Savol: Tibbiyot muassasasidagi xodimlar mukofot, rag’batlantirish puli, moddiy yordam olishi mumkinmi? Tartibi haqida to’liq ma’lumot bersangiz .
Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-sonli qaroriga 2-ilova sifatida “O’zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to’lash tartibi va shartlari to’g’risida” Nizom qabul qilingan. Ushbu nizomda tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qo’shimcha haq to’lash tartiblari quyidagicha belgilangan:
- Mazkur Nizom:
davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha tarif setkasiga muvofiq (keyingi o‘rinlarda «tarif setkasi» deb yuritiladi), ularni moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar mazkur Nizomga 1-ilovada ko‘rsatilgan davlat muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qo‘shimcha to‘lov, ustamalar va rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lashning yagona prinsiplarini belgilaydi;
mazkur Nizom 1-ilovada ko‘rsatilgan davlat muassasalarining notibbiyot mutaxassislariga (biologlar, zoologlar va parazitologlar hamda mutaxassislarning boshqa toifalariga) nisbatan ham qo‘llaniladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2003 yil 26 fevraldagi PF–3214-son Farmoni bilan tashkil etilgan respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga tatbiq etilmaydi;
byudjet tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha Yagona tarif setkasi asosida haq to‘lanadigan sog‘liqni saqlash muassasalarining ishchi va xizmatchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Davlat muassasalari rejali byudjet mablag‘lari doirasida ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlar va rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan boshqa to‘lovlar miqdorlarini belgilangan tartibda belgilaydi. Bunda xodimlarning malakasi va ular tomonidan bajariladigan ishlarning murakkabligi tarif setkasi asosida belgilanadigan lavozim maoshlari (stavkalar) miqdorlarida hisobga olingan.
6. Xodimlarga tarif stavkalari, qo‘shimcha to‘lov va ustamalar miqdorlarini o‘zgartirish:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq eng kam oylik ish haqi miqdori o‘zgarganda — ushbu Farmon kuchga kirgan oydan boshlab;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» faxriy unvoni berilganda — faxriy unvon berilgan kundan boshlab;
malaka toifasi berilganda — huzurida attestatsiya komissiyasi tashkil etilgan organ (muassasa)ning buyrug‘iga muvofiq;
ilmiy daraja berilganda — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining diplom berish to‘g‘risidagi qarori chiqqan kundan boshlab;
staj uchun ustama miqdorini ko‘paytirish huquqini beradigan stajning uzluksizligini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lganda — stajning uzluksizligi to‘lgan kundan boshlab amalga oshiriladi.
V. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining tarif stavkalariga qo‘shimcha to‘lovlar
16. Sog‘liqni saqlash muassasalarining tarkibiy bo‘linmalariga mudirlik qilganlik uchun vrachlarga:
shtatida vrachlar lavozimi 6 tagacha bo‘lganda — oyiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida;
shtatida vrachlar lavozimi 6 tadan ortiq bo‘lganda — oyiga eng kam oylik ish haqining 70 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
Kabinetlarga mudirlik qilganlik uchun vrachlarga oyiga eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
17. Tuman, tumanlararo va shahar TMEKlarining raislari bo‘lgan vrachlarga komissiyaga rahbarlik qilganlik uchun oyiga eng kam oylik ish haqining 70 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
18. Qishloq vrachlik punktlari filial (bo‘lim)lariga mudirlik qilganlik uchun vrachlar, feldsherlar, akusherkalar, tibbiyot hamshiralariga oyiga eng kam oylik ish haqining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
19. Vrachlik mutaxassisligi bo‘yicha tegishli toifaga ega bo‘lgan tibbiyot muassasalari rahbarlariga, ularning o‘rinbosarlari — vrachlarga:
oliy malaka toifasi mavjudligi uchun — eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida;
birinchi malaka toifasi mavjudligi uchun — eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
20. Tibbiyot muassasalarining mutaxassisligi bo‘yicha tegishli toifaga ega bo‘lgan bosh tibbiyot hamshiralariga:
oliy malaka toifasi mavjudligi uchun — eng kam oylik ish haqining 40 foizi miqdorida;
birinchi malaka toifasi mavjudligi uchun — eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
21. Muassasalar rahbarlariga va ularning o‘rinbosarlari — vrachlarga, shuningdek tegishli ravishda vrachlik va provizorlik lavozimlarini egallab turgan vrachlar va provizorlarga, nomlaridan qat’i nazar, hamda ilmiy darajaga ega bo‘lgan:
tibbiyot va farmatsevtika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganligi uchun — eng kam oylik ish haqining 70 foizi miqdorida;
tibbiyot va farmatsevtika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lganligi uchun — eng kam oylik ish haqining 45 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
22. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» faxriy unvoni uchun — eng kam oylik ish haqining 1,6 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
23. Turg‘un tipdagi muassasalar xodimlariga tungi vaqtda ishlaganligi uchun egallab turgan lavozimi bo‘yicha lavozim maoshi tarif stavkasi hisob-kitobidan kelib chiqib tungi vaqtda ishlangan har bir soat uchun soatbay tarif stavkasining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.
231. Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot hamshiralariga tarif stavkasining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
Bosh tibbiyot hamshiralariga tarif stavkasining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
VI. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining tarif stavkalariga ustamalar
24. Alohida muassasalar, bo‘linmalar va lavozimlarda uzluksiz ish staji uchun ustamalar:
shoshilinch tibbiy yordam xizmatining vrachlariga, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlariga: uzluksiz ishlangan birinchi uch yil uchun hamda har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng ko‘p miqdori — 30 foiz;
shoshilinch tibbiy yordam xizmatining oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot hamshiralariga: uzluksiz ishlangan stajning birinchi uch yili uchun hamda har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng ko‘p miqdori — 40 foiz»;
qishloq vrachlik punktlari vrachlariga, qishloq joylardagi ambulatoriyalar va uchastka kasalxonalari vrachlariga uzluksiz ishlangan birinchi uch yil uchun va har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng ko‘p miqdori — 50 foiz;
poliklinikalarning hududiy uchastkalari uchastka terapevtlariga, o‘smirlar vrachlariga, uchastka pediatrlariga va uchastka tibbiyot hamshiralariga, poliklinikalardagi terapiya va pediatriya bo‘limlari mudirlariga: uzluksiz ishlangan birinchi uch yil uchun va har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng ko‘p miqdori — 40 foiz;
tez yordam xizmati va sanitariya aviatsiyasining ko‘chma brigadalari katta vrachlari, vrachlari va o‘rta tibbiyot xodimlariga: uzluksiz ishlangan birinchi uch yil uchun va har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng ko‘p miqdori — 30 foiz;
o‘latga qarshi muassasalarning va alohida xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi kurash olib borish muassasalarining tarkibiy bo‘linmalari xodimlariga: uzluksiz ishlangan birinchi uch yil uchun va har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng ko‘p miqdori — 80 foiz;
leprozoriya muassasalari va tarkibiy bo‘linmalarining xodimlariga uzluksiz ish staji uchun: 3 yildan 5 yilgacha bo‘lganda tarif stavkasining 15 foizi; 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganda — tarif stavkasining 25 foizi; 10 yildan ortiq bo‘lganda — tarif stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
25. Vrachlarga, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlariga, shuningdek sog‘liqni saqlash barcha muassasalari farmatsevtika xodimlariga quyidagi ustamalar:
uzluksiz ish staji 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganda — tarif stavkasining 5 foizi miqdorida;
uzluksiz ish staji 10 yildan 15 yilgacha bo‘lganda — tarif stavkasining 10 foizi miqdorida;
uzluksiz ish staji 15 yildan 20 yilgacha bo‘lganda — tarif stavkasining 15 foizi miqdorida, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot hamshiralari uchun esa tarif stavkasining 20 foizi miqdorida;
uzluksiz ish staji 20 yildan ortiq bo‘lganda — tarif stavkasining 20 foizi miqdorida belgilanadi, sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlarining mazkur Nizomning 24-bandida ko‘rsatilgan alohida toifalari bundan mustasno, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot hamshiralari uchun esa tarif stavkasining 30 foizi miqdorida.
26. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mutaxassisligi bo‘yicha uzluksiz ishlaganligi uchun ustama olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqish tartibi mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq belgilanadi.
27. Maslahatlar berganligi uchun vrachlar mehnatiga soatbay haq to‘lash:
professor, tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganda — tarif stavkasining 3 foizi miqdorida;
dotsent, tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lganda — tarif stavkasining 2 foizi miqdorida;
ilmiy darajaga ega bo‘lmagan vrachga — tarif stavkasining 1 foizi miqdorida belgilanadi.
