Toshkent Oʻrta Osiyo mintaqasidagi eng yirik va aholisi eng koʻp shahar boʻlib, bu yerda 3 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi. Poytaxtimiz haqli ravishda Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi maqomiga daʼvogarlik qiladi. Oʻzbekiston Hukumati haqli ravishda shaharni butkul oʻzgartirish va uni obroʻsini yana ham oshirish maqsadida Toshkent City kabi multi-milliard loyihani boshlab berdi. Unga koʻra, 2022-yilga borib bitishi lozim boʻlgan zamonaviy mitti shaharchada turli binolar qad koʻtarib, Toshkentning biznes markaz sifatidagi obroʻsining oshishiga xizmat qiladi. Biznesning rivoji uchun infratuzilmaning muhimligini inobatga olsak, yuqoridagi gapga shubha qilmasa ham boladi.
Endi esa bir-ikki savollar bilan mavzuga kirsak: Toshkent Cityga qanday biznes qiluvchi kompaniyalar kirib keladi? Albatta yurtimizning tabiiy boyligi koʻpligini hisobga olsak, neft va gaz sohasi, konchilik tizimidagi xalqaro kompaniyalarni; aholimiz koʻpligini hisobga olganda esa turli tuman mahsulot ishlab chiqaruvchilarning kirib kelishini taxmin qilishimiz mumkin. Bizningcha, bularning oʻzigina Toshkent City uchun aslo etarli emas. Keyingi paytda koʻpchilik tomonidan unitilayotgan holat, bizningcha, Toshkent City ning yuksak xizmatlar korsatuvchi shahar sifatidagi rolidir.
Albatta xizmat koʻrsatish sohasi tilga olinishi hamonoq, koʻpchilik informatsion-kommunikatsiya texnologiyalari (IKT) ni oʻylaydi, va ular maʼlum darajada haqlilar. Biroq, hamma narsa ham hozir IKT bilan hal etilmaydi va IKT qilolmaydigan ishlar hali nihoyat darajada koʻp. Eʼtiboringizni qaratmoqchi boʻlgan sohamiz bu- Toshkentning yuridik xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha mintaqaviy markaz holiga keltirishdir. Huquqiy davlatda ishlarning qonunlarga asosan yuritilishida yuridik xizmatning oʻrni beqiyos. Ayniqsa, biznes-tadbirkorlik yuritish uchun layoqatli yursit-huquqshunosning bolishi juda ham muhim hisoblanadi. Ularning orasida yana ham muhimi, kompaniyalar orasidagi nizolarning hal etilishidir. Chunki, inson bor joyda nizo boʻladi, oldi-berdi mavjud joyda esa kelishmovchilik chiqadi. Bu tabiiy bir holatdir. Fuqarolik jamiyatida esa bunday nizolarning madaniy tarzda, sud yoki boshqa muqobil usullar orqali echish talab etiladi. Toshkent City uchun esa aynan xalqaro arbitraj markazining barpo etilishi boʻlmasa, bu kabi ulugʻvor maqsadlarni amalga oshirib boʻlmas holatdir.
Xalqaro arbitraj deganda, davlat sudlariga muqobil tarzda kompaniyalar yoki davlat va kompaniyalar oʻrtasidagi nizolarni hal etuvchi hakamlik sudlari tushuniladi.
Bizda ham 2006-yildagi Hakamlik Sudlari toʻgrisidagi Qonun asosida bir necha yuzlab hakamlik sudlari tuzildi va ularning koʻpchiligi hozirda oʻz faoliyatlarini yuritmoqda.
