2012-yil 26- dekabrda “Xalq So’zi” gazetasining 251(5671)-sonida “Tezkor-qidiruv faoliyati to’g’risida”gi Qonun e’lon qilindi. Uning 31-moddasiga binoan, qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 12 oy o’tgach kuchga kirishi belgilangan. Demak, ushbu hujjat 2013-yil 26-dekabr kuni rasman kuchga kirdi.
Tezkor-qidiruv faoliyati tergov oldi harakatlarining eng muhim qismi bo’lgani sababli, bunday faoliyatning alohida huquqiy hujjat bilan tartibga solinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Birinchidan, mazkur Qonun qabul qilinishiga qadar huquq-tartibot organlari faoliyati alohida qonun bilan tartibga solinmagan edi. Masalan, militsiya va Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) faoliyatini tartibga soluvchi qonun haligacha mavjud emas. Albatta, 1991-yil 2-noyabrda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati to’g’risida”gi Nizom MXX organlari xatti-harakatlari Konstitutsiya va qonunlarga zid bo’lmasligi, o’z faoliyatini fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirishlari kerakligi belgilangan. Ammo mazkur Nizom MXX konstitutsiyaviy huquqlar buzilmasligi uchun qay tartibda tezkor-qidiruv choralarini ko’rishi kerakligini belgilab bermagan.
O’QING: Milliy xavfsizlik xizmati ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
Ikkinchidan, asosan tezkor-qidiruv choralari natijasida olingan dalillar shaxsni jinoyat sodir etganlikda gumonlab, uni hibsga olishga asos bo’lgani uchun, bunday faoliyat albatta huquqiy jihatdan tartibga solinishi kerak.
Uchinchidan, tezkor-qidiruv choralari shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlariga to’g’ridan-to’g’ri rahna soladi. Suning uchun bunday faoliyatlar huquqiy hujjatlar bilan iloji boricha aniq va to’liq tartibga solinishi kerak.
Umuman olganda, mazkur Qonun qabul qilinganligini iliq qabul qilish kerak. Qonunga amalda rioya etilishi ta’minlangan taqdirda, surishtiruv, dastlabki tergov va sud tizimini liberallashtirishga sabab bo’lishi mumkin. Ammo Qonun o’z oldiga qo’ygan vazifalarni qanchalik bajara olishi uning amalda samarali qo’llanilishiga bog’liq. Quyida Qonunning asosiy moddalari, ahamiyati va ularni amalda qo’llashda kelib chiqishi mumkin bo’lgan muammolarga to’xtalib o’tamiz.
Qonunning asosiy moddalari
Qonunning 4-moddasida tezkor-qidiruv faoliyatining asosiy vazifalari tilga olingan. Shularning eng birinchisi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash ekani belgilgangan. Qolgan vazifalarga jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, barham berish va fosh etish, shuningdek jinoyatlarni tayyorlash va sodir etishga daxldor shaxslarni aniqlash, surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, bedarak yo‘qolgan shaxslar, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid solayotgan shaxslar, hodisalar, harakatlar (harakatsizlik) haqida axborot to‘plashdan iborat.
5-9-moddalarda tezkor-qidiruv faoliyatining asosiy prinsiplari nimalardan iborat ekani belgilgangan. Mazkur prinsiplar 13-moddada sanab o’tilgan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar majburiyatlarining asosini tashkil qilib, ular quyidagilardan iborat: qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, konspiratsiya (tezkor-qidiruv tadbirlarini alohida belgilgangan tartibga ko’ra amalga oshirish) va oshkora va nooshkora usullar uyg‘unligi prinsiplari. Shulardan ikkitasiga alohida to’xtalib o’tmoqchimiz:
Qonuniylik: Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya qilishi va ularni bajarishi shart bo’lib, mazkur qoidadan cheklanish qonunni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo’ladi. Mazkur prinsip amalda qo’llanilishini ta’minlashda prokuror nazorati muhim rol o’ynaydi. Ushbu prinsip 2-moddada umumiy qilib “tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir” deb belgilangan moddaga bir oz aniqlik kiritadi. Sababi, qonuniylik prinsipi tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishga vakolati bo’lgan davlat organlarining Konstitutsiyaga aniq rioya etishlarini talab qiladi. Zero, Konstitutsiyaning 15-moddasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinib, 16-moddada esa birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi belgilab qo’yilgan.
- Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi: Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etishi shart. Mazkur qoida buzilgan taqdirda tezkor-qidiruv organi buzilgan huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni tiklash, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash hamda aybdorlarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishi shart.
