Savol: Men Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida 2-kurs talabasiman. Toshkent viloyatidanman. Uy bilan o’qish joyimning oraliq masofasi 85 km. Ikki yildan beri talabalar turar-joyiga joylasha olmayapman. Sababini so’rasam, Toshkent viloyatida turadiganlarga joy berilmaydi, deyishadi. Otam bilan yashamaymiz, onamning qarmog’idaman. Men nima qilishim kerak? Yotoqxonada turish uchun boshqa viloyatga borib ta’lim olishim kerakmi? Toshkent viloyatilik talabalarga turar-joy berilmasligi qaysi qonunga to’g’ri keladi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining Ta’lim to’g’risidagi qonuni 20-moddasiga ko’ra, ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilar qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga muvofiq imtiyozlar, stipendiya va yotoqxonada joy bilan ta’minlanadi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy va O’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilingan Oliy ta’lim to’g’risidagi nizom 49-moddasiga binoan, Toshkent shahridan boshqa viloyatlardan kelgan va turar-joyga muhtoj talabalar yotoqxona bilan ta’minlanishi kerak.
Demak, Toshkent shahridan tashqarida yashovchi talaba sifatida universitetingizdagi mavjud turar-joydan yashash joy talab qilishga haqqingiz bor. Ammo yotoqxonadagi mavjud o’rinlar va talabalar sonini hisobga olgan holda, universitet ma’muriyati qonun va nizom talablariga zid kelmagan holatda o’z ichki tartibini o’rnatishi mumkin. Masalan, yotoqxonadagi o’rinlarni, avvalo, Toshkent shahri va viloyatidan uzoqroq bo’lgan hududlardan kelgan talabalarga berish va ulardan so’ng yaqinroq viloyatlarga navbat berish siz o’qiydigan universitetning ichki nizomida belgilangan bo’lishi mumkin. Chunki universitet chet viloyatdan kelgan barcha talabalarni yotoqxona bilan ta’minlashga qodir bo’lmasligi mumkin.
Sizga universitet turar-joylarini boshqaruvchi ma’muriyat huzuriga borib, talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash tartibi qanday qonuniy yoki huquqiy asoslarga ko’ra amalga oshirilishini so’rashingizni tavisya etamiz. Ular o’rnatayotgan bu tartib biror buyruq yoki ichki nizom asosida amalga oshirilayotgan bo’lishi kerak. Agar ular bunday huquqiy asosni ko’rsata olmasa yoki Toshkent viloyatilik talabalarga turar-joy bermaslik ma’muriyatning faqat og’zaki buyrug’i asosida amalga oshirilayotgan bo’lsa, siz yuqorida tilga olingan Ta’lim to’g’risidagi qonun va Oliy ta’lim to’g’risidagi nizom asosida o’z huquqingizni talab qilishingiz mumkin.
Agar ular sizning huquqingizni poymol qilishda davom etsa yoki e’tirozingizni e’tiborsiz qoldirsa, avvalo, rektoratga, agar bu ham natija bermasa, so’ng Oliy va O’rta maxsus ta’lim vazirligiga yozma ravishda shikoyat qilishingizni maslahat beramiz.