Savol: Yaqinda 2 xonali uy sotib oldim va uni ijaraga berdim. Bu borada barcha harakatlarim qonuniy bo’lishi uchun nimalarga e’tibor berishim lozim? Qancha miqdorda soliq to’lashim lozim? Ijaraga oluvchi viloyatlik bo’lsa, vaqtinchalik ro’yxat masalasi qanday bo’ladi?
Javob: Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi haqida batafsil O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida qoidalar keltirilgan bo’lib, unga ko’ra, uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Fuqarolar o‘rtasida tuzilgan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Uy-joyni ijaraga beruvchining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga doimiy yashash uchun yaroqli bo‘sh uy-joyni berishi lozim.
Ijaraga beruvchi ijaraga berilgan turar joy joylashgan uydan tegishli darajada foydalanishni amalga oshirishi, ijaraga oluvchiga haq evaziga zarur kommunal xizmat ko‘rsatishi yoki xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi, ko‘p kvartirali uyning umumiy foydalaniladigan mol-mulki va turar joy binosida joylashgan kommunal xizmat ko‘rsatish qurilmalari ta’mirlanishini ta’minlashi lozim.
Uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga binoan faqatgina fuqaro ijaraga oluvchi bo‘lishi mumkin.
Uy-joy yuridik shaxslarga ijara shartnomasi yoki boshqa shartnoma asosida egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Yuridik shaxs uy-joydan faqat fuqarolarning yashashi uchun foydalanishi mumkin.
Shartnomada uy-joyda ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ko‘rsatilishi lozim. Shartnomada bunday ko‘rsatmalar bo‘lmasa, mazkur fuqarolarni uy-joyga qo‘yish ushbu Kodeks 608-moddasining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar uy-joydan foydalanish bo‘yicha u bilan teng huquqlarga egadirlar. Ijaraga oluvchi bilan bunday fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar qonunda belgilanadi.
Ijaraga oluvchi o‘zi bilan birga doimiy yashab, uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shartlarini buzayotgan fuqarolarning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘ladi.
Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ijaraga beruvchini xabardor qilgan holda uy-joyda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi ijaraga oluvchi bilan birga ijaraga beruvchi oldida solidar javobgar (bir necha shaxsning birgalikda javobgar bo’lishi) ekanliklari to‘g‘risida ijaraga oluvchi bilan shartnoma tuzishlari mumkin. Bunday holda ushbu fuqarolar birgalikda ijaraga oluvchi bo‘ladilar.
Uy-joyni ijaraga oluvchi, shuningdek uning oila a’zolari boshqa fuqarolarni oila a’zosi sifatida uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritishni talab qilishga haqli. Bunday fuqarolarni uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritish tartibi va shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar umumiy kelishuvga binoan va ijaraga beruvchini oldindan xabardor qilgan holda vaqtincha yashovchilarga (foydalanuvchilarga) uy-joyda bepul yashab turishlari uchun ruxsat etishga haqlidirlar. Basharti, qonun hujjatlarining jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilmasa, ijaraga beruvchi vaqtincha yashovchilarning yashab turishlarini taqiqlab qo‘yishi mumkin.
Uy-joy kodeksining 42-moddasiga ko’ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bir kishi hisobiga o‘n olti kvadrat metrdan kam bo‘lmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa – yigirma uch kvadrat metrdan kam bo‘lmagan hajmda belgilanadi.
“O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, kommunal uy-joy fondi uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchilar uchun turar joy maydonining normasi O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksida belgilangan turar joy maydoni normasiga muvofiq belgilanadi, lekin u bir kishiga 9 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Demak, turar joy maydoni kishi boshiga 9 kvadrat metrdan kam bo’lmasligi kerak.
Vaqtincha yashovchilarning yashab turish muddati olti oydan oshmasligi kerak.Vaqtincha yashovchilar uy-joydan foydalanishda mustaqil huquqqa ega bo‘lmaydilar. Ularning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida ijaraga oluvchi javobgardir.
Vaqtincha yashovchilar ular bilan kelishilgan yashab turish muddati o‘tganidan keyin, agarda bunday muddat kelishilmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi yoki u bilan birga doimiy yashaydigan har qanday fuqaro tomonidan tegishli talab qo‘yilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan etti kun ichida uy-joyni bo‘shatishlari shart. Ijaraga beruvchi vaqtincha yashovchilar qancha muddatga uyda qolishlari mumkinligi haqida ijara shartnomasiga qoida kiritishlari mumkin. Masalan, ijara beruvchining vaqtincha yashovchilar uyda 2 haftadan ko’p turishlari mumkin emas, qabilida shartnomaga shart kiritishiga qonunchilik yo’l beradi.
Uy-joy uchun to‘lanadigan haq
Uy-joy uchun to‘lanadigan haqning miqdori taraflarning o‘zaro kelishuviga binoan uy-joyni ijaraga berish shartnomasida belgilab qo‘yiladi. Basharti qonunga muvofiq uy-joy uchun to‘lanadigan haqning eng ko‘p miqdori belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, shartnomada belgilangan haq ana shu miqdordan oshib ketmasligi lozim.