Savol tugʻiladi: nega davlatimizning iqtisodiy sudlari boʻla turib boshqa yangi shunday arbitraj institutini barpo etish zarur? Sababi,
- arbitraj jarayoni tez va oson bolib, xarajati ham oz;
- arbitraj jarayonida faqat taraflar va ularning vakillari ishtirok etib, taraflarning shaxsiy va tijorat sirlari saqlanishiga olib keladi;
- yakka yoki uch kishidan iborat arbitrlar guruhi tuzulib, ular har bir nizoning faktlariga kora ishni moslashuvchan tarzda yuritishlari taraflarga katta qulaylik tugdiradi;
- nafaqat huquqshunoslar, balki maʼlum bir soha boyicha chuqur mutaxassislikka erishgan insonlarni(quruvchilik, farmasevtika kabi) jalb etish orqali murakkab faktli nizolarni tez echilishiga erishish mumkin;
- xalqaro arbitrajda davlat sudi nazorati mavjud boʻlmagani sababli, unda xalqaro yoki kollizion muammolarni ham koʻrish mumkin;
- arbitraj sudlaridagi maxfiylikka amal qilish (confidentiality) maksimal darajada saqlanadi.
Hammadan ham muhimi, mahalliy tadbirkorlarimiz uzoq oʻlkalarga borib katta miqdordagi moliyaviy harajat qilmasdan chet el firmalari bilan boladigan nizolarni Toshkentda hal qilish imkoniga ega boʻlishadi. Agar bunday markazni oʻzimizda tashkil qilmasak, unda mahalliy firmalarimiz chet ellik firmalar bilan tuziladigan shartnomada nizo hal etish joyini oʻsha mamlakat (misol uchun, Germaniya, Xitoy yoki Ukraina) deb belgilashga majbur boʻlishadi.
Boshqa tomondan, xalqaro arbitraj tajribasining ichki milliy qonunchiligimizga ijobiy taʼsirini ham qayd etish joiz. Chet el elementi qorishgan nizoning yurtimizdagi xalqaro arbitraj institut(lar)i tomonidan koʻrib chiqilishi arbitrlarimizdagi qiyosiy huquqshunoslik boʻyicha bilim va tajribani orttiradi. Prosedural huquqning ham taraqqiy etish ehtimoli bor. Chunki, arbitraj asosan taraflarning ʼtortishuvchanlikʼ prinsipiga asoslangan boʻlib, bu holatda anglo-sakson tizimining kontinental huquq tizimiga ijobiy taʼsir etilishi kuzatiladi. Bundan tashqari, sudyalar mustaqilligi muammo sifatida koʻtarilayotgan bir paytda, huquqshunoslar arbitrlik qilish orqali mustaqil hakam sifatida faoliyat yuritish malakasiga ega bolsihadi.
Oʻzi bunday loyiha zarurmi? Albatta zarur.
Chunki, mustaqilligimizning 27 yillik yili davomida xususiy va davlat korxonalari chet ellarda juda qimmat turuvchi arbitrajlarda nizolarni hal etish uchun qatnashishdi, qatnashishmoqda ham va ularning bir necha oʻn million AQSH dollari toʻlaganligi hech kimga sir ham emas. Shundoq ekan, biz oʻzimizda xalqaro nizolarni koʻra oladigan, ularni oʻta holis shaklda hal etadigan, oʻzining mustaqil reglamenti, turli millatlardan tashkil topgan kuchli arbitrlar jamoasi va eng zamonaviy bino va texnologiyalarga ega bolgan Xalqaro Arbitraj Markazini qurishga majburmiz!
