Maqolalar

“To’g’rilangan kovush”

Qishloqqa qaytgach, oz fursat durustroq ish topolmay bekor qoldim. Bir tanishimning otasi vaqtincha bo‘lsa ham ishlab turishimga  yordam berdi. U kishi “Tumangazta’minot” idorasining boshlig‘i bilan gaplashib, meni ishga olishni iltimos qildi.

— Boravering, shogirdim bo‘ladi, gapimni yerda qoldirmaydi, — dedi otaxon.

Bordim. Haqiqatan ham ustozning gapi yerda qolmadi.  Iste’molchilardan foydalanilgan gaz haqini undirish bo‘yicha xodim vazifasida ishlay boshladim.

Bir kuni boshliq hamma xodimlarni huzuriga chorladi. Kirdik.

— Gazdan foydalanib haqini to‘lamayotgan iste’molchilar oy sayin ko‘payib, qarzdorlik ortib ketyapti, — dedi Akram Fozilovich. — Sizlarni chaqirishdan maqsad, bu sansalorlikka chek qo‘yish, turli bahonalar topib, gaz pulini to‘lamayotgan xonadonlardan qarzni undirish. Buning uchun har biringizga alohida mas’uliyat yuklayman…

Vazifa shu tariqa aniq qilib belgilandi. “Boymahalla” degan mahalla mening chekimga tushdi. Bundan xursand bo‘ldim. Chunki mahallaning nomi jismiga mos bo‘lsa, qarzlarni yig‘ishim oson bo‘ladi, deb o‘yladim.

Xonadonlarga ikki-uch kishi bo‘lib kiramiz. Mahalla fuqarolar yig‘inining raisi, soliq inspeksiyasi xodimi, elektr tarmoqlari idorasining  mutaxassisi hamroh bo‘ladilar menga. Ochig‘ini aytsam, bu soha xizmatchilariga oson emas ekan. Odamlardan xuddi sadaqa so‘rayotgandek hammasini bo‘lmasayam yarmini, uchdan bir qismini to‘lashadi. Shu tariqa, har kuni 80-90 ming so‘m pul to‘plab, “Xalq banki”ga topshiramiz. Fuqarolar har xil xulq, fazilatlarga ega. Ba’zilar: “Kechirasizlar, vaqtimiz bo‘lmay to‘lay olmagandik, o‘zlaring kelib yaxshi qilibsizlar” desa, ba’zilar ijirg‘anib, qovoqlarini uyib, har xil bahona, vaj-karsonlar ishlatib: — Yoz bor, kuz bor, to‘laymiz-da sekin. Ovora bo‘psiz kelib, — deb dilingizni xufton qiladi. Ayrimlari esa oylik maoshni vaqtida ololmayotganidan, pensiyalar kechiktirib berilayotganidan shikoyat qilib hafsalangizni sovutadi.

Yana bir guruh janoblar borki…

Keling, bu yog‘ini voqea orqali bayon eta qolay.

“Boymahalla” mahallasi boshlanishida savlat to‘kib turgan hashamatli bino darvozasi oldida to‘xtaymiz. Guldor yog‘och rovvot beliga o‘rnatilgan tugmachani bosamiz. “Hozir” degan ovoz eshitiladi ichkaridan va zum o‘tmay o‘rta yoshlardagi xushbichim ayol rovvotning kichik eshigini ochadi.

— Kelinglar, xo‘sh xizmat, — deydi u mayin ovozda.

Biz ichkariga kirishga ruxsat so‘raymiz. Gaz, elektr uskunalarini ko‘rib qo‘ymoqchi, iste’moldan qarzi bo‘lsa undirmoqchi ekanligimizni aytamiz. Ayol noroziroq ohangda gap qotadi:

— Xo‘jayin uyda yo‘q edilar-da.

— O‘g‘il-qizlar, kelinlar bordir?

— Ha, ular bor.

— Bor bo‘lsa ruxsat bering, mana, hujjatlarimiz.

Ichkariga kiramiz. Ana xonadonu mana xonadon. Uymisan, uy. Ranglari ko‘zni qamashtiradi. O‘n ikki sotixli maydonga aylantirib uy solingan. O‘rtada fontan. Fontan atrofiga o‘tirgichlar qo‘yilib, gullar ekilgan. Rang-barang gullar barq urib yashnab turibdi. Hovli yog‘ tushsa yalagudek toza. Toklarga qilingan so‘kchaklar havasni qo‘zg‘atadi. Uy ichini bilmadigu ayvon va uning peshtoqlariga solingan milliy naqshlarga boqib, hayratdan yoqa ushlaysiz. “Boymahalla” deganlaricha bor ekan-da”, deyman ichimda.

