Fuqarolik huquqi

“Uchastkovoy” ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

Savol: Men Toshkent shahriga vaqtincha ro’yxatda turish uchun “uchastkovoy” militsionerga murojat qilgan edim. U menga blanka yo’q deb bir oydan beri ro’yxatga quymayapti. MVDga telefon qilsam, ular blanka berilganligini aytishyapti. Bunday holatda kimga murojaat qilishim kerak?

Javob: Doimiy yoki vaqtincha ro’yxatdan o’tish qoidalari O’zbekiston Respublikasining pasport tizimi to’g’risidagi NIZOMda belgilangan. Militsiya nozirining “blanka” yo’ligini ro’kach qilib, arizangizni qabul qilmaslikka haqqi yo’q va bu holatning uzoq muddat davom etishi ham qonunga xilof. Bunday holatda mazkur militsiya noziri ustidan yuqori turuvchi organ, ya’ni tuman Ichki ishlar bo’limiga shikoyat qilishingiz lozim.

Shikoyatni yozishda unga asos bo’lgan holatlarni aniq tasvirlab, noqonuniy xatti-harakat ro’y bergan vaqt, joy, ishtirok etgan shaxslarning to’liq ismi, guvohlar bo’lsa, ularning to’liq ismi va aloqa uchun ma’lumotlarini va eng muhimi yozma yoki boshqa ko’rinishdagi hujjatlarni keltirish shikoyatingizning tez va ijobiy qondirilishiga asos bo’ladi.

“Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi Qonunning ko’ra, shikoyatda fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan, taklif, ariza yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi lozim. Ushbu ma’lumotlar ko‘rsatilmagan murojaatlar anonim xat hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

Ichki ishlar idorasi qonunda belgilangan qoidalarga to’liq rioya qilgan holda berilgan murojaatlarni ko‘rib chiqilishi shart. Murojaatlarni qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.

IIB shikoyatchiga shikoyatni tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to‘g‘risida sizga yozma tarzda ma’lum qilishi shart.

Arizalar va shikoyatlar davlat organiga, jamoaat birlashmasiga, korxona, muassasa va tashkilotga tushgan kundan e’tiboran 1 oy muddat ichida hal etiladi. Qo‘shimcha o‘rganishlar va tekshirishni talab qilmaydigan masalalarni esa 15 kundan kechiktirmay hal etishlari shart.

Ariza yoki shikoyatni hal etish uchun maxsus tekshiruvlar o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lsa, tegishli organ, korxona, muassasa, tashkilot rahbari yoki rahbarining o‘rinbosari ariza yoki shikoyatni hal etish muddatini, istisno tariqasida, uzaytirishi mumkin. Biroq bu muhlat 1 oydan oshmasligi lozim bo‘lib, bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi. Bunda murojaatni ko‘rib chiqish umumiy muddati ikki oydan oshmasligi kerak.

Agar IIB shikoyatingizni rad etsa, ko’rib chiqilishi qonunda belgilangan muddatlardan uzrli sabablarsiz kechiksa, shikoyat natijasi haqida siz xabardor qilinmasangiz yoki shikoyatingiz yuzasidan IIBning chiqargan qarori yoki ko’rgan chorasidan norozi bo’lsangiz, bo’ysunuv tartibiga ko’ra, Ichki ishlar Vazirligiga yoki to’g’ridan to’g’ri  prokuratura yoki sudga shikoyat qilishingiz mumkin. Qonunga ko’ra, fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori hamda unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi. Ular o‘zlariga berilgan vakolatlarga muvofiq fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, huquqbuzarlarni javobgarlikka tortishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish majburiyatiga ega.

Fuqarolarning shikoyat qilishi, xususan, militsiya usidan shikoyat qilish tartibi haqida batafsil quyidagi maqoladan ma’lumot olishingiz mumkin:

Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

Comments are closed.