Boshqa tomondan, 2006-yilgi Qonun amaliyotga tadbiq etilganidan boshlab mana oradan 10 yildan ziyod vaqt oʻtdi. Oʻzbekistonlik arbitrlar, advokatlar va shirkatlar u haqda ancha muncha tajriba hosil qilishdi. Endi esa qoʻrqmasdan, xalqaro arbitrajni yurtimizda tashkil etish vaqti etib keldi. Buning sabablaridan biri, dunyoning juda koʻp davlatlari, hatto qoʻshnimiz boʻlgan Qozogiston Respublikasi ham xalqaro arbitraj toʻgrisidagi qonunni allaqachon qabul qilib boʻlgan. Ikkinchi sababi esa, xalqaro arbitrajning yurtimizga kirib kelishi ish izlab yurgan yuristlarimiz uchun qoʻshimcha daromad manbai hisoblanib, yuristlar orasidagi ishsizlikning kamayishiga, ularning saviyasi yana ham ortishiga sabab boladi. Birgina misol, Angliyaning yillik yuridik xizmatlari bahosi mamlakat yalpi milliy mahsuloti ichida 25.7 milliard funt streling deb baholanadi. 3 Tasavvur qila olasizmi: Angliyalik yuristlar birgina yuridik xizmatlar uchun 25.7 milliard ishlab oladi, uning ichida arbitraj va nizolarni boshqa yoʻllar bilan hal etish salmoqli oʻrin egallashiga shubham yoʻq. Shunday ekan, nega Toshkentda hech boʻlmasa mintaqamizdagi xalqaro tijorat nizolarini hal etuvchi markazni tashkil qilmasligimiz kerak?!
Unda 2006-yilgi “Hakamlik Sudlari toʻgʻrisida“gi Qonuni bilan shunday muammolarni hal etsak boʻlmaydimi? Bundan tashqari, Savdo-Sanoat Palatasi qoshida Xalqaro Tijorat Arbitraji Sudi ham tuzilgan. Ushbu mavjud huquqiy institutlar bilan hal etsak boʻlmaydimi? Yoʻq boʻlmaydi. Sababi esa juda oddiy: 2006 yilgi Qonun ichki arbitraj nizolarini hal etish qabul qilingan boʻlib, yurtimizdan tashqarida yuz bergan nizolarni hal etish masalasini oʻz ichiga olmagan, yarimchala qonundir. Shuningek, 2006 yilgi qonun chet ellik huquqshunoslarning yurtimizga kelib arbitrlik faoliyati bilan shugullanishiga ruxsat bermaydi. Vaholanki, Toshkent City brendini kuchaytirish uchun chet ellardan nomi chiqqan kuchli arbitrlarni kezi kelganda yurtimizga jalb qilishda katta foyda bor. Ushbu muammolarning fundamental yechimi sifatida hozirda Parlamentimizda Xalqaro Arbitraj toʻgrisidagi Qonun loyihasi muhokama qilinmoqda va umid qilamizki ushbu qonun yurtimiz va mintaqamizda arbitraj sohasida inqilob yasab, Toshkentimizni haqiqiy manoda arbitraj markaziga aylanishiga yordam beradi.
Aslida, hozirda juda koʻp shaharlar shunday markaz boʻlishga intilmoqda- Dehli, Moskva, Astana, Shanxai, Dubai, Qohira, Istanbul va hokazo. Shu sababli, raqobat muhiti anchagina shiddatli. Albatta Toshkentning Singapur, GongKong, Jeneva, London yoki Parij kabi arbitraj sohasidagi global markazlar bilan raqobat qilishi va u yerdagi multi-milliard nizolarni aynan Toshkent shahridagi xalqaro arbitraj markaziga olib kelinishiga erishish – biroz hayoliy masala boʻladi. Chunki, arbitraj joyining tayinlanishida taraf hisoblangan shirkatlarning biznes yuritish joylari va ularning hududiy yoki asosiy ofislari joylashgan joy ham katta rol oʻynaydi.4 Shunga qaramay, Toshkent shahri eng kamida Oʻrta Osiyo yoki MDH davlatlari orasida arbitraj markazi maqomiga daʼvo qilishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud deb hisoblaymiz.
Toshkentda rostdan ham bunday imkoniyat mavjudmi?
