Maqolalar

“UZ” domenida til va PR masalasi

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 24 yilligi munosabati bilan

Ushbu maqola ilk marotaba 2008-yilda yozilgan bo’lsa-da, ko’p jihatdan haligacha dolzarbligini yo’qotmagan. Shuning uchun o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 24 yilligi nishonlanayotgan kunda maqolani ayrim o’zgartirishlar bilan e’tiboringizga havola etishni joiz deb bildim. Maqola e’lon qilingach, unda keltirilgan ba’zi takliflar bugungi kunda hayotga tatbiq etilganligini ko’rib, faqat xursand bo’lish mumkin. 

Har bir soha vujudga keladigan muammo, kamchilik va xatolarni bartaraf etish tufayligina rivojlanadi. Shu jumladan, kun sayin hayotimiz, ish faoliyatimizda muhim o’rin tutayotgan, turmush-tarzimizga aylanib borayotgan Internet sohasida ham muammoli masalalar bo’lmaganda edi, u bunchalik taraqqiy etmagan bo’lardi. Chunki bir qilingan xato qaytarilmaydi va uni tuzatish rivojlanish uchun yana bitta qadam bo’ladi. Shuning uchun maqolada UZ segmentidagi ko’rinmas muammoli nuqtalarga e’tibor qaratiladi, ayrim domen nomlari bilan bog’liq masalalar tanqidiy jihatdan tahlil qilinadi. Zero, tanqid kelajak mevasidir. Biroq tanqid va tahlil veb-sayt mazmuni va tarkibiy qismiga nisbatan emas, balki ana shu mazmunni domen nomi qanchalik ifoda qila olayotganligi, umuman, UZ domeni nomlari qanchalik to’g’ri tanlanayotganligi va ayrim domen nomlaridagi xatoliklar haqida bo’ladi.

Quyida asosan umum va davlat ahamiyatiga molik va muallif nazarida, qayta nomlanishi uchun yetarlicha sabablar mavjud bo’lgan domen nomlari tahlil qilinadi. Ta’kidlash kerakki, qayta nomlash uchun taklif qilinadigan domen nomlari muallif tomonidan bir lahzada o’ylab topildi. Agar qayta nomlashga ko’proq vaqt sarflansa, aynan o’zbek tilida bundan ham afzalroq domen nomlarini kashf qilishingiz mumkin.

Fikrimizni aniqroq ifodalash uchun jadvallardan foydalanamiz. Demak, boshladik!

1-jadval Inglizchalashtirish yoki o’zbekchalashtirish?

domen-1-jadval

2-jadval – Turli tillar «qorishmasidan» yasalgan domen nomlari

domen-2-jadval

3-jadval – Ingliz tili orfografiyasini buzgan holda “inglizchalashtirish”

domen-3-jadval

Yuqoridagi jadvallarda asosan davlat tizimidagi ayrim tashkilotlar veb-saytlari tahlil qilindi. Fikrimizcha, davlat organlari domen nomlari nafaqat til, PR nuqtai nazaridan, balki davlat organlarining bir-biriga o’zaro bog’liqligi jihatidan ma’lum bir tartibga solinishi, qaytadan nomlanishi maqsadga muvofiqdir. Faraz qilaylik, O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati portali www.davlat.uz yoki www.dav.uz bo’lsa, aytaylik, Samarqand viloyati hokimiyati www.samarqand.davlat.uz yoki www.samarqand.dav.uz, Buxoro viloyati hokimiyati www.buxoro.davlat.uz yoki www.buxoro.dav.uz kabi uchinchi darajali domen nomini ro’yxatdan o’tkazishi mumkin. Davlat boshqaruviga tegishli mavjud domen nomlarining yuqoridagi asosda strukturaviy jihatdan qaytadan ko’rib chiqilishi har jihatdan to’g’ri bo’lardi.

