlarini saqlab qolish uchun oralarida eng yoshi va kuchsizi bo’lgan Richard Parkerni (Richard Parker) o’ldirib, uning go’shti bilan oziqlanishga qaror qilishadi.

Ertasiga ham hech qanday yordamdan nishona bo’lmagach, Dadli uyquga yotish vaqtida Stivens va Bruksga yigitchani o’ldirish fursati kelganiga ishora qiladi. Son’g qisqa duo qilib Xudodan afv so’raydi va qayiq burchagida ochlik va suvsizlikdan holsizlanib yotgan yosh dengizchini Stivens yordami bilan pichoqlab tashlaydi. Uch dengizchi Richard Parker qoni va go’shtini 4 kun iste’mol qilishadi. 4-kun ularning qayig’ini boshqa kema ko’rib qolib, dengizchilarni qutqaradi.

Kema Angliyaning Ekzeter (Exeter) shahriga yetib borganda, uch dengizchi sudga borib bo’lib o’tgan voqealarni va jinoiy qilmishlarini bayon qiladi. Sud oldida jumboq paydo bo’ladi. O’z hayotini saqlab qolish uchun boshqa kishining hayotiga rahna solish uzrli hisoblanadigan holatlar bormi? Shunday holatda yigitchani o’ldirib, uning go’shtini tanovvul qilgan dengizchilar qotillikda ayblanib, jazoga tortilishi kerakmi? Angliya sudi mazkur ish bo’yicha qanday qarorga kelgani haqida keyingi maqolamizda yozamiz. Hozir esa o’quvchilarimizdan bu masala yuzasidan o’z firklarini bildirishlarini so’raymiz.

Davomi: Vahshiylik zaruratga aylanganda yoxud kannibalizmni oqlash mumkinmi? (Ikkinchi maqola)

3 Comments