Ayol bizni o‘ng tomondagi chorpoyaga taklif qildi. Bezatilgan dasturxonni ko‘rib “Aziz mehmonlarni kutishayapti” degan fikrga keldik. Ayol daftarchalarni olib chiqqani ro‘paradagi uyga kirib, ancha hayallab qoldi.

— Mehmonlar keladi, shekilli, dasturxon mo‘l-ko‘l? — deya so‘radim men zamonaviy kiyingan, sochini sariqqa, qosh-ko‘zlarini ko‘kka bo‘yagan sahibjamol qizdan. (Kelini yo qizi bo‘lsa kerak).

— Yo‘q. Bizning dasturxonimiz har doim shunaqa tuzaladi. Dadamni bilmaysizlar chog‘i, — dedi u. Biz bu gapdan “dadam tumandagina  emas, viloyatda ham nufuzli rahbar, bilib qo‘yinglar”, degan ma’noni uqdik.

Haqiqatan ham dasturxondagi noz-ne’matlarga gap yo‘q edi. Jondan boshqa hamma narsa muhayyo turardi unda.

Ayol daftarchani olib chiqdi. Haligi sohibjamol esa choy damlab keldi. Uy sohibasining chiroyi biroz ochilgandek edi. Gazdan 187 ming so‘m qarzinglar bor ekan, shuni to‘lash kerak, desak pinagini buzmadi. Aksincha, muloyimlik bilan dedi:

— Ikkita “Tiko”, bitta “Neksiya”­miz arendada. Uch-to‘rt kundan keyin pulini olib kelishadi. Xo‘jayin esa dam olishda. Biror haftadan so‘ng qaytadilar. Keyin kichik o‘g‘ilchani uylaymiz. To‘y o‘tgandan keyin qo‘limizga pul tushib qoladi. Ana shunda qarzni to‘lab qo‘yamiz.

Shu payt darvoza ortida yengil mashina signali eshitildi.

— Azamatjon keldi shekilli, — dedi ayol va rovvot tomon yo‘naldi. Azamatjon (bo‘lg‘usi kuyov bola) erkalanib kirib keldi. Bizga e’tibor ham bermay, ayasiga gap qotdi:

— Aya, haligi do‘kondor bir yarim millionni  opkeberdimi?

— Ha, opkeberdi, bolam.

— Ja yaxshi. Men keyingisiga ketdim, — deya shoshib chiqib ketdi “kuyov bola”.

— Bu pullar xo‘jayinning ixtiyorida. Biz uning bir so‘miga ham tegolmaymiz. Hozircha uzr. Xo‘jayin kelgandan keyin to‘lab qo‘yadilar, — dedi ayol.

Hammamiz lol edik. Soliqchi Adhamjon hazilomuz gap qotdi:

— Shunday chiroyli xonadonda, nahotki, 30-40 ming so‘m topilmasa, ayajon?

— Men sizlarga tushuntirdim-ku, aylanaylar.

Shirin gap jon ozig‘i, deganlaridek qarzni undirolmay, boshqa xonadonlarga yo‘l oldik.

Tez kunda “xo‘jayin” keldi. Butun tumanga dovrug‘ solib “kuyov bola” uylandi ham. Men yana iste’mol qilingan gaz haqini so‘rab bordim. Bu gal “xo‘jayin”ning o‘zi kutib oldi.  Meni ko‘riboq avzoyi buzildi. Lekin men parvo qilmadim. Oliygohda o‘qib va harbiy xizmatda bo‘lib oq-qorani taniydigan, do‘q-po‘pisadan cho‘chimaydigan bo‘lib qolgan edim.

— Ha, senmiding qarz undirgani kelgan? — dedi “xo‘jayin” do‘rillagan ovoz bilan.

— Ha.

— Boshlig‘ingga borib ayt. Falonchi aka ertaga o‘zlari kelib to‘lab ketar ekan, degin. Men bu haqda sim qoqib qo‘yaman. Vassalom!

O‘sha kuni bu xonadondan hech vaqo undirolmagan bo‘lsam ham, tushdan keyin boshqa qarzdorlardan yaxshigina pul yig‘ib, bankka topshirdim. Ertasi kuni ertalab idoraga shodon kirib bordim. Ammo tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. Yuqoridan “xodimlarni ixchamlashtirish” jadvali kelib, men ishdan ozod etilibman. Keyin bilsam, “xo‘jayin” boshliqqa sim qoqqanda mening kovushimni to‘g‘rilab qo‘ygan ekan…

Topiljon JALOLOV,

Andijon viloyati,

“Hurriyat” gazetasidan olindi.

Comments are closed.