4-jadval – Imlo xatolari yoki davlat tilini hurmat qilmaslik

domen-4-jadval

5-jadval – Murakkab va yodda saqlash qiyin bo‘lgan domen nomlari

domen-5-jadval

Tutuq belgisi (‘), o‘ va g‘ harflari – bu masalani qanday yechish mumkin?

Ushbu masala UZ segmentidagi domen nomlarini lotin yozuviga asoslangan ozbek tilida to’g’ri va tushunarli ifodalashda qiyinchilik tug’diradi. Bir qarashda bu masalani hal qilish juda murakkab ko’rinadi, lekin astoydil harakat qilinsa, muammoning yechimi albatta topiladi.

Tutuq belgisi (‘)ni domen nomida ifodalab bo’lmas ekan, uni tushirib qoldirish ham imlo jihatidan to’g’ri bo’lmaydi. o‘ va g‘ harflarini o yoki g tarzida ifodalash esa ham uslubiy, ham imlo xatolarini keltirib chiqaradi. Xo’sh, bu vaziyatdan qanday chiqish kerak? Bu masalaning yechimlaridan biri deb, quyidagi taklifni ilgari surmoqchiman. (‘), o‘ va g‘ o’rniga chiziqcha (-) belgisini ishlatish mumkin. Buni hozirda mavjud domen nomlari misolida ham tahlil qilishimiz mumkin.

domen-6-jadval

Go’yoki (‘), o‘ va g‘ harflaridagi (‘) belgisi harflarning yuqori qismida emas, tire (-) sifatida harflarning yon tomonida ifodalangandek tasavvur beradi.

Albatta, bu taklif masalaning so’nggi yechimi bo’lmasligi mumkin. Bu muammoni samarali hal qilish uchun malakali tilshunoslar, kompyuter lingvistlari va boshqa tegishli soha mutaxassislarini jalb qilish kerak bo’ladi. Shuni aytish mumkinki, zamonaviy tilshunoslarimiz uchun zamonaviy mavzularda  ilmiy ishlar qilish vaqti keldi!

Domen nomi qanday bo’lishi kerak?

Veb-saytning rivojlanishi va mashhur bo’lishi uni ifoda qiladigan domen nomiga juda ham bog’liq. Boshqacha aytganda, veb-saytni yaratish unga munosib nom topish bilan boshlanadi. Lekin bu osongina ish emas, ba’zan «endi eng yaxshi nom topdim», deganingizda, uni allaqachon kimdir ro’yxatdan o’tkazganini bilib, xunobingiz oshishi mumkin.  Shuning uchun bu borada ko’proq bosh qotirishga, izlanishga hamda tezkor bo’lishga to’g’ri keladi. Quyida domenni qanday nomlash bilan bog’liq ayrim tavsiyalar bilan o’rtoqlashmoqchiman.

  1. Domen nomi iloji boricha qisqa, lo’nda, sodda va aniq bo’lishi kerak.
  2. Domen nomi esda qolarli bo’lishi kerak. Domen nomini rasmiy xatlar, reklama bannerlari, ruchka, qalam, idishlar va turli PR mahsulotlarida ifodalanganda osonlikcha yodda qolishi muhimligini hisobga olish zarur.
  3. Domen nomi tashkilotga tegishli bo’lsa, uning funksiyasini, biror shaxsga qarashli bo’lsa, u haqdagi ma’lumotni, biror internet loyihasiga mansub bo’lsa, uning mazmunini to’liqroq ifodalay oladigan bo’lishi lozim.
  4. Domen nomi osonlikcha talaffuz qilinadigan va osonlikcha eshitiladigan darajada oson bo’lishi kerak.
  5. Domen nomi original bo’lishi kerak.
  6. Domen nomi imlo va uslubiy jihatdan to’ppa-to’g’ri bo’lishi zarur.

Binafsha Qalandarova

Jurnalist, Ozod Berlin Universiteti doktoranti

Manba: Binafsha.uz

6 Comments