2017-yil 18-aprelda President Shavkat Mirziyoyev “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorini (bundan buyon Qaror) imzoladi. Qarorning 6-bandida 1-yanvar 2018-yilgacha Ichki Ishlar organlarida so‘roqni stenografiya usuli bilan yozib olish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va videoga muhrlash tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etilishi aytiladi. Bir tomondan mazkur Qaror Ichki Ishlar organlari faoliyatini tartibda solish uchun oxirgi 5-6 oy ichida ketma-ket qabul qilingan choralardan navbatdagisi bo’lgani uchun, hukumat bu sohadagi islohotlarga jiddiy qo’l urganini ko’rsatadi. Boshqa tomondan, O’zbekistonda kuchli advokatura, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalarining mavjud emasligi islohotlar hali-veri kutilgan natijalarni bermasligidan dalolat beradi. Quyida mazkur holatlarga batafsilroq to’xtalamiz.
Qarorning cheklangan doirasi
Qaror Ichki Ishlar organlari xonalari haqida bo’lib, tergov faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa davlat organi, xususan, Milliy Xavfsizlik Xizmatining (MXX) tergov xonalarini ham videokuzatuv jihozlari bilan ta’minlashni nazarda tutmaydi. Bu esa amaliy muammolarni keltirib chiqarish bilan birga, MXXning amaldagi qonunlar doirasidan tashqarida qolayotganini ko’rsatadi.
Dalillarga baho berish masalasi
Alohida tergov xonalari videokuzatuv moslamalari bilan jihozlanishi fuqarolarning jinoyat protsessidagi huquqlari tom ma’noda himoya qilishi uchun, bunday moslama yordamida yozib olingan tasmadan foydalanish qoidalari batafsil ishlab chiqilishi kerak. Xususan, videokuzatuv materiallari qayerda va qay holda saqlanishi masalasiga alohida e’tibor berilishi kerak. Videokuzatuv natijasida yozib olingan material Ichki Ishlar organlarida emas, balki Oliy Majlis qoshidagi maxsus qo’mitada yoki Prokuraturada saqlanishi maqsadga muvofiq bo’ladi. Shu bilan birga videokuzatuv materiali asl holda, hech qanday o’zgartirishlarsiz saqlanishi ta’minlanishi lozim. Mazkur holatlarga e’tibor berilmagan taqdirda, dalillarga baho berish bilan bog’liq bo’lgan muammolar, xususan, dalillarning ishonchliligi va maqbulligi bilan bog’liq jiddiy muammolar kelib chiqishi tabiiy hol.
Videokuzatuvning tergovchiga foydasi
Tergov xonalarida videokuzatuv o’rnatilishi gumondorning huquq va erkinliklari yaxshiroq himoya qilinishiga yordam berishi tabiiy. Ammo bunday chora ko’rilishining tergovchiga ham foydalari bor. Masalan, tergovchi xatti-harakatlari ustidan tuhmat yoki asossiz shikoyat qilinishining oldi olinadi, zero videokuzatuv natijasida yozib olingan tergov jarayoni tergovchi qonun doirasida harakat qilganiga dalil bo’lib xizmat qiladi. Shu bilan birga so’roq qilinayotgan kishi o’z ko’rsatmalarini osonlik bilan o’zgartira olmaydi. Bundan tashqari, butun so’roq qilish jarayoni yozib borilayotgani tergovchiga e’tiborni ko’rsatmalarni yozib borishga emas, balki ularning mantiqiyligi, mutanosibligi va ketma-ketligi kabi holatlarga e’tibor berish imkonini beradi. Qolaversa, ko’rsatmalarni so’roqdan keyin qayta-qayta eshitish imkoni avval e’tibor berilmagan holatlarni fosh etishda yordam berishi mumkin.
Mustaqil advokaturaning ahamiyati
Tergov sohasini islohot qilishni advokaturasiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Advokatlar tergov jarayonida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning turi va mohiyatini yaqindan biladi. Afsuski Ichki Ishlar organlari faoliyatini islohot qilish sohasida ularning ishtiroki umuman sezilmayapti. Advokatlar Palatasining ijtimoiy hayotdagi ishtiroki umuman ko’rinmayapti. Bugungacha Advokatlar Palatasi islohotlar haqida bironta fikr-mulohaza bildirgani yo’q. Yillar davomida nisbatan mustaqil bo’lgan advokatura faoliyati ustida ijro hokimiyati nazoratining mustahkamlanib borilishi advokatura mustaqilligining tamoman yo’qolishiga sabab bo’ldi. Advokatlarning mustaqil faoliyat ko’rsatishlariga zudlik bilan sharoit yaratilmas ekan, tergov xonalarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash samara bermaydi.
Fuqarolik jamiyatining ahamiyati
O’zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlari sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat tashkilotlarining deyarli yo’qligi ham Ichki Ishlar organlari faoliyatini islohot qilishga qaratilgan choralar samarasini yo’qqa chiqaradi. Fuqarolarni konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar haqida xabardor qiluvchi, kuchishlatar organ xodimlari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni hujjatlashtirib, hisobot beruvchi, qonun ustivorligining mustahkamlanishiga qaratilgan trening va seminarlar o’tkazuvchi nodavlat tashkilotlari ko’paymaguncha, tergov