Konstitutsiyaviy huquq

Uyni hadya qilsa, propiskaga o’tamanmi?

Savol: Qaraqalpog’iston respublikasi Amudaryo tumanidan ko’chib keldim. Millatim o’zbek. Men 2010-yilda Toshkent viloyati, Bostonliq tumanidan uy sotib olganman. Uyni amakivachchamning nomiga olgandim. Amakivachcham mening nomimga propiskada turishim uchun ishonchnoma bergandi. Shu yildan boshlab vaqtinchalik propiskada turib kelyapman. 2012-yilda Bostonliq tumanidan xususiy tadbirkor guvohnomasini oldim. Chirchiq shahrida tele-radio apparaturalarini ta’mirlash ustaxonasini ochganman. Hozirgacha ishlab kelayapman. Amakivachchaming doimiy propiskasi Toshkent shahrida va Toshkent shahrida yashaydi. Gaz, svet, suv, yer solig’i va qolgan hammasi mening nomimda. Bu uyda faqat oilam bilan yashayapman. Amakivachcham menga doimiy propiskaga turishimga ruxsat bersa bo’ladimi? Menga amakivachcham uyni  hadiya qilsa bo’ladimi? Boshida menga uch yildan keyin doimiy propiskaga o’tasiz degandi. Keyin bo’lsa siz hukumat ishida ishlamaysiz deyishdi. Nimaga endi tadbirkor ham hukumat odami emasmi? Hukumat bilan birga ishlaymiz-ku.

Javob:  Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish masalasi 2011-yil 14-sentabrdagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo’lgan shaxslar – O’zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalari ro’yxati to’g’risida”gi Qonun va doimiy propiska qilish tartibi to`g`risidagi Yo`riqnomada batafsil ko`rsatilgan.

Avvalombor uy-joyning rasmiy mulkdori kim ekanligiga aniqlik kiritish kerak. Rasmiy mulkdor deganda uy-joyning kadastri kimning nomida bo`lsa, o`sha shaxs uyning xususiy mulkdori hisoblanadi. O`zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi 8, 13-moddalariga asosan, uy-joyga bo`lgan xususiy mulk huquqi davlat ro`yxatidan o`tishi bilan vujudga keladi. Ya`ni, kadastr hujjati kimning nomida bo`lsa, o`sha shaxs, sizning vaziyatingizda amakivachchangiz uyning xususiy mulkdori hisoblanadi.

Ikkinchi masala qarindoshlik asosida doimiy propiskaga qo`yish masalasi. Bu borada amakivachchangiz sizni doimiy propiskaga qo`ya olmaydi. Chunku, Qonunda to`g`ri shajara bo`yicha birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlar doimiy propiska qilinishiga ruxsat berilgan. Ya`ni, ota-ona farzandlarining, farzandlar ota-onalarinig, bobo va buvilar nevaralarining, nevaralar bobo va buvilarinig uy-joy maydoniga doimiy propiska qilinadi. Sizning amakivachchangiz bilan qarindoshligingz birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlik hisoblanmaydi.

Uchinchi masala hadya masalasi. O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to`g`risidagi Yo`riqnomaning 21-bandiga asosan, hadya qilish uchun hadya oluvchining doimiy propiskasi talab qilinadi. Ya`ni, amakivachchangiz sizga uy-joyni hadya qilishi uchun siz Toshkent shahrida yoki viloyatida doimiy propiskada ega bo`lgan bo’lishingiz kerak.

Va nihoyat, siz so`ragan oxirgi masala davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mutaxassislarining doimiy propiskasi hisoblanadi. Qonunda davlat hokimiyati organlari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tegishli organ va tashkilot rahbarining iltimosnomasiga ko`ra ular lavozimda turgan davrga doimiy propiska qilinadi. Sizning tele-radio apparaturalarini ta`mirlash bilan bo`g`liq faoliyatingiz xususiy tadbirkorlik hisoblanadi, davlat organi yoki tashkiloti emas. To`g`ri, aslida hammamiz davlatimiz fuqarolarimiz, biroq qonunda vazirlik, qo`mita kabi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida bevosita ishlaydigan mutaxassislar doimiy propiskaga qo`yilishiga ruxsat berilgan.

Comments are closed.