Toshkentda bunday imkoniyat bor. Birinchidan, yaxshi shakllangan xususiy sektordagi yuristlarimiz bor. Chunki, arbitraj sohasining gullab-yashnashi uchun oʻsha sohani yurituchi malakali kadrlar kerak. Bizda esa bunday kadrlar (ideal holatda boʻlmasa ham) bor. Ikkinchidan, Toshkentning hududiy joylashuvi diqqatga sazovordir. U mintaqadagi kuchli iqtisodga ega boʻlgan Ostana, Moskva, Shanxai, Istanbul kabi shaharlarning oʻrtasida joylashgan boʻlib, Markaziy Osiyoda eng tinch va infratuzilmasi ancha yaxshi rivojlangan shahar hisoblanadi. Uchinchidan, qoʻshnilarimizning harakatchanligidan ham biroz oʻrnak olsak: Qozoqiston hukumati mana necha yildirki, Ostona shahrini Islomiy moliya markaziga aylantirish uchun jonini jabborga berib harakat qilayapti, uning uchun alohida qonunlar qabul qilib, chet eldan kuchli mutaxassislarni qoʻrqmasdan jalb qilmoqda. Shunday ekan, fursatdan foydalanib Toshkent Cityni xalqaro arbitraj maydoniga aylantirishga biz ham bel bogʻlashimiz kerak.
Boshqa tomondan Xitoyning 21-asr gʻoyasi boʻlgan “Bir Kamar Bir Yoʻl“ (One Belt, One Road) loyihasi ham Toshkent uchun katta tarixiy imkoniyatni vujudga keltirmoqda. Xitoyning “Bir Kamar Bir Yoʻl“ loyihasini butun dunyo yuristlari intizorlik bilan kutyapti. Oʻzbekiston ham shu loyihani bir boʻlagiga aylanmoqda. Bu loyihani amalga oshishi yuristlar uchun yangi nizolar va koʻplab arbitraj keyslar degani- arbitraj ishlarida esa juda katta pullar aylanadi. Misol, bir nizo boʻyicha kattaroq kompaniyaga huquqiy yordam xizmatini amalga oshirgan yuridik firma yuristi sifatida ishlagan, hozirda arbitraj sudyasi professor Robert S. Penning taʼkidlashicha, ikki yil davomida oyiga 500,000 dollardan olib turgan ekan. Ha yarim million dollar, OYIGA! Ikki yilda- bu 6 million dollar degani. Qisqasi arbitraj ishlari yurstlar uchun juda daromadli. Professorning gapiga koʻra, “Bir Kamar Bir Yoʻl“ bilan bogʻliq nizolar hal qilishdan keladigan asosiy foyda-ulushni GongKong va Singapur artibiraj sudlari olish ehtimoli yuqori ekan. Chunki ular Xitoyning iqtisodiy va siyosiy taʼsiridan uzoq va neytral posiziyaga ega. Yaʼni ularga nisbatan ishonch yuqori.
Oʻzbekiston ham bu ulushga daʼvogarlik qilsa boʻladimi?
Bizda ham arbitraj sudlari rivojlanishi uchun huquqiy asoslar tayyorlanayapti. Ishonamizki, Oʻzbekistonda xalqaro keysalrni hal qilaoladigan yuqori toifali arbitraj sudyalar ham topiladi. Geografik jihatdan ham Oʻzbekiston Gong Kong yoki Singapourga qaraganda “Bir Kamar Bir Yoʻl“ loyihasida markazroqda joylashgan boʻlib, sud ishtrokchilari uchun qulay va yaqinroq. Undan tashqari, Oʻzbekiston xalqaro siyosatda ancha mustaqil oʻz positsiysiga ega davlat ekanligi maʼlumdir. Bu esa oʻz navbatida, xalqaro arbitraj nizolarda Oʻzbekistonning xalqaro arbitrajlar sudlarining xolis boʻlaolishiga qoʻshimcha ishonch uygʻotadi. Oʻzbekistonda xalqaro arbitrajga yaxshiroq etibor berilsa, kelajakda yuristlarimiz uchun katta daromad manbaiga aylanishi mumkin. Mashhur yuridik firma sifatida nom qozongan White&Case ning yurtimizga kelishi ham bu ishning amalga oshishiga ancha katta turtki boladi va shu bilan birga, yurtimizdagi mahalliy yuridik firmalar uchun xalqaro nizolarni hal etish anchagina arzonga tushadi. Eng soʻnggisi esa, talabalarimiz uchun turli tuman murakkab tijorat nizolarini hal etuvchi yuridik firmalarda malaka oshirishni Toshkentning oʻzida turib amalga oshirish imkonini taqdim etgan boʻlamiz. Ular albatta oʻzlarining kelajakdagi kareralari uchun London, Parij, yoki Gong Kongga borib katta xarajatlarga tushishlariga hojat qolmaydi. Bu ham oʻz navbatida yuridik taʼlim sifatiga tasir etadi.
