Jinoyat va ma'muriy huquq

Tovlamachilik moddasining uchinchi qismi kilarga tegishli?

Savol: Jinoyat kodeksi 165-modda 3-qismi kimlarga tegishli?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi “Tovlamachilik” deb nomlanib, quyidagi qism va bandlardan iborat:

“Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast etkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish —

uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) ko‘p miqdorda;

v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —

besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik:

a) juda ko‘p miqdorda;

b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;

v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —

o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

165-moddaning 3-qismi tarkibi bilan batafsil tanishtiramiz.

a) Juda ko’p miqorda

Juda ko‘p miqdor        —‎        eng kam oylik ish haqining uch yuz baravari va undan ortiq bo‘lgan miqdordagi zarar hisoblanadi.

Demak, 165-modda 3-qism a-bandi tovlamachilik jinoyatini eng kam oylik ish haqining uch yuz baravari va undan ortiq bo’lgan miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etgan jinoyatchilarga nisbatan qo’llaniladi.

b) O’ta xavfli retsidivist tomonidan

Jinoyat kodeksi 34-moddasiga ko’ra, besh yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan qasddan yangi jinoyat sodir etish, ya’ni:

a) ilgari o‘ta og‘ir jinoyati uchun yoki ikki marta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinib, ularning har biri uchun besh yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxs tomonidan o‘ta og‘ir jinoyat sodir etilishi;

b) ilgari og‘ir jinoyati uchun ikki marta hukm qilingan yoki oldin-keyinligidan qat’i nazar, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun ularning har biriga besh yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxsning og‘ir jinoyat sodir etishi o‘ta xavfli retsidiv jinoyat deb topiladi.

Sudning hukmi bilan shaxs o‘ta xavfli retsidivist deb topilishi mumkin.

Shaxsni o‘ta xavfli retsidivist deb topish to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan vaqtda uning boshqa davlatlar sudlarining hukmlari bo‘yicha sudlanganligi ham hisobga olinishi mumkin.

Shaxsni o‘ta xavfli retsidivist deb topish to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan vaqtda uning o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligi, shuningdek qonunda belgilangan tartibda sudlanganlik muhlatlarining o‘tib ketganligi yoki olib tashlangan sudlanganligi inobatga olinmaydi.

Sud tomonidan shaxsni o’ta xavfli retsidivist deb topish bir qator huquqiy oqibatlarga olib keladi:

•           O’ta xavfli retsidivist erkaklar ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni maxsus tartibli koliniyalarda, ayollar esa, qattiq tartibli koloniyalarda o’tashadi;

•           O’ta xavfli retsidivistlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi muddatining bir qismini turma qamog’ida saqlash tarzida o’tash tayinlanishi mumkin;

•           Ularga nisbatan jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etishni qo’llashning bir qancha cheklashlari belgilanishi mumkin;

•           Ularga nisbatan shartli ravishda jazo tayinlash, jazo muddatidan ilgari shartli ozod etish va jazoni yengilrog’I bilan almashtirish mumkin emas;

•           O’ta xavfli retsidivistlarga nisbatan sudlanganlikni olib tashlashning alohida tartibi belgilangan.

Demak, 165-modda 3-qismi b-bandi tovlamachilik jinoyatini sodir etgan jinoyatchi sud tomonidan o’ta xavfli retsidivist deb topilganda qo’llaniladi.

v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa

Jinoyat kodeksining 29-moddasiga ko’ra, jinoyatda ishtirokchilik: oddiy ishtirokchilik, murakkab ishtirokchilik, uyushgan guruh, jinoiy uyushma shaklida bo‘ladi.

Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi oddiy ishtirokchilik deb topiladi.

Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok qilishi murakkab ishtirokchilik deb topiladi.

Ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh deb topiladi.

Ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun oldindan birlashishi jinoiy uyushma deb topiladi.

Bunday guruh jinoiy faoliyat bilan shug’ullanish uchun oldindan birlashgan shaxslarning yuqori uyushganlik darajasi, faoliyat olib borish vaqtining davomiyligi, ishtirokchilarning har biri unga yuklatilgan vazifaga muvofiq harakatlarining yuqori darajada tashkillashtirilganligi, jinoyatga tayyorgarlik va uni sodir etish jarayonida ular o’rtasidagi aloqaning barqarorligi, jinoyat izlarini yashirish, guruhdagi initizom va tashkilotchining bir necha bor jinoyat sodir etishga yo’naltirilgan ko’rsatmalariga bo’ysunishi va shu kabilar bilan tavsiflanadi.

Uyushgan guruh tomonidan jinoyat sodir etilganda ishtirokchilarning jinoyat sodir etishdagi vazifasigqanday bo’lganligidan qat’iy nazar, (tashkilotchi, bajaruvchi, dalolatchi, yordamchi, ishtirokchi) Jinoyat kodeksining 28-moddasini qo’llagan holda og’irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikkar tortiladi.

Demak, 165-modda 3-qismi v-bandi tovlamachilik jinoyati uyushgan guruh manfaatlarini ko’zlab, shu guruh a’zolaridan biri tomonidan sodir etilganda qo’llaniladi.

Comments are closed.