Savol: Ukam qishloqda otamning uyida turadi. Tomorqadan jo’xoripoya uchun xandaq qaziyotganida tilla-xazina topib olibdi. Hali hech kimga bildirganimiz yo’q. Men bunaqa tilla yoki qimmatbaho narsa topib olinsa, davlatga topshirilishi haqida eshitganman. O’zi qonunchilikda shu haqida biror narsa deyilganmi, biror moddami, qonunmi bormi? Rahmat, oldindan.
Javob: O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida topib olingan boylik-xazina haqida norma belgilangan bo’lib, u O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 196-moddasidan joy olgan. Quyida ushbu moddani keltirib o’tamiz:
“196-modda. Xazina
Egasi aniqlanishi mumkin bo’lmagan yoki qonunga binoan huquqlarini yo’qotgan xazina, ya’ni yerga ko’milgan yoki boshqa usulda yashirilgan pul yoxud qimmatbaho buyumlar xazina yashirib qo’yilgan mol-mulk (yer uchastkasi, imorat va shu kabilar) mulkdori bo’lgan shaxs va xazinani topgan shaxs mulkiga, agar ular o’rtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha tartib belgilanmagan bo’lsa, teng ulushlarda o’tadi.
Xazina u yashirib qo’yilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs tomonidan topilgan taqdirda, bu xazina u topilgan yer uchastkasining yoki boshqa mol-mulkning egasiga topshirilishi kerak.
Tarix va madaniyat yodgorliklari jumlasiga kiradigan ashyolardan iborat xazina topilgan taqdirda, ular davlat mulkiga topshirilishi kerak. Bunda xazina yashirib qo’yilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulkning egasi va xazinani topgan shaxs birgalikda xazina qiymatining ellik foizi miqdorida mukofot olish huquqiga egadirlar. Agar ular o’rtasidagi kelishuvda boshqacha tartib belgilanmagan bo’lmasa, mukofot bu shaxslar o’rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Bu xazinani u yashirib qo’yilgan mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs topib olsa, bu shaxsga mukofot to’lanmaydi va xazina batamom mulkdorning ixtiyoriga o’tadi.
Xazina topish uchun qazishma va qidiruv ishlarini olib borish mehnat yoki xizmat vazifalariga kiradigan shaxslarga nisbatan ushbu moddaning qoidalari qo’llanilmaydi”.