Jinoyat va ma'muriy huquq

Tomonlar kelishib olsa, jinoiy da’vodan voz kechish mumkinmi?

Savol: 17 yoshli qizni talonchilik qilib, tilla ziragini majburlab olishgan. Buning ustiga o’sha talonchi yigit qizni zo’rlashga uringan, lekin bu amalga oshmagan. Sud ayblanuvchini besh yilga ozodlikdan mahrum etish to’g’risida hukm chiqardi. Ayblanuvchi viloyat sudiga appelyatsiyaga topshirdi. Hozir ayblanuvchining oilasi jabrlanuvchining qonuniy vakili oldiga kelib, ruhiy va jismoniy davolanishi uchun, ma’naviy zarar uchun hamma haqni to’laymiz, ayblanuvchining ishi qayta ko’rilsin, jazo yengillashtirilsin degan mazmunda ariza yozib berishini iltimos qilishmoqda. Jinoyatchining yaqinlaridan olingan ushbu mablag’lar qonuniy bo’ladimi ? Agar ulardan jabrlanuvchining davolanishi uchun yordam tariqasida o’z ixtiyorimiz bilan to’layapmiz deb tilxat olinsa, bu qonuniymi ? Tilxatni jinoyatchining yaqinlari imzolasa, u qonuniy kuchga ega bo’ladimi yoki guvoh yoki notarius tasdiqlashi kerakmi? Umuman, mablag’ masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilmay ikki taraf o’zaro kelishib olsa bo’ladimi?

Javob:

Nomusga tegish bilan bog’liq jinoyatlarda yarashuv institutini qo’llab bo’lmaydi

Agar aybdor Jinoyat kodeksi 118-moddasi, ya’ni nomusga tegish jinoyatini sodir etgan deb ayblanayotgan/sudlangan bo’lsa, jabrlanuvchi va ayblanuvchi o’rtasida yarashuv institutini qo’llab bo’lmaydi, chunki  yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi Jinoyat kodeksining 661 moddasi JK 118-moddasini o’z tarkibiga olmaydi.

Jinoyat protsessual kodeksining 282-moddasiga ko’ra, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki fuqaroviy javobgarning da’voni tan olganligi, shuningdek, fuqaroviy da’vogar, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud fuqaroviy javobgarning o‘zaro kelishganlik to‘g‘risidagi arizasi fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritishning tugatilishiga olib kelmaydi va surishtiruvchini, tergovchini fuqaroviy da’voga doir holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirish majburiyatidan, sudni esa fuqaroviy da’voni ko‘rish va hal qilish majburiyatidan ozod etmaydi.

Shunday ekan, agar ikki taraf fuqaroviy da’vo bo’yicha bir kelishuvga kelsa ham, surishtiruvchi, tergovchi buni sinchkovlik bilan o’rganishi, sudda esa sud ushbu fuqaroviy da’voni ko’rib chiqishi mumkin. Demak, jabrlanuvchi va ayblanuvchi o’rtasidagi kelishuvni noqonuniy deb bo’lmaydi, ammo sud bu masalani jiddiy tekshirishi mumkin.  Fuqaroviy da’vo bo’yicha ikki tomon bir kelishuvga kelishi mumkin, ammo bu ayblanuvchini jinoiy ayblovdan  ozod qilish yoki qilmasligi unga qo’yilgan ayblov moddasiga bog’liq.

Fuqarolik ishida tomonlar o’zaro kelishib olishi mumkin

Yuqorida aytilganidek, nomusga tegish bilan bog’liq jinoyatda tomonlarning o’zaro kelishib olishi ishning tugatilishiga sabab bo’lmaydi. Lekin fuqarolik ishida da’vogar o’z da’vosidan voz kechsa, bu da’vo bo‘yicha ish yuritish tugatiladi va jinoyat protsessida ham, fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida ham fuqaroviy da’vogarni o‘sha shaxsga xuddi shu asos bilan  qayta da’vo qo‘zg‘atish huquqidan mahrum qiladi.

Shunday ekan, ma’naviy va moddiy zararni undirish to’g’risidagi fuqaroviy da’vodan voz kechishdan oldin jiddiy o’ylash kerak. Chunki ushbu da’vodan voz kechish, xuddi shu shaxsga xuddi shu asos bilan yana qaytib moddiy va ma’naviy zararni undirish to’g’risida da’vo qilish huquqidan mahrum qiladi. Hattoki, fuqarolik sudiga borib ham bu haqda qayta da’vo qo’zg’ata olmaysiz.

