Savol: Toshkent shahrida doimiy ro’yxatda (propiska) turmaydigan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi Toshkent shahrida doimiy ro’yxatda (propiska) turadigan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan rasmiy nikohdan o’tib, oila qursa, Toshkent shahriga doimiy ro’yxatga kirish masalasi qanday hal qilinadi?
Toshkent shahrida doimiy ishlash uchun (davlat organlari yoki boshqa idoralarda) propiska (vaqtinchalik yoki doimiy) shartmi va bu qaysi hujjatlarda ko’rsatilgan?
Javob: “O’zbekiston Respublikasining pasport tizimi to’g’risida”gi Nizomning 34-bandiga ko’ra, er-xotin bir-birining uy-joy maydoniga uy-joy maydonining qanchaligidan qat’i nazar doimiy qayd ettirish huquqiga ega. Demak, Toshkent shahrida doimiy ro’yxatda turuvchi shaxs bilan rasmiy nikohdan o’tgach, Toshkent shahrida doimiy ro’yxatda (propiska) turish huquqiga ega bo’lasiz.
Yuqoridagi Nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududining bir joyidan ikkinchi joyiga olti oygacha muddat bilan vaqtincha yashash uchun kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy istiqomat joyidagi ro‘yxatdan chiqishni rasmiylashtirmagan holda vaqtincha qayd etiladilar va bunda pasportlarga qayd etish shtampi qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi boshqa joyga olti oydan ko‘proq muddatga vaqtincha yashash uchun jo‘nab ketadigan (xizmat safarlariga, ta’tillarga, dala hovliga, dam olish yoki davolanishga ketadiganlardan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ro‘yxatdan chiqishlari va vaqtincha turadigan joyda qayd etilishlari shart. Demak, 3 kundan ortiq muddatga boshqa joyga yashash uchun borganda, albatta, vaqtincha ro’yxatdan o’tish kerak bo’ladi. Toshkent shahrida ishlashingiz 3 kunlik muddatdan ko’p bo’lishi tabiiyligini hisobga olgan holda, vaqtinchalik ro’yxatdan o’tish talab etiladi. Mazkur Nizomning 43-bandiga ko’ra, fuqarolar pasporti bilan qayd ettirmay yashaganligi uchun, mansabdor shaxslar esa pasportsiz yoki pasporti haqiqiy bo‘lmagan fuqarolarni, shuningdek qaydsiz yashayotgan fuqarolarni ishga qabul qilgani uchun javobgarlikka tortiladi. Davlat organi yoki idoralariga ishga qabul qilinish uchun doimiy ro’yxatdan o’tish to’g’risida qoidalar belgilanmagan, ammo har qanday tashkilot va korxonaga ishga qabul qilinish uchun Toshkent shahrida vaqtinchalik ro’yxatdan o’tish talab etiladi.
One Comment