Savol: Otamni 2012-yil 2-mart kuni Samarqand viloyati Bulung’ur tumanilik bir odam Damas rusumli mashinasi bilan urib, umriga zolim bo’lgach, qochib ketdi. Ushbu jinoiy ish bo’yicha shug’ullangan tergovchi jinoyatchidan katta miqdorda summa olib, bizga yolg’on informatsiya berdi. Ekspertiza xulosasini aytmadi va yuborilgan “iltimosnoma”miz natijasiz qoldi. Bunday holatda qanday yo’l tutish lozim? Tergov boshqarmasi ustidan shikoyat qila olamanmi va qanday? Boquvchimizni yo’qotganligimiz tufayli bizga davlat tamonidan qandaydir moddiy yordam ko’rsatiladimi?
Javob: Tergovchi yoki tergov boshqarmasining qaroridan norozi bo’lsangiz yoki noqonuniy xatti-harakat sodir qilganligiga ishonsangiz, uning ustidan agar tuman tergovchisi bo’lsa, tuman prokuraturasiga, shahar tergovchisi bo’lsa, shahar prokuraturasiga shikoyat qilishingiz mumkin. Shikoyatingizda tergovchining noqonuniy xatti-harakat sodir etganligiga asoslaringizni, agar guvohlar bo’lsa, ularning ham mavjudligini ilova qilishingiz lozim. Shikoyatda ekspertiza natijalari bilan sizni tanishtirmaganligini va iltimosnomangizni natijasiz qoldirgnaligini ham yozishingiz lozim.
“Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi Qonunga ko’ra, shikoyatda fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi lozim. Ushbu ma’lumotlar ko‘rsatilmagan murojaatlar anonim xat hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.
Prokuraror qonunda belgilangan qoidalarga to’liq rioya qilgan holda berilgan murojaatlarni ko‘rib chiqilishi shart. Murojaatlarni qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.
Prokuror shikoyatni tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to‘g‘risida sizga yozma tarzda ma’lumot berishi shart. Shikoyatingiz qabul qiligan kundan boshlab 1 oy muddat ichida hal etilishi kerak. Qo‘shimcha o‘rganishlar va tekshirishni talab qilmaydigan masalalar esa 15 kundan kechiktirmay hal etilishi kerak.
Shikoyatni hal etish uchun maxsus tekshiruvlar o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lsa, prokuror shikoyatni hal etish muddatini, istisno tariqasida, uzaytirishi mumkin. Biroq bu muhlat 1 oydan oshmasligi lozim bo‘lib, bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi. Bunda murojaatni ko‘rib chiqish umumiy muddati ikki oydan oshmasligi kerak.
Agar prokuror shikoyatingizni rad etsa, ko’rib chiqilishi qonunda belgilangan muddatlardan uzrli sabablarsiz kechiksa, shikoyat natijasi haqida siz xabardor qilinmasangiz yoki shikoyatingiz yuzasidan prokurorning chiqargan qarori yoki ko’rgan chorasidan norozi bo’lsangiz, bo’ysunuv tartibiga ko’ra, yuqori turuvchi prokurorga, ya’ni, tuman prokurorining ustidan viloyoat, viloyat prokurori bo’lsa, Bosh prokurorga yoki sudga shikoyat qilishingiz mumkin. Qonunga ko’ra, fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori hamda unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi. Ular o‘zlariga berilgan vakolatlarga muvofiq fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, huquqbuzarlarni javobgarlikka tortishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish majburiyatiga ega.
Fuqarolarning mansabdor shaxslar ustidan shikoyat qilishi tartibi haqida batafsil quyidagi maqolalardan ma’lumot olishingiz mumkin:
Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
“Uchastkovoy” ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
Milliy xavfsizlik xizmati ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
Boquvchisini yo’qotganlarga moddiy yordam bormi?
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonunning 19-moddasiga ko’ra, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda farzandlarga va ushbu moddaning «v» bandida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga pensiya ular boquvchining qaramog‘ida turgan-turmaganidan qat’i nazar tayinlanadi.
Marhumning qaramog‘ida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablag‘ manbaidan mahrum bo‘lib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz a’zolari hisoblanadilar:
a) bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 16 yoshdan katta bo‘lsa ham 16 yoshga to‘lmasdan nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsalar. Bunda aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmasa;
b) ota, ona, o‘gay ota, o‘gay ona, xotin, er, basharti, ular 7-moddada nazarda tutilgan pensiya yoshiga to‘lgan yoki nogiron bo‘lsalar;
v) yoshidan va mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa;
g) buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart bo‘lgan kishilar bo‘lmasa.
O‘quvchilar 18 yoshga to‘lgunga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga egadirlar.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga yetmagan farzandlar, ular farzandlikka olinganlarida ham bu huquqni saqlab qoladilar.
Demak, yuqoridagi bandlardan biriga to’g’ri kelsangiz yoki dadangizning 18 yoshga to’lmagan farzandlari bo’lsa, boquvchisini yo’qotganlik uchun pensiya olish huquqingiz mavjud.
Qonunning 26-moddasiga ko’ra, pensiyalarning quyidagi tayanch miqdorlari belgilanadi:
g) oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun — pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi, lekin eng kam oylik ish haqining kamida 50 foizi miqdorida;
d) ota-onasidan judo bo‘lgan (chin etim) bolalarga yoki vafot etgan yolg‘iz onaning bolalariga, har bir bolaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun — pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi, lekin eng kam oylik ish haqining kamida 100 foizi miqdorida.
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish tartibi
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonunning 43-moddasiga ko’ra, xodimlarga va ularning oila a’zolariga (boquvchisini yo‘qotgan taqdirda) pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza oxirgi ish joyidagi korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyati orqali beriladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari), boshqa kooperativlarning a’zolariga va ularning oila a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza kooperativ boshqaruvi orqali beriladi.
Ma’muriyat (boshqaruv) ariza tushgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddat ichida staj va ish haqi to‘g‘risidagi zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi hamda ularni berilgan ariza va o‘z taqdimnomasi bilan birga arizachi istiqomat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga yuboradi. Basharti, pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan xodimga pensiya tayinlashga tavsiya etish rad qilinsa, unga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yozma xabar qilinadi.
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan shaxs ma’muriyatning (boshqaruvning) pensiya tayinlashga tavsiya etishni rad etgan qaroriga rozi bo‘lmagan hollarda, u pensiya tayinlanishini so‘rab bevosita O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga ariza berishi mumkin.
Dehqon xo‘jaliklari a’zolariga, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga, boshqa fuqarolarga va ularning oila a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza bevosita arizachining istiqomat joyidagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga beriladi.