28. Xodimlarning tarif stavkalariga ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar miqdori tarif stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi.
29. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini mehnatga vijdonan munosabati va ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning yuqori sifati uchun tarif stavkasiga har oylik ustamalar belgilash yo‘li bilan moddiy rag‘batlantirish va taqdirlash, ularga mukofotlar berish va bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish Tibbiyot muassasasining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga 2-ilova “Sog‘liq uchun xavfli va mehnat sharoitlari o‘ta xavfli bo‘lganligi munosabati bilan ularda ishlash xodimlar tarif stavkalariga qo‘shimcha to‘lov belgilash huquqini beradigan muassasalar va ularning bo‘linmalari, shuningdek lavozimlar ro‘yxati” berilgan bo’lib, ular quyidagilardan iborat:
I. Sog‘liq uchun xavfli va mehnat sharoitlari og‘ir bo‘lgan, ularda ishlash xodimlarning tarif stavkasiga 15 foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilash huquqini beradigan muassasalar, bo‘linmalar
II. Ularda ishlash sxemali lavozim (oylik) maoshlari (stavkalari)ni 15-25 foizga oshirish huquqini beradigan muassasalar va ularning bo‘linmalari
III. Ularda ishlash sxemali lavozim (oylik) maoshlar (stavkalar)ni 25 foizga oshirish huquqini beradigan, sog‘liq uchun o‘ta xavfli va mehnat sharoitlari o‘ta og‘ir bo‘lgan muassasalar, bo‘linmalar va lavozimlar
IV. Ularda ishlash sxemali lavozim (oylik) maoshlarini (stavkalarini) 30 foizga oshirish huquqini beradigan, sog‘liq uchun o‘ta xavfli va mehnat sharoitlari o‘ta og‘ir muassasalar, bo‘linmalar va lavozimlar
V. Ushbu Ro‘yxatning I va III bo‘limlarida nazarda tutilgan ikki va undan ko‘p asoslar bo‘yicha sxemali lavozim maoshlarini 40 foizga oshirish huquqini beradigan sharoitlar mavjudligi munosabati bilan ularda ishlash sxemali lavozim (oylik) maoshlarini (stavkalarini) oshirish huquqini beradigan muassasalar, bo‘linmalar va lavozimlar
VI. Ularda ishlash sxemali lavozim (oylik) maoshlarini (stavkalarini) 35 foizga oshirish huquqini beradigan muassasalar va ularning bo‘linmalari
VII. Ularda ishlash sxemali lavozim (oylik) maoshlarini (stavkalarini) 75 foizga oshirish huquqini beradigan, OITSga chalingan bemorlarni davolash uchun mo‘ljallangan muassasalar va ularning bo‘linmalari
VIII. Ularda ishlash har bir ish soati uchun soatbay tarif stavkasini (maoshini) 50 foizga oshirish huquqini beradigan, OITSga va OIV infektsiyasiga chalingan bemorlar bilan bevosita kontaktda bo‘ladigan sog‘liqni saqlash muassasalari va ularning tarkibiy bo‘linmalari
Tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlari yuqorida ko’rsatilgan ustama, qo’shimcha to’lov va imtiyozlardan foydalanishi uchun alohida tartibda murojaat qilish talab etilmaydi. Nizomda belgilangan shartlar mavjud bo’lganda ustama, qo’shimcha to’lov va imtiyozlar avtomatik ravishda to’lanishi kerak. Ammo “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni berilganda, malaka toifasi berilganda, ilmiy daraja berilganda, staj uchun ustama miqdorini ko‘paytirish huquqini beradigan stajning uzluksizligini tasdiqlaydigan hujjatlar olinganda, ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatning asli yoki nusxasi ish beruvchiga taqdim etilishi kerak. Nizomda ko’rsatilgan shartlar mavjud bo’lsa-yu, ammo tibbiyot yoki farmatsevtika xodimi yuqorida ko’rsatilgan ustama, qo’shimcha to’lov va imtiyozlardan foydalanmayotgan bo’lsa, xodim ishlaydigan mussasa ish beruvchisiga mazkur holat bo’yicha murojaat qilishi va o’z huquqlarini talab qilishi kerak. Ish beruvchiga qilingan murojaat natija bermasa, yuqori turuvchi organ yoki mazkur muassasa joylashgan tuman sudiga mazkur holat bo’yicha murojaat qilish lozim.
One Comment