Savol: Yaqinda haftalik gazetalardan birida tug’ma bo’yi pastlarga ham ijtimoiy nafaqa ajratilishi haqida o’qib qoldim. Mening bo‘yim 1 metr 34 sm. Aytingchi, menga ham ijtimoiy nafaqa ajratiladimi? Agar ajratilsa uning tartibi haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Agar beriladigan bo‘lsa men kimga murojaat qilishim kerak?
Javob: O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan tug’ma bo’yi pastlarga alohida ijtimoiy nafaqa ajratilmagan. Ammo yoshga doir pensiya olishda ularga imtiyozli pensiya olish huquqi berilgan. O’zbekiston Respbulikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida” qonunining 13-moddasida quyidagicha qoida o’rnatilgan:
“13-modda. Liliputlar va pakanalarga pensiyalar
Ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 15 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga gipofizar mittilik kasaliga chalinganlar (liliputlar) va gavda tuzilishida mutanosiblik buzilgan pakanalar:
erkaklar — ish staji kamida 20 yil bo‘lganda;
ayollar — ish staji kamida 15 yil bo‘lganda ega bo‘ladilar”.
Qonunning 7-moddasida esa yoshga doir pensiya olish huquqiga:
erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar, degan qoida belgilangan.
Demak, tug’ma bo’yi past bo’lgan shaxs ish staji kamida erkaklar uchun 20 yil, ayollar uchun 15 yil bo’lganda umumiy pensiyaga chiqish yoshini 15 yilga qisqartirgan holda imtiyozli ravishda pensiya olish huquqiga ega bo’ladi.
Pensiya tayinlash to’g’risida ariza berilganda davolash muassasasining arizachi gipofizar mittilik kasaliga chalingan (liliput)ligi va gavda tuzilishida mutanosiblik buzilgan, pakana ekanligi to‘g‘risidagi hujjatini ilova qilishi lozim.