Ushbu prinsip hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligini ta’minlaydi. Mazkur prinsip 17-moddada ham o’z ifodasini topgan. Bu moddada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning fuqarolar hayotini, sog‘lig‘ini, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etishi, zo‘ravonlik, tahdid, qo‘rqitish va boshqa inson huquqlarini cheklovchi usullardan foydalanishi taqiqlangan.
Shu bilan birga, inson huquqlari ustuvorligi prinsipi insonning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarning oshkor etilishiga olib keladigan, uning hayotini, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlarni amalga oshirishni ham man etadi.
Shu o’rinda O’zbekiston telekanallarida mehmonxonalarda avj olgan fohishabozlik haqida tayyorlagan ko’rsatuvni misol qilib keltirsa bo’ladi. Ushbu ko’rsatuvda mehmonxonada fohishalik bilan shug’ullanishda gumon qilingan ayollar bevosita jinoiy xatti-harakatni amalga oshirish vaqtida qo’lga olinib, yuzlari berkitilmagan holda ko’rsatilgan. Bu esa shaxsning, u qanday jinoyat sodir etganlikda ayblanayotganidan qat’i nazar, sha’ni va qadr-qimmatini jiddiy ravishda kamsitadi va mazkur Qonun bilan bu kabi xatti-harakatlar bundan buyon taqiqlanadi.
10-modda davlatning qaysi organlari tezkor-qidiruv faoliyati bilan shug’ullanishi mumkinligi aytiladi. Ular quyidagi to’rt organdan iborat: [a] Ichki ishlar vazirligi; [b] Milliy xavfsizlik xizmati; [v] Davlat bojxona qo’mitasi; va [g] Bosh Prokuraturaning Soliq, valyuta jinoyatlari va jinoiy daromadlar legalizatsiyasiga qarshi kurash Departamenti.
15-moddada tezkor-qidiruv tadbirlarini o’tkazish uchun asos bo’ladigan holatlar belgilangan. Shulardan eng asosiylari quyidagilardir:
- Jinoyat ishining mavjudligi;
- Surishtiruv, tergov organlarining yozma topshirig‘i, prokurorning ko‘rsatmasi va topshirig‘i: Bu yerda e’tibor berish kerak bo’lgan jihat shundaki, surishtiruv va tergov organlari “yozma” topshiriq berishlari kerakligi aytilsa, prokurorga nisbatan umumiy qilib “ko’rsatmasi va topshirig’i” deyiladi. Fikrimizcha, prokurorning ko’rsatmasi va topshirig’i ham yozma bo’lishi kerak. Zero og’zaki topshiriqni kim, qanday sabablarga ko’ra va qachon berganini aniqlash mushkul.
- Agar jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun yetarli asoslar bo‘lmasa, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga jinoyatlarni tayyorlash, sodir etish alomatlari to‘g‘risida, shuningdek, jinoyatlarni tayyorlashga yoki sodir etishga daxldor shaxslar haqida ayon bo‘lib qolgan ma’lumotlarga asoslanish mumkin. Bu yerda “ayon bo’lib qolgan” tushunchasi juda mavhum xarakterga ega bo’lgani uchun, iloji boricha, u tor ma’noda talqin qilinishi kerak. Masalan, huquq-tartibot organi xodimining taxminlari yoki gumonlari “ayon bo’lib qolgan” ma’lumotlar doirasiga kiritilmasligi kerak. Mazkur qoidaga jinoyat haqida shaxslardan kelgan yozma yoki og’zaki shikoyatlar kiritilishi mumkin. Ammo jinoyat haqida ma’lumotlar tasdiqlanmagan, faqatgina “ayon bo’lgani uchun,” birinchi navbatda tezkor-qidiruv choralarining eng sodda turlari ishga solinishi kerak. Masalan, “ayon bo’lgan” faktlar haqida so’rov, ma’lumot to’plash, tekshiruv uchun namulalar yig’ish kabi turlari. Telefon so’zlashmalarini tinglash kabi konstitutsiyaviy huquqlarni jiddiy cheklovchi tezkor-qidiruv tadbirlarini ishga solish uchun esa jiddiy asoslar keltirilishi kerak.
- Shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslar, hodisalar, harakatlar (harakatsizlik) haqidagi axborotning mavjudligi: Mazkur qoidaning muammoli jihati shundaki, qanday axborot shaxslar, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid solishi belgilanmagan. Ba’zilar uchun hijobda yurish din erkinligining ajralmas parchasi bo’lsa, o’z vakolatlarini suiiste’mol qiladigan huquq-tartibot organi xodimi uchun hijob jamoat xavfsizligiga “tahdid” sifatida baholanishi mumkin. Shuning uchun aynan qanday holatlar “jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid” solishi aniq tushuntirib berilsa, maqsadga muvofiq bo’lardi.