Shunday ekan, Toshkent Cityni xalqaro arbitraj markaziga aylantirish uchun nimalar qilish lozim?
(1) Xalqaro Arbitraj toʻgʻrisidagi qonunni xalqaro meʼyorlarga mos holda qabul qilishimiz lozim. Uni muhokama va qabul etish jarayonida Singapur, GongKong, Fransiya va Dubai kabi muvaffaqiyatga erishgan davlat va shaharlarning tajribasini obdon koʻzdan kechirish tavsiya qilinadi:
- Bu sohaning muhimligini tushungan holda, Xitoy Xalq Respublikasining Oliy Sudi 2018 yilning Iyun oyida Xitoyning ikkita katta viloyatida Xalqaro Tijorat Sudini tashkil etdi.5 Eng muhimi, Xitoy Oliy Sudi ushbu sudlarga Amerika va Angliya kabi davlatlarda oʻqib kelgan, malakali sudyalarni sudya sifatida tayinladi.6 Maqsad esa ʼBir Kamar Bir Yolʼ doirasida vujudga kelayotgan nizolarni Xitoydagi ushbu institutlarda koʻrishishga erishish orqali Xitoyni xalqaro tijorat nizolarini hal etishdagi xalqaro mavqeini yuksaltirishdan iboratdir.
- 2018 yilning boshida esa Hindiston hukumati parlamentga Yangi Dehli Xalqaro Arbitraj Markazi Qonunini taqdim etdi va muhimi, ushbu markazni ʼdavlat darajasidagi muhim institut (institute of national importance) maqomini berdi.7 Maqsad esa GongKong va Singapurga borib nizolarini hal etayotgan Hindistonlik va chet ellik ishbilarmonlarni Yangi Dehlidagi markaz xizmatidan foydalanishga jalb etish.
- 2008 yilda esa Dubai Xalqaro Moliya Markazi Angliyadagi London Xalqaro Arbitraj Markazi bilan qoʻshma markazni tashkil etdi va uning asosi sifatida 2008 yilda yangilangan UNCITRAL ning Xalqaro Arbitraj toʻgʻrisidagi model qonunini qabul qildi.8 Maqsad esa, Dubaini xalqaro tijorat arbitraji va mediatsiya boʻyicha mintaqaviy habga aylantirish.
(2) Toshkentdagi Xalqaro Arbitraj Markazi uchun poytaxtimizdagi eng zamonaviy va qulay joydan bino ajratilishi, doimiy sekretarlikka va taraflarning muzokara va muhokama oʻtkaza olishlari uchun xonalar yetarlicha ajratilishi lozim. Bundan tashqari, viloyatlar va chet el mamlakatlaridan turib onlayn tarzda videokonferensiya oʻtkaza olish uchun eng soʻnggi rusumdagi IKT taqdim etilishi juda zarur. Bu holat taraflar uchun xarajatlarni katta miqdorda tejalishiga olib keladi:
- Hukumat nizolarni muqobil hal etishga ixtisoslashgan institutlarni moliyaviy tomondan qoʻllab quvvatlashi lozim. Bunga Avstraliya hukumatining yetarli yordamini ololmagan arbitraj institutlarining qanday qilib Singapurga arbitraj hab sifatida yutqazib qoʻyganligi yorqin misol boʻla oladi.9 Qiziqarlisi, bunday inqirozni bugungi kunda Yaponiya ham boshdan kechirmoqda, va juda kech boʻlsa ham bu yildan boshlab yapon hukumati ham xalqaro arbitraj markazini Tokyoda ochish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishni boshladi.
