Xo'jalik va uy-joy huquqi

Toshkent shahrida buzilayotgan garaj egalarining qanday huquqlari bor?

Olam.uz saytining xabar qilishiga ko’ra, Toshkent shahrida 2011-yil mart oyi oxirida boshlangan va hozirgacha davom etayotgan “Namunali mahalla” dasturi doirasida shahardagi metal garajlarni buzish va ularning o’rnida mashinalar uchun turish joylari (“parkovka”) tashkil etish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur ma’lumotni Olam.uz tahririyati Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasidan olganini aytadi. Ajablanarlisi garajlarni demontaj qilish garaj egalari hisobidan amalga oshirilmoqda. Aytilishicha, buzilgan garajlar o’rnida ko’p qavatli garajlarni qurish tuman hokimiyatlarining rahbarligi ostida yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag’larini jalb etish orqali amalga oshiriladi.

Garajlarning buzulishi haqida Norma veb sahifasi ham 2011-yilning may oyida xabar bergan edi. O’quvchilardan birining “Eshitishimga ko’ra, hamma garajlar buzilib, ularning o’rniga ko’p qavatli mashina turish joylari qurilar ekan. Shu rostmi? Bu haqda biron bir qonun hujjati bormi?” deb bergan savoliga, Norma Toshkent shahar hokimining 175-sonli (2011-yil 29-mart) qarorini misol keltirib, haqiqatdan ham, “Namunali mahalla” dasturi doirasida qarorda nomi keltirilgan 22 mahallada garajlarning buzulishi nazarda tutilganligi aytadi.

Bugunga kunga qadar Toshkent shahar hokimining 175-sonli qaroridan boshqa garajlarni buzish masalasini tartibga soluvchi biron-bir qonun hujjati mavjud emasdek ko’rinadi. Bu holatni advokatlar ham ta’kidlamoqda. Lex.uz huquqiy portalida esa bu garajlarni buzishga tegishli qonun hujjati topilmadi.

Garajlarning buzulishidan norozi bo’lgan aholi asosan masalaning qonuniyligi jihatiga oydinlik kiritilishini talab qilmoqda.  Garajlar qaysi qonun hujjatiga asoslanib buzilyapti? Garajlar davlat tomonidan berilgan order asosida xususiylashtirilgan bo’lsa, garajlarni mulkdorga oldindan xabar bermasdan buzish ishlarini boshlab yuborish qonuniymi? Ba’zi hollarda esa garajlarning mulkdor hisobiga demontaj qilinishi talab qilinayotganligi qanchalik qonuniy? Garajlar buzilgani uchun mulkdorlarga kompensatsiya to’lanishi kerakmi? Qay tartibda va qancha miqdorda?

Mazkur maqolada garaj egalarining asosiy haq-huquqlari nimalardan iborat ekanligi haqida boradi.

Toshkent shahar hokimining 175-sonli Qarorida nima deyilgan?

2011-yil 29-martda qabul qilingan Toshkent shahar hokimining 175-sonli qarori “Toshkent shahrida “Namunali mahalla” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida” deb nomlanadi. Qaror Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi va tuman hokimiyatlariga “Namunali mahalla” dasturini amalga oshirish bo’yicha tegishli loyiha institutlariga takliflar kiritishini buyuradi (ruscha natni: Главному управлению по архитектуре и строительству  […], районным хокимиятам совместно с соответствующими службами в двухдневный срок внести в закрепленные проектные институты предложения по разработке проекта “Образцовая махалля”).

Qarorda haqiqatdan ham “Namunali mahalli” dasturi doirasida garajlarning buzulishi nazarda tutilgan. Qarorning 5.2-xatboshida garajlarning buzulishi va ularning o’rnida mashinalar uchun turish joylari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilishi aytiladi (ruscha matni: При этом уделить особое внимание […] сносу существующих гаражей и созданию стоянок автотранспортных средств.).

Qarorga ikkita qo’shimcha hujjat ilova qilingan. Birinchi ilovada “Namunali mahalla” dasturi amalga oshiriladigan tuman va mahallalar ro’yxati berilgan. Bular:

[1] Bektemir tumani (Husayin Bayqaro va Rohat mahallalari);

[2] Mirobod tumani (To’lariq va Yangi qo’yliq mahallalari);

[3] Mirzo Ulug’bek tumani (Uyg’onish va Katta yalang’och mahallalari);

[4] Sergeli tumani (Oqibat va Quruvchilar mahallalari);

[5]Olmazor tumani (Shifokorlar va Naqshbandiy mahallalari);

[6]Uchtepa tumani (Tinchlikobod va Farhod mahallalari);

[7] Shayhantohur tumani (Yangi Beltepa va Ibn Sino mahallalari);

[8] Hamza tumani (Binokor va O’rta masjid mahallalari);

[9]Chilonzor tumani (Qatortol va 3-Katta Chilonzor mahallalari);

[10]Yunusobod tumani (Akbarobod va Qashqar mahallalari);

[11]Yakkasaroy tumani (Qushbegi va Boshliq mahallalari).