Eslatib o’tamiz, ma’naviy zarar miqdorini sud belgilaydi, ammo da’vogar yetkazilgan ma’naviy zarar miqdorini xohlagan summada belgilab sudga ariza berishi mumkin, sudya haqiqiy summani shu miqdordan kelib chiqib aniqlaydi.

Ayblanuvchining ma’naviy zararni o’z ixtiyori bilan berishi qonunga xilof emas

Bu ishda ayblanuvchi tomon ma’naviy zarar uchun 300 ming so’m, keyinroq yana 200 ming so’m, jami 500 ming so’m miqdoridagi pulni o’z ixtiyori bilan bergan bo’lsa, buning noqonuniy joyi yo’q. Chunki fuqarolik da’volarida o’zaro kelishuv degan narsa bor. Har ikki taraf pul berilganligini o’zaro tasdiqlasa, sud buni inobatga oladi. Agar tomonlardan biri pulni olganini yoki berganini inkor etsa, unda pulni berayotganda 2 nusxada tilxat yozdirib, pulni olgan tomonga imzo qo’ydirib olishi kerak. Fuqarolik kodeksiga ko’ra, eng kam oylik ish haqining 10 baravarigacha bo’lgan miqdordagi bitimlar notarius tasdig’idan o’tishi shart emas. O’zbekiston Respublikasida eng kam oylik ish haqi 2013-yil 16-yanvar holati bo’yicha 79 590 so’m, demak 500 ming so’m ayni damda eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan oshmaydi. Shunday ekan, sizning holatingizda notarius tasdig’idan o’tkazish shart emas. Tomonlar ma’naviy zararni o’zaro kelishib olsalar va jabrlanuvchi, masalan, ma’naviy zarar uchun 500 ming so’m pul olsa, lekin tomonlardan biri keyinroq norozi bo’lib qolsa, fuqarolik sudiga yangi da’vo bilan chiqish mumkin. Sud bu holatda tomonlar da’vosi bo’yicha ishni o’rganib, yangi summa belgilaydi. 500 ming so’mni yetarli emas deb topsa, jabrlanuvchiga qo’shimcha summani undirib beradi, ko’p deb topsa, ortiqcha qismini qaytarish to’g’risida qaror chiqaradi.

Jabrlanuvchi istagi bilan jinoiy ishning tugatilishi qaysi modda bilan ish qo’zg’atilganiga bog’liq

JPKning 325-moddasiga ko’ra, JK 118-moddasi[1] 1-qismida ko’rsatilgan jinoyat faqatgina jabrlanuvchining shikoyatiga ko’ra qo’zg’atiladi. Agar aybdor 118-modda 1-qismi bilan ayblanayotgan bo’lsa va jabrlanuvchi shikoyatini qaytib olsa, jinoyat ishi JPK 84-moddaga ko’ra tugatiladi. Agar ayblanuvchi 118-modda 2-qismi yoki boshqa qismlari bilan ayblanayotgan bo’lsa, jabrlanuvchi shikoyatini qaytib olsa ham, prokuror ayblovidan voz kechmasligi mumkin. Shunday holda, jabrlanuvchi bilan ayblanuvchi kelishadimi yo’qmi, davlat manfaatlarini himoya qilgan holda prokuror ayblanuvchini jinoyat sodir etganlikda ayblashda davom etadi hamda sud bu ishni ko’rib chiqadi.

 


[1] 118-modda.  Nomusga tegish

Nomusga tegish,  ya’ni zo‘rlik ishlatib,  qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib,  jinsiy aloqa qilish —

uch yildan etti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Nomusga tegish:

a) ikki yoki bir necha shaxsga nisbatan;

b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ilgari ushbu Kodeksning 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan;

v) bir guruh shaxslar tomonidan;

g) o‘ldirish bilan qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa,  —

etti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Nomusga tegish:

a) shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda;

b) yaqin qarindoshga nisbatan;

v) ommaviy tartibsizliklar qatnashchisi tomonidan;

g) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;

d) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa,  —

o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘n to‘rt yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsning nomusiga tegish —

o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Comments are closed.