(3) Chet ellik huquqshunoslarni yurtimizda yuridik xizmat koʻrsata olishi uchun ularga soliq imtiyozlari berilishi va viza tizimi soddalashtirilishi lozim. Sababi, bir taraf agar chet MDH davlatlaridan boshqa mamlakatdan kelgan boʻlsa, koʻpincha ingliz tilida muomala qilishni afzal koʻrishi mumkin. Bunday holatlarda esa, ingliz tilini mukammal biluvchi va arbitraj sohasida yetarli tajribaga ega, yoki yana ham muhimrogʻi, Toshkentning obroʻsini koʻtaruvchi dunyoga tanilgan arbitr boʻlishi talab etiladi. Singapur davlati tajribasi bunga yorqin misol boʻla oladi:
- Bazi bir shartlar asosida, Singapur 2002 yildan to 2020 yilgacha boʻlgan muddatda rezident boʻlmagan (Singapurda doimiy yashamaydigan) arbitr(hakam)lar tomonidan topilgan daromadni soliqqa tortilmaydi. Ushbu holat Singapurning xalqaro arbitrajga oid qonunchiligi asosida arbitr sifatida faoliyat koʻrsatuvchi barcha no-rezidentlarga tadbiq etiladi.
- Arbitraj xizmati koʻrsatuvchilar uchun ishlash vizasining istisno qilinishi: Bunda, arbitraj xizmatini koʻrsatuvchi chet ellik huquqshunos yoki mutaxassis 90 kungacha Singapurda ishlash vizasisiz qolishi mumkin. Yagona talab etiladigan holat bu – Mehnat vazirligiga e-xabar joʻnatish orqali ʼQisqa muddatli tashrif ruxsatiʼ olish xolos.
- Singapur, GongKong, Parij yoki Londondagi global markazlar bilan birgalikda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va u erdagi kuchli mutaxassislarni vaqti-vaqti bilan yurtimizga taklif etib, konferensiya va simpoziumlar uyushtirish orqali arbitraj institutini yoyishga erishish.
(4) Xalqaro Arbitraj va mahalliy sudlar orasida doʻstona muhitni (“Arbitration friendliness”) shakllantirish talab etiladi. Buni esa yurtimizning Oliy Sudi va Adliya Vazirligi yordamisiz amalga oshirish amri mahol. Arbitraj uchun doʻstona muhit agar oʻsha davlatning mahalliy sudlari arbitraj bitimining haqqoniyligini qoʻllab-quvvatlab, chet el yoki yurtimizdagi arbitraj institutlari tomonidan chiqarilgan qarorlarning ijrosini tushunarsiz mavhum sabablar bilan rad etmasagina roʻyobga chiqarish mumkin. Uning uchun esa avvalo sudyalarimizning arbitrajga nisbatan qarashlarini oʻzgartirishga toʻgʻri keladi. Agar ular arbitraj institutlarini oʻzlariga dushman emas, balki tobora oʻsib borayotgan nizolarni yechishning muqobil turi va oʻz ish yuklarini yengillatuvchi yordamchi institut sifatida koʻrsalar, har ikki tomon uchun ajoyib natija yuzaga keladi. Parij, Jeneva, London, Gong Kong va Singapurdagi xalqaro markazlarga nega yiliga yuzlab yoki minglab oʻta qimmat nizoli ishlar kelishining asosiy sababi ham, u yerdagi mahalliy sudlarning xalqaro arbitraj ishlariga nisbatan oʻta iliq munosabat (pro-enforcement regime) da boʻlishi yotadi.10 Misol uchun Singapurdagi sudlar chet el arbitraj institutlari tomonidan chiqarilgan qarorlarni ijro etishni bekor qilish yoki rad etish boʻyicha mumkin qadar qaror chiqarishmaydi. Bu ham yetmagandek, iloji boricha arbitraj bitimining haqqoniyligini tan olish chorasini koʻrishadi. Yurtimizda ham shunday holatning yurtimizda yuzaga kelishi uchun quyidagilar taklif qilinadi:
- Ommaviy tartib: Nyu-York Konvensiyasi 5- modda, 2 qismidagi ʼommaviy tartibʼ(public policy) nima ekanligi boʻyicha Oliy Sud aniq sharx berishi va shu orqali yurtimizga investitsiya qilmoqchi boʻlgan yoki bolmasam yurtimizdagi firmalar bilan ishlamoqchi boʻlgan chet ellik hamkorlarda respublikamiz sudlari va ularning arbitraj qarorlariga nisbatan doʻstona kayfiyatda ekanliklariga oid ishonch tuygʻusini uygʻotishlari lozim.