Agar mazkur qarordan boshqa garajlarni buzishga tegishli hech qanday qonun hujjati qabul qilinmagan deb faraz qilinsa, garajlarning buzulishi va ularning o’rnida mashinalar uchun turish joyi tashkil etish faqat yuqorida sanab o’tilgan mahallalardagina amalga oshirilishi kerak. Demak, boshqa mahallalarda ham garajlarning buzulishi Toshkent shahar hokimining 175-sonli qaroriga asoslanib amalga oshirilayotgan bo’lsa, bu noqonuniy hisoblanadi.

Ikkinchi ilovada esa “Namunali mahalla” dasturini amalga oshirish ustida ishlaydigan loyiha institutlari ro’yxati beriladi.

Qonun hujjatlari mulk huquqi haqida nima deydi?

Toshkent shahrining barcha mahallalarida garajlarning buzulishini nazarda tutuvchi qonun hujjati mavjud bo’lgan taqdirda ham, bunday qarorni amalga oshirish uchun mas’ul bo’lgan davlat organlari fuqarolarning mulk huquqiga rioya etishlari kerak.

Mulk huquqiga tegishli huquqiy munosabatlar asosan O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi bilan tartibga solinadi. Fuqarolik Kodeksining 182-moddasiga ko’ra, mulk huquqining vujudga kelish asoslariga mol-mulkni yaratish, ko‘paytirish, bitimlar asosida qo‘lga kiritish; davlat mol-mulkini xususiylashtirish; meros qilib olish; va qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa asoslar kiradi.

197-moddaga ko’ra, mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qo‘yish (sotib olish) yo‘li bilan, shuningdek mulk huquqini bekor qiluvchi qonun hujjatlariga asosan bekor bo‘ladi.

206-moddaga ko’ra, davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan er uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunlarda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk beriladi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan etkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi.

Mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga mulkdor rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror nizo sud tomonidan hal qilingunicha amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni ko‘rib chiqish vaqtida mulkdorga etkazilgan zararni to‘lash bilan bog‘liq barcha masalalar ham hal qilinadi. Bu degani, “Toshkent shahrining barcha mahallalarida garajlar buzilsin” degan qaror mavjud bo’lgan taqdirda ham, agar garaj egalari o’z huquqlarini himoya qilib sudga murojaat qilsalar, sud qaror chiqargunga qadar garajlarning buzulishi bo’yicha ishlar olib borilishi mumkin emas.

207-moddaga ko’ra, xususiy mulk huquqi shaxsning qonun hujjatlariga muvofiq tarzda qo‘lga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir. Belgilangan tartibda ajratib berilgan er uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyga mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Kooperativ uy-joyga, kvartiraga, garajga, chorboqqa va boshqa binolarga mulk huquqi kooperativ a’zosi pay badallarini batamom to‘lab bo‘lganidan keyin vujudga keladi (210-modda).

212-moddada o‘zboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari haqida gap ketadi. Mazkur moddaga ko’ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan er uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Shu sababli bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas. O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim. Toshkent shahrida o’zboshimchalik bilan qurilgan garajlar talaygina. Bular Fuqarolik Kodeksining 212-moddasi nazarda tutilgan “o’zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.” Ammo ba’zi garajlar o’zboshimchalik bilan qurilgan bo’lgan taqdirda ham, mazkur moddada belgilanishicha, bunday garaj sudning qaroriga binoan garajni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

Amaliy maslahatlar

Birinchi navbatda garajlarga bo’lgan egalik huquqingizni isbotlovchi barcha hujjatlarni ehtiyot qiling. O’zbekistonda ba’zan garaj oldi-sotti ishlari aniq qonun-qoidalarga rioya qilinmasdan amalga oshirilgan bo’lishi mumkin. Shunday bo’lsa ham, garaj oldi-sotti shartnomasi, garaj xususiylashtirilganligi haqida hujjat va shu kabi hujjatlarni yig’ib qo’ying.