Uy-joy uchun to‘lanadigan haqning miqdori bir tomonlama o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Uy-joy uchun haq ijaraga oluvchi tomonidan uy-joyni ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda to‘lab turilishi lozim. Agar shartnomada bunday muddatlar nazarda tutilgan bo‘lmasa, haq ijaraga oluvchi tomonidan har oyda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘lab turilishi shart.
“Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Yo’riqnomaga ko’ra, mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkni (uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi va boshqalar) ijaraga berilishida ijara shartnomasini notarial tartibda tasdiqlashda notarius quyidagilarni talab qiladi:
- ko‘chmas mulkning ijaraga beruvchiga mulk huquqi asosida tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat (nusxasi qoldirilib, asli qaytarib beriladi);
- «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi hududiy bo‘linmasining ma’lumotnomasi va Binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (nusxasi qoldirilib, asli qaytarib beriladi);
- ijaraga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy ro‘yxatda turuvchi shaxslar haqida fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan ma’lumotnoma yoki uy daftaridan ko‘chirma hamda doimiy ro‘yxatga olingan shaxslarning roziligi;
- ko‘chmas mulk umumiy birgalikdagi mulk bo‘lgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi;
- vasiylikdagi shaxsga qarashli bo‘lgan ko‘chmas mulk bir yildan ortiq muddatga ijaraga berilganda, vasiylik va homiylik organlarining roziligi;
Yaqinda ijara shartnomalari hisobini to‘g‘ri tashkil etish, ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlarni yashirish holatlari oldini olish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks “Fuqarolar o‘rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud ijaraga berish shartnomasining majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik” nomli 159-1-modda bilan to‘ldirildi. Unda fuqarolar o‘rtasida bino, inshoot yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud ijaraga berish shartnomasining majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Demak, ijara shartnomasi notarial tasdiqlangan bo’lishi kerak. Aks holda, bunday harakat javobgarlikni keltirib chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq fuqarolarning ularga tegishli bino, inshoot yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berishdan olinadigan daromadlari mulkiy daromad hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatqichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra joriy yilning 1-yanvaridan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkini ijaraga berishdan olgan daromadini soliqqa tortishda ijara haqining (yuridik va jismoniy shaxslar uchun) eng kam miqdorlari belgilandi. Jismoniy shaxslarga turar joyning 1 kvadrat metr uchun (umumiy maydondan kelib chiqib) ijara to‘lovining eng kam miqdori uning joylashgan joyiga qarab tabaqalashgan miqdorda belgilanadigan bo‘ldi. Jumladan, Toshkent shahrida 3 ming, Nukus shahri va viloyatga bo‘ysunadigan shaharlarda 2 ming, boshqa aholi punktlarida 1 ming so‘m bir oylik ijara to‘lovining eng kam miqdorlari o‘rnatildi. Shunga binoan, agar fuqaro turar joyni ijaraga berish shartnomasiga ko‘ra, umumiy maydoni 150 kv.metr bo‘lgan joyni har oyda 100 ming so‘m miqdorida ijara haqiga shartnoma tuzgan bo‘lsa, Toshkent shahrida belgilangan me’yorlarga muvofiq bunday maydondan ijara haqining 1 oylik minimal miqdori 450 ming (150×3000) so‘mdan kam bo‘lmasligi lozim.
Soliq kodeksining 181-moddasiga ko‘ra jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkini ijaraga berishdan olgan mulkiy daromadi (jismoniy shaxslarning daromadi miqdoridan qat’i nazar) olinadigan soliq shkalasining minimal stavkasida soliqqa tortiladi. Kodeksning 192-moddasiga muvofiq, bunda daromad olayotgan jismoniy shaxs belgilangan tartibda daromadlar to‘g‘risida dastlabki va yakuniy deklaratsiyalar taqdim etadi: dastlabki deklaratsiya — shunday daromadlar yuzaga kelgan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach, besh kunlik muddatda (agar bu daromadlarga jismoniy shaxslar daromadlariga to‘lov manbaida solinadigan soliq solinmagan bo‘lsa) taqdim etiladi; yakuniy deklaratsiya — o‘tgan soliq davridan keyingi yilning 15 yanvariga qadar taqdim etilishi kerak. Shuningdek, mol-mulkni ijaraga berishdan daromadlar olish to‘xtagan taqdirda jismoniy shaxs doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini bu haqda yozma shaklda xabardor qilishi lozim.
Soliq kodeksining 193-moddasiga ko‘ra, mol-mulk ijarasidan daromadlar oladigan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini dastlabki deklaratsiya asosida har oyda daromad olingan oydan keyingi oyning beshinchi kunigacha to‘laydilar (belgilab qo‘yilganidek, agar ushbu daromad to‘lov manbaida soliqqa tortilmagan bo‘lsa). Yil tugagach, ushbu soliqning yillik summasi haqiqatda olingan daromad bo‘yicha hisoblab chiqariladi. Bu summa bilan yil mobaynida to‘langan summalar o‘rtasidagi farq kelgusi yilning 15-martigacha soliq to‘lovchidan undiriladi yoki unga qaytariladi.
Kvartirani ijaraga oluvchilar mazkur kvartirada ro’yxatdan o’tishni istasa va ijaraga beruvchi bunga rozilik bildirsa, kvartira joylashgan Ichki Ishlar bo’limiga murojaat qilib, vaqtinchalik ro’yxatdan o’tishlari mumkin.
2 Comments