Xo'jalik va uy-joy huquqi

Toshkent shahar hokimining garajlarni buzish haqidagi qarori qonuniymi?

O’tgan yil iyun oyida aholi noroziligiga sabab bo’lgan garajlarning buzilishi va bu holatda garaj egalarining qanday huquqlari borligi haqida maqola chop etgan edik. Mazkur maqolada asosiy masala mulkdorlar xususiy mulklarini qonunan qanday himoya qilishlari mumkiligi haqida edi. Kuni-kecha garajlarning buzilishi yana avj olgani haqida Газета.uz va bir qator boshqa ommaviy axborot vositalari xabar tarqatdi. O’tgan yildan farqli o’laroq, bu safar garajlarning buzilishi Toshkent shahar hokimining qarori asosida amalga oshirilyapti. Газета.uz bergan xabarda bevosita Toshkent shahar hokimi chiqargan qarorning matni keltirilgan. Qaror“Toshkent shahrida avtomotortransport saqlash qurilmalarini obodonlashtirish va shaharsozlik qoidalariga muvofiq tartibga keltirish to’g’risida” deb nomlangan. Mazkur Qaror 2013-yil 8-aprelda qabul qilingan bo’lsa ham, ommaviy axborot vositalarida, xususan, “Toshkent oqshomi” gazetasida 2013-yil 15-aprelda e’lon qilingan. Mazkur maqolamizda Toshkent shahar hokimining shu qaroriga huquqiy baho berimiz.

 Toshkent shahar hokimi Qarorining eng asosiy jihatlari va ularning qonuniyligi

Toshkent shahar hokimi Qarorining eng asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:

1)      Qarorning kirish qismida “Toshkent shahrida shaharsozlik norma va qoidalari talablariga javob bermaydigan avtomototransportlar saqlash qurilmalari obodonlashtirish ishlarini olib borishga to’sqinlik” qilayotgani aytiladi. Demak, garajlarning buzilishi uchun asosiy sabab ularning shaharsozlik norma va qoidalari talablariga javob bermasligidir. Shu o’rinda savol tug’iladi: Garajlarga nisbatan shaharsozlik norma va qoidalari talablari nimadan iborat? Agar garajlar haqiqatdan ham shaharsozlik talablariga javob bermasa, garaj egalariga ilk navbatda mazkur muammoni belgilangan muddatda bartaraf qilishni aytish to’g’ri bo’lmaydimi? “Shaharsozlik talablariga javob bermaydi” bahonasi bilan barcha garajlarni buzib tashlash o’rinlimi?

Shu o’rinda “o’zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar” haqida qonunchilikda nima aytilganini keltirish o’rinli. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 212-moddada o‘zboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari haqida gap ketadi. Mazkur moddaga ko’ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek, imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Shu sababli bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas. O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim. Toshkent shahrida o’zboshimchalik bilan qurilgan garajlar talaygina. Bular Fuqarolik Kodeksining 212-moddasida nazarda tutilgan “o’zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.” Demak, o’zboshimchalik bilan qurilgan garaj, sudning qaroriga binoan, garajni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

2)      Qarorning 1-bandida “Toshkent sharida o’rnatilgan avtomototransport saqlash qurilmalari joylashgan yer uchastkalarini olib qo’yish va ular o’rniga zamonaviy yengil turdagi avtomototransportlar uchun turar joylarni tashkil etish to’g’risidagi” taklif ma’qullansin, deyiladi. Mazkur taklif esa “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yong’inga qarshi kurash boshqarmasi, Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo’mitasi va bir qator jamoat tashkilotlaridan chiqqani aytiladi. Ammo huquqiy-demokratik davlatda mulkdorlarning xususiy mulki bir necha davlat organi va jamoat tashkiloti bergan “taklif” asosida olib qo’yilmaydi. Unda qonunlarda belgilangan xususiy mulkning kafolatlari qayerda qoladi? Xususiy mulkning cheklanishi faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so’zsiz tan” olinib, mansabdor shaxslar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’rishlari aytiladi (15-moddada). Mazkur qoidaga bog’liq holda, “birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas”, deb belgilangan (16-modda). Fuqarolarning Konstitutsiyaviy va qonuniy huquqlari daxlsiz bo’lib, ularni faqatgina sud qarori asosida cheklash mumkin (19-modda). O’zbekiston Respublikasida har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli bo’lib, uning xususiy mulki daxlsiz va davlat himoyasidadir (36, 56-moddalar). Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin (56-modda).

3)      Qarorning 3-bandida shunday deyiladi: “2013-2014 yillarda Toshkent shahridagi barcha o’rnatilgan avtomototransport saqlash qurilmalarini bosqichma-bosqich olib, ular o’rniga har tomonlama shaharsozlik normalari va qoidalariga javob beradigan, zamonaviy avtomototransportlar turar joylarini tashkil etish manzilli jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin”, deyiladi. Mazkur qaror qonuniy deb topilib, uni ijro etish bo’yicha ishlar boshlangan taqdirda ham, qarorga ko’ra buzilgan qurilmalar o’rniga “har tomonlama shaharsozlik normalari va qoidalariga javob beradigan” joylar qurilishi kerak. O’tgan yil yoz oyidan beri kelayotgan xabarlarga ko’ra esa, “har tomonlama shaharsozlik talablariga javob beradigan” joylar umuman qurilmagan. Bunday qurilmalar qanday qurilmalar ekanligi haqida ham aytilmaydi. Aksariyat joylarda garajlar buzilganicha qolib ketgan. Garaj egalari esa ham xususiy mulklaridan, ham mashinalarini qo’yadigan joydan mahrum bo’lgan.

4)      Qarorning 4-bandida esa tuman hokimlariga “birinchi navbatda avtomototransport saqlanayotgan qurilma egalariga avtomonotransportlar turar joylari ajratish belgilansin va qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirish amalga oshirilsin”, deyilgan. Qaror mazkur holat qanday amalga oshirilishi haqida hech narsa demaydi. Qurilma, ya’ni garaj egalariga “joylar ajratish” qanday amalga oshiriladi? “Qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirish”chi?

Faraz qiling, garajlar o’rnida ko’p qavatli avtoulov turar-joyi qurildi. Xo’sh, garaj egalari uchun bu yerdan bepul joy ajratiladimi yoki bu joylar ma’lum haq evaziga ijaraga beriladimi?

Amaldagi qonunchilik mulkdorlarning mulki olib qo’yilishiga nisbatan jiddiy talablar qo’yadi. O’zbekiston Respublikasi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi Qonunining (bundan buyon Xususiy mulkni himoya qilish haqidagi Qonun) 17-moddaga binoan, xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkni, shu jumladan, yer uchastkasini olib qo‘yish mulkdorga uning bozor qiymati, shuningdek, bunday olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘la qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi. Shunga o’xshash talab 19-moddada ham belgilangan. Unga ko’ra, “davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo‘yishga qaratilmagan qarori, shu jumladan, mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar,  yoki dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga faqatgina qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yilib, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk beriladi va u ko‘rgan boshqa zararlarning o‘rni qoplanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni to‘la hajmda qoplanadi.” Xuddi shunday talab O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 206-moddasida ham belgilangan.

5)      Qarorning 9-bandida qaror e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oydan keyin kuchga kirishi belgilangan. Qaror 2013-yil 15-aprelda e’lon qilindi. Demak, uning ijro etilishi, mulkdorlar sudga murojaat qilib mazkur qaror ijrosi to’xtatib turilishini talab qilmaganlarida, 2013-yil 15-maydan boshlanishi kerak. Garajlarni buzish haqidagi xabarlar esa allaqachon OAVda paydo bo’ldi.

Xususiy mulkni himoya qilish haqidagi Qonunining 19-moddasiga binoan, “Davlat organlari uyning, boshqa imoratlarning, inshootlarning […] mulkdorini qabul qilingan qaror to‘g‘risida buzib tashlash boshlanishidan kamida olti oy oldin, bildirishnomaga tegishincha […] Toshkent shahar hokimi qarorining ko‘chirma nusxasini ilova qilgan holda yozma ravishda (imzo qo‘ydirib) xabardor qilishi shart.” Mazkur moddaning davomida esa, “Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash […] zararining o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘la qoplanmagunga qadar yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi. Shu bilan birga, “Mulkdor xususiy mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror sud tomonidan nizo hal etilguniga qadar amalga oshirilishi mumkin emas.” Xuddi shunday talab O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 206-moddasida ham belgilangan.

Yuqoridagi tahlilimiza ko’ra, Toshkent shahar hokimi chiqargan qaror ziddiyat, noaniqliklar, qolaversa, konstitutsiyaviy huquqlar va amaldagi qonunchilik normalarga zid holda qabul qilingan. Xususiy mulk haqidagi Qonunning 7-moddasida “mulkdor huquqlarining ustuvorligi tamoyili” mustahkamlangan. Mazkur tamoyilga ko’ra, mulkdor va davlat organi o’rtasida xususiy mulk huquqini amalga oshirish yuzasidan kelib chiqadigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etilishi shart. Toshkent shahar hokimi qarorida ziddiyatlar va noaniqliklar talaygina. Demak, ular bartaraf etilmaguncha qarorni ijro etish noqonuniy hisoblanadi.  Shuningdek, qaror 15-maydan kuchga kirgani bilan, buzilishi lozim bo’lgan garaj egalariga bu haqda 6 oy avval ma’lum qilish kerak. Ya’ni, bu haqda ularga ma’lumot berilgach, buzish ishlarini olti oygacha boshlashlari mumkin emas. 

Amaliy maslahatlar

Birinchi navbatda garajlarga bo’lgan egalik huquqingizni isbotlovchi barcha hujjatlarni ehtiyot qiling. O’zbekistonda ba’zan garaj oldi-sotti ishlari aniq qonun-qoidalarga rioya qilinmasdan amalga oshirilgan bo’lishi mumkin. Shunday bo’lsa ham, garaj oldi-sotti shartnomasi, garaj xususiylashtirilganligi haqidagi hujjat va boshqa shu kabi rasmiy ma’lumotlarni yig’ib qo’ying.

Mulkdorni mol-mulkidan mahrum etish faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshirilishi mumkinligini unutmang. Xususiy mulkni himoya qilish haqidagi Qonunning 6-moddasiga binoan, “davlat buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi.” Mazkur modda mulkdorga yetkazilgan zarar qonun hujjatlariga muvofiq to‘la hajmda qoplanishi kerakligini ham belgilaydi.

Xususiy mulkni himoya qilish haqidagi Qonunning 15-moddasiga binoan, mulkdor davlat organlarining xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bog‘liq qonunga xilof qarorlari, mansabdor shaxslarning esa qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan (1) sudga yoki (2) bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat qilishi mumkin. Bunday shikoyat bilan fuqaro sudga murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Sudga murojaat qilishdan oldin garajingizga qo’shni bo’lgan garaj egalari bilan uchrashib, bunday vaziyatda qonun doirasida nima qilish mumkinligini birgalikda maslahat qiling va huquqingizni birga himoya qiling.

Imkoniyatingiz bo’lsa, zudlik bilan malakali advokat yollashingizni tavsiya qilamiz. Advokat yollashda e’tibor berish kerak bo’lgan jihatlar haqida “Yaxsi advokatni qanday topish mumkin?” nomli maqolamizdan o’qishingiz mumkin. Advokat xizmatlaridan faqatgina sudga da’vo arizasi yozish uchun va sudda sizni himoya qilish uchungina foydalanmang. Advokatga garajingiz buzilishi haqida eshitishingiz bilanoq murojaat qiling. Advokat garaj egalariga bunday vaziyatda nima qilish kerakligini, ularning asosiy huquq va majburiyatlari nimalardan iborat ekanligini tushuntirib, turli davlat organlari va sudga ariza yozish va boshqa huquqiy masalalarda yordam beradi. Barcha garaj egalari, iloji boricha, bitta yuqori malakali va tajribali advokatni yollashlari kerak. Shunda haq-huquqlaringizni himoya qilishda hamma kelishgan holda harakat qiladi va malakali advokat xizmati ham, nisbatan, arzonga tushadi.

Advokat yollaganingizdan keyin advokat faoliyatini nazorat qilib turishni unutmang. Odatda, malakali advokatlar juda band bo’ladi. Shuning uchun ular bilan hamisha aloqada bo’lib, siz topshirgan ishingiz qanday kechayotganligi haqida ma’lumot olib turishingiz kerak. Agar advokat sizning qonuniy huquqlaringizni yetarli darajada himoya qilmayapti, deb o’ylasangiz, uni zudlik bilan boshqa advokatga almashtirishingiz kerak.

Sudga murojaat qilish bilan bir vaqtda O’zbekiston Respublikasida qonunlarning ijrosi uchun mas’ul bo’lgan davlat organlariga ham shikoyat yuborishni unutmang. Ariza yoki shikoyat yozishda e’tibor berilishi kerak bo’lgan jihatlar va arizani qanday qilib yuborish kerakligi haqida bu yerda batafsil yozganmiz. Konstitutsiyada qonunlarning ijrosi uchun mas’ul davlat organlari qatoriga quyidagilar kiritilgan:

–          O’zbekiston Respublikasi Prezidenti – fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili hisoblanadi (93-modda).

–          Vazirlar Mahkamasi – Qonunlar, Oliy Majlis qarorlari, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi (98-modda).

–          Konstitutsiyaviy sud – qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘rib chiqadi (108-modda).

–          Prokuratura – Qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi (118-modda).

Garaj buzilishiga tegishli bo’lgan barcha hujjat va dalil sifatida qo’llanilishi mumkin bo’lgan ma’lumotlarni yig’ib, ehtiyot qilib saqlang. Bunday ma’lumotlarga quyidagilar kirishi mumkin: garaj egalari bilan aloqa qilgan mansabdor shaxsning ism-sharifi, lavozimi, ish joyi, garajlarni buzish ishlarini isbotlovchi materiallar (buzilish joyidan olingan rasmlar, video lavhalar, va hkz.). Ba’zi joylarda garaj buzulishiga qarshilik ko’rsatgan aholi punktlariga shahar hokimiyatida ishlaydigan mutasaddi shaxs kelib fuqarolar bilan suhbat o’tkazmoqda (do’q urib, qo’rqitib ketganlar ham uchramoqda). Suhbatni va savollarga berilgan javoblarni albatta diktofonga yozib olishga harakat qilish kerak. Aksariyat qo’l telefonlarida diktofon mavjudligi sizga qulaylik tug’diradi.

3 Comments