Garajingizga qo’shni bo’lgan garaj egalari bilan uchrashib, bunday vaziyatda qonun doirasida nima qilish mumkinligini maslahat qiling. Ishning boshidanoq malakali advokatni yollashda ko’p foyda bor. Advokat yollashda e’tibor berish kerak bo’lgan jihatlar haqida bu yerda foydali maslahatlar o’qishingiz mumkin. Advokat xizmatlaridan faqatgina sudga da’vo arizasi yozish uchun va sudda sizni himoya qilish uchungina foydalanmang. Advokatga garajingiz buzulishi haqida eshitishingiz bilanoq murojaat qiling. Adokat garaj egalariga bunday vaziyatda nima qilish kerakligi, ularning asosiy huquq va majburiyatlari nimadan iborat ekanligi, turli davlat organlari va sudga ariza yozish va boshqa huquqiy masalalarda yordam beradi. Barcha garaj egalari iloji boricha bitta yuqori malakali va tajribali advokatni yollashlari kerak. Shunda haq-huquqlaringizni himoya qilishda hamma kelishgan holda harakat qiladi va malakali advokat xizmati ham nisbatan arzonga tushadi.

Advokat yollaganingizdan keyin advokat faoliyatini nazorat qilib turishni unutmang. Odatda malakali advokatlar juda band bo’ladi. Shuning uchun ular bilan hamisha aloqada bo’lib, siz topshirgan ishingiz qanday kechayotganligi haqida ma’lumot olib turishingiz kerak. Agar advokat sizning qonuniy huquqlaringizni yetarli darajada himoya qilmayapti deb o’ylasangiz, uni zudlik bilan boshqa advokatga almashtirishingiz kerak.

Turli davlat organlari bilan bog’lanib, o’z shikoyatingizni bildiring. Masalan, Adliya Vazirligining ham On-line Qabulxonasi, ham Ishonch telefonlari mavjud. Ichki Ishlar Vazirligining ham Ishonch telefonlari bor. Mazkur davlat organlariga qo’ng’iroq qilishni har bir garaj egasi amalga oshirishi kerak. Ishonch telefonlariga qo’ng’iroq qilganingizda shikoyatingizni bildirish bilan birga, garaj buzulishi qaysi hujjat asosida amalga oshirilayotganini va asosiy huquqlaringiz nimadan iboratligi haqida o’rganishga harakat qiling. Agar biron mutasaddi shaxs qabuliga kirishning ilojisi bo’lsa, albatta kirishga harakat qiling.

Garajlarning buzulishi ishlarini qaysi davlat idorasi boshchiligida amalga oshirilayotganini o’rganishga harakat qiling. Xabarlarga ko’ra, bu organ Toshkent shahar hokimiyati. Davlat organini aniqlab olish sizga ariza yoki shikoyat bilan qaysi davlat ustidan yozishni belgilab olishda kerak bo’ladi. Shu bilan birga davlat organining bunday xatti-harakatlari uchun vakolati bormi yo’qmi, aniqlab olishingiz mumkin. Shahar hokimiyatiga yuboriladigan arizada quyidagi savollarga oydinlik kiritilishini so’rashingiz mumkin:

–          Garajlarning buzulishi qaysi qonun hujjati asosida amalga oshirilayotganligi;

–          Garajlarning buzulishi qaysi hududlarni o’z ichiga olishi;

–          Garaj buzulishi qay tartibga amalga oshirilishi;

–          Garaj egalariga kompensatsiya qay tartibda va miqdorda to’lanishi.

Hokimiyatga yuborilgan arizaning bir nusxasini shahar prokuraturasiga va Prezident devoniga ham yuborish kerak. Ariza yoki shikoyat yozishda e’tibor berilishi kerak bo’lgan jihatlar va arizani qanday qilib yuborish kerakligi haqida bu yerda batafsil yozganmiz.

Garaj buzilishiga tegishli bo’lgan barcha hujjat va dalil sifatida qo’llanilishi mumkin bo’lgan ma’lumotlarni yig’ib, ehtiyt qilib saqlang. Bunday ma’lumotlarga quyidagilar kirishi mumkin: garaj egalari bilan aloqa qilgan mansabdor shaxsning ism-sharifi, lavozimi, ish joyi, garajlarni buzish ishlarini isbotlovchi materiallar (buzulish joyidan olingan rasmlar, video lavhalar, va hkz.). Ba’zi joylarda garaj buzulishiga qarshilik ko’rsatgan aholi punktlariga shahar hokimiyatida ishlaydigan mutasaddi shaxs kelib fuqarolar bilan suhbat o’tkazmoqda (do’q urib, qo’rqitib ketganlar ham uchramoqda). Suhbatni va savollarga berilgan javoblarni albatta diktofonga yozib olishga harakat qilish kerak. Aksariyat qo’l telefonlarida diktofon mavjudligi sizga qulaylik tug’diradi.

Comments are closed.