16-modda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish shartlari haqida bo’lib, unga ko’ra, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, pochta jo‘natmalari, telegraf xabarlari hamda aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan boshqa xabarlar sir saqlanishi huquqini, shuningdek, uy-joy daxlsizligi huquqini cheklovchi tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga prokuror sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yiladi. Ammo Konstitutsiyaning 19-moddasiga binoan, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz bo’lib, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Yozishmalar, telefon orqali so’zlashuvlar, pochta jo’natmalari, uy-joy daxlsizligi cheklash shaxslarning eng asosiy konstitutsiyaviy huquqlarini cheklash bo’lgani uchun, bunday choralar sud qarori asosida amalga oshirilishi kerak.
Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbarining asoslantirilgan qarori asosida yo‘l qo‘yiladi, prokuror bu haqda yigirma to‘rt soat ichida, albatta, xabardor qilinadi. Ammo “asoslantirilgan” qaror nima ekanligi ochiqlanmagan. Hech bo’lmasa, shubha qilinayotgan xatti-harakatning mohiyati, gumonlanayotgan kishilar haqida ma’lumot va ularning xatti-harakati nima sababdan tezkor-qidiruv choralarini talab qilishini asoslab berish kerak. Qonunda nazarda tutilgan tezkor-qidiruv harakatlari shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini jiddiy cheklagani uchun, “asoslantirilgan” qaror tezkor-qidiruv harakatlari uchun aynan qanday manfaatlarni (shaxs, jamiyat va/yoki davlat manfaatlarini) qo’riqlash uchun kerakligi tushuntirib berilishi kerak.
Turar joy va binolarni, transport vositalarini tekshirish, tezkor kuzatuv, aloqaning texnik kanallaridan axborot olish, axborot olishning boshqa texnik vositalarini qo‘llash hamda pochta jo‘natmalarini, telegraf xabarlarini nazorat qilish, telefonlar va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish, agar shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishni ta’minlash uchun haqiqiy ma’lumotlarni boshqa yo‘l bilan olish imkoni bo‘lmasa, istisno choralar sifatida amalga oshiriladi. Mazkur moddada “boshqa yo’l bilan olish imkoni bo’lmasa” tushunchasi juda keng tushunchalar bo’lib, shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini keragidan ko’p cheklanishiga sabab bo’lishi mumkin. Bunday tezkor-qidiruv harakatlarini o’tkazish hech bo’lmasa, gumon qilinayotgan jinoyatning og’irligiga qarab belgilanib, nima sababli istisno tariqasida ishlatilishi zarurligi asoslantirilishi kerak.
19-moddada o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq tekshirilganidan va baholanganidan so‘ng dalillar sifatida e’tirof etilishi mumkin. Fikrimizcha, mazkur moddada tezkor-qidiruv choralari natijasida olingan dalillar, agar shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini (xususan, shaxslarni qiynoqqa solish) buzish natijasida olingan bo’lsa, sudda dalil sifatida ishlatilishi mumkin emas, deb belgilanishi kerak edi. Masalan, yetarli asos va shartlarga rioya etmasdan tinglangan telefon so’zlashmalari, ular jinoiy ishga to’g’ridan-to’g’ri aloqdor bo’lsa ham, sudda dalil sifatida ishlatilmasligi kerak.
21-moddada tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlarning prokuror tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi belgilangan. Unga ko’ra, prokurorga tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, pochta jo‘natmalari, telegraf xabarlari hamda aloqa kanallari orqali uzatiladigan boshqa xabarlar sir saqlanishiga doir huquqlarni, shuningdek, uy-joy daxlsizligi huquqini cheklovchi tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish zarurligi asoslab berilgan qarori taqdim etiladi. Ammo “asoslab berilgan qaror” qanday talablarga javob berilishi yana ko’rsatilmagan. Masalan, asoslantirilgan qaror u yoki bu tezkor-qidiruv tadbiridan (masalan, davomiy nazorat ostiga olish) foydalanish nimaga zarurligi, qay muddat davom etishi, qanday shartlarda amalga oshirilishi kabi masalalar asoslantirib berilgan bo’lishi kerak.
27-moddada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan. Mazkur modda o’ta muhim ahamiyatga ega, chunki Qonunga amalda rioya etilishini ta’minlashning yagona yo’li, uning ijro etilishi ustidan jiddiy nazoratni amalga oshirishdan iborat.
28-moddada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari va mazkur organlar xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish tartibi belgilangan. Unga ko’ra, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, mazkur organlar xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.