Savol: Ijaraga beriladigan uy uchun soliq qanday to’lanadi? Haftalik yoki kunlik ijaraga qo’yuvchilar davlatga soliq to’lashi kerakmi? Chet el fuqarolarini haftalik yoki kunlik ijaraga qo’yish mumkinmi?
Javob: Avvalo, uyingizni ijaraga berishdan oldin ijaraga oluvchi bilan shartnoma tuzishingizni tavsiya etamiz. “Ijara to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasiga ko’ra, ijara shartnomasida quyidagilar belgilanishi mumkin:
ijaraga berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati, uni ijaraga berish tartibi;
ijara muddati;
ijara haqi shartlari va miqdori, uni to‘lash muddatlari;
ijaraga beruvchi ijarachiga berishi kerak bo‘lgan mol-mulkning holati;
ijarachining mol-mulkdan foydalanish shartlari;
shartnomaning amal qilishi to‘xtatilganidan keyin ijarachining mol-mulkni ijaraga beruvchiga qanday holatda va qay tartibda qaytarishi;
ijaraga berilgan mol-mulkni tiklash va ta’mirlash yuzasidan tomonning majburiyati;
to‘la amortizatsiyadan so‘ng mol-mulk kimga qarashli bo‘lish shartlari;
agar ijaraga olingan mol-mulk keyinchalik sotib olish sharti bilan topshirilayotgan bo‘lsa, uni sotib olish shartlari, tartibi va muddati;
ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berish sharti, tartibi va imkoniyati;
ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga taqdim etadigan axborotning ko‘lami va axborotni berish muddatlari;
tomonlarning mas’uliyati.
Ijara shartnomasida yuqoridagi shartlarning har biri tilga olinishi shart emas, ammo ijara muddati, ijara haqi va tomonlarning mas’uliyati kabi muhim bandlar ko’rsatilishi kerak.
O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 176-moddasiga ko’ra, jismoniy shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan olgan daromadlari mulkiy daromadlar deb ataladi.
Mukiy daromadlar soliqqa tortiluvchi daromadlar toifasiga kiradi, ammo ularga daromadlarga belgilangan eng kam stavka bo’yicha soliq solinadi. Stavka soliq solinadigan bazaning o‘lchov birligiga nisbatan hisoblanadigan foizlardagi yoki mutlaq summadagi miqdorni ifodalaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalari, agar Soliq kodeksida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to’g’risida”gi qarori 8-ilovasiga ko’ra, 2013-yil eng kam ish haqining besh baravarigacha bo’lgan daromad uchun 8 % soliq stavkasi belgilangan. Eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarigacha bo’lgan daromad uchun 16% soliq stavkasi belgilangan. Eng kam ish haqining 10 baravaridan yuqori bo’lgan daromadlar uchun belgilangan soliq stavkasi esa 22%ni tashkil etadi.
Mol-mulk ijarasidan topilgan daromad daromadlar to’g’risidagi deklaratsiya asosida soliqqa tortiladi. Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya soliq to‘lovchining olingan yillik daromadi to‘g‘risidagi yozma arizasidan iborat bo‘ladi.
Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan formaga to’ldiriladi.
Soliq kodeksining 192-moddasiga muvofiq, ijaradan daromad olayotgan jismoniy shaxs belgilangan tartibda daromadlar to‘g‘risida boshida va oxirida deklaratsiya taqdim etadi. Dastlabki deklaratsiya ijaraga berish boshlanib, undan birinchi daromad olingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach, keyingi besh kun muddat ichida taqdim etiladi. Ushbu deklaratsiyada bir oy davomida ijaradan olayotgan daromadingizni ko’rsatishingiz kerak. Davlat soliq xizmati sizga ijaradan olayotgan daromadingizga qarab har oy to’lashingiz kerak bo’lgan soliq summasini belgilaydi. Agar mol-mulkni ijaraga berish va undan daromad olish to‘xtasa, jismoniy shaxs doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini bu haqda yozma shaklda xabardor qilishi lozim.
Shuningdek, yil oxirida o’tgan 12 oy davomida ijaradan topgan jami daromadingiz va ular uchun to’lagan soliqlaringiz summasi ko’rsatilgan yakuniy deklaratsiya topshirasiz. Uni yangi yilning 15-yanvariga qadar topshirishingiz kerak. Yakuniy deklaratsiyada ko’rsatilgan jami summa bilan yil mobaynida to‘langan summalar solishtirib chiqiladi va agar o’rtada farq aniqlansa, u kelgusi yilning 15-martigacha soliq to‘lovchidan undiriladi yoki unga qaytariladi.
“Ijara to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunida mol-mulk ijaraga berilishi mumkin bo’lgan shaxslar fuqaroligi haqida alohida band yo’q. Demak, uyingizni xorij fuqarolariga ham ijaraga berishingiz mumkin. Shuningdek, ijaraning eng kam yoki eng uzoq muddati ham qonunchilikda belgilanmagan. Demak, o’zaro ijara shartnomasiga ko’ra, siz ijara vaqtini istalgan muddatga belgilashingiz mumkin.
Haftalik yoki kunlik ijaraga qo’yganingizda, bir oylik daromadingizni deklaratsiya formasiga tushirib, davlat soliq xizmatiga topshirasiz. Ular sizga har oy to’lashingiz lozim bo’lgan soliq summasini aniqlab berishadi. Har oy daromadingiz har xil bo’lgani ucun, yil oxirida yakuniy deklaratsiya to’ldirganingizda, agar soliqni ko’p to’lagan bo’lsangiz, ortiqchasini qaytarib berishadi. Agar kam to’lagan bo’lsangiz, qo’shimchasini to’lashingiz kerak bo’ladi.