Konstitutsiyaviy huquq

Uyimga O’zbekiston bayrog’ini osib qo’ysam bo’ladimi?

Savol: Men AQSh va boshqa Yevropa davlatlarida bo’lganimda oddiy xonadonlar, uylarda Amerika bayrog’ini ilib qo’yishganini yoki tomlariga, darvozalarga , ustunlarga o’rnatib qo’yishganini ko’rganman. O’zbekistonda bayroqni faqat idoralarning tomida ko’ramiz xolos. Men hozir O’zbekistondagi uyimga O’zbekiston bayrog’ini o’rnatsam  bo’ladimi? Buning noqonuniy joyi yo’qmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’idan foydalanish tartibi “O’zbekiston Respublikasi Davlat Bayrog’i to’g’risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Ushbu Qonunda davlat bayrog’ini shaxsiy uylarda foydalanish to’g’risida hech narsa deyilmagan. Odatda, ma’lum bir huquqiy munosabat, ya’ni xatti-harakat qonun bilan tartibga solinmagan bo’lsa, ya’ni qonunda uning taqiqlanishi yoki ruxsat berilishi aniq ifoda etilmagan bo’lsa, unga ruxat berilgan deb tushuniladi. Hozirgi holatda, Qonunda shaxsiy uylarda bayroqdan foydalanish to’g’risida hech qanday qoida belgilanmagan, demak, foydalanish mumkin, deb tushunish mumkin.

“O’zbekiston Respublikasi Davlat Bayrog’ini tayyorlash, saqlash va yo’q qilish to’g’risida”gi Tartibda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini saqlash korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, uy-joylardan foydalanish uchun javob beruvchi mansabdor shaxslar, (xususiy mulk huquqi asosidagi) uy egalari tomonidan ta’minlanadi, deyilgan. Diqqatni jalb qiladigan jihati, ushbu ro’yxatda (xususiy mulk huquqi asosidagi) uy egalari jumlasi qo’llanilgan. Demak, uy egalarilarining bayroqni saqlashga mas’ul bo’lishi uy egalari ham uylarida davlat bayrog’idan foydalanishi mumkin degan xulosaga olib keladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, Qonunga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shart. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 215-moddasi (davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish) bilan javobgarlikka tortiladi.

Comments are closed.