- Tanlangan huquq: Yangi qabul qilinadigan qonunda taraflar uchun keng erkinliklar berilishi, xususan, tanlanadigan huquq (choice of law) boʻyicha respublikamizdan boshqa davlat huquq tizimining tomonlar bitimi uchun erkin tanlanishiga erishish lozim. Shu bilan birga, yangi qabul qilinadigan qonun va mahalliy boshqa qonun normalari oʻrtasidagi tushunmovchilik iloji boricha kamaytirilishiga erishish lozim.
- Jarayon: Katta arbitraj ishlarida faktlarni aniqlash uchun tabbiy ravishda juda koʻp hujjatlar taqdim etiladi. Agar bir tomon chet el mamlakatining rasmiy hujjatini koʻrsatsa, unda ushbu hujjat Oʻzbekiston hududida boʻlib oʻtayotgan arbitraj uchun qonuniy kuchga ega boʻlishi uchun avvalo u hujjat notarial idoralarning rasmiylashtirishidan oʻtishi va qonuniylashtirlishi (legalizatsiya) lozim. Bu esa taraflarga juda katta xarajatlar qilishni talab etadi. Bu masalani ijobiy tarzda yechimi esa Oʻzbekistonning “Chet el ommaviy hujjatlarini qonuniylashtirish talabani bekor qilishga oid 1961 yildagi Gaaga Konvensiyasiga (Hague Convention of 5 October 1961 Abolishing the Requirement of Legalisation for Foreign Public Documents) qoʻshilishi talab etiladi. Aslida yurtimiz ushbu Konvensiyaga 2012 yildayoq qoʻshilishgan. Biroq, baʼzi bir sabablarga koʻra, Belgiya, Germaniya, Avstriya va Gretsiya kabi davlatlar bilan yurtimiz oʻrtasida ushbu bitim kuchga kirmagan.11 Yurtimizga koʻp investitsiyalar ushbu davlatlar orqali kirishni inobatga olgan holda bitimni ushbu davlatlar bilan ham kuchga kirgizish taklif etiladi.
- Shaffoflik: Katta miqdordagi nizolarni yurtimizdagi xalqaro arbitraj institutlariga koʻrib chiqilishiga erishish uchun mahalliy sudlarimiz, toʻgʻrirogʻi, yuqori instansiya sudlari tomonidan chiqarilayotgan sud qarorlarining shaffofligi boʻlmasa-boʻlmas ahamiyatga ega. Sababi esa oddiy – chet el va Oʻzbekistondagi arbitraj institutlari tomonidan chiqarilayotgan qarorlarning mahalliy sudlar tomonidan majburiy ijrosi qay darajada taminlanayotganligini bilish uchun. Sud qarorlari bankini eʼlon qilmas ekanmiz, chet ellik investorlarning yurtimizdagi sud tizimi boʻyicha gumonlarini yoʻqota olmaymiz.
Alisher Umirdinov – Nagoya Iqtisodiyot Universiteti (Yaponiya), Biznes Huquqi Fakulteti professori, PhD
Husain Radjapov – Kobe Universiteti Huquq fakulteti doktoranti
* Maqola http://ujols.org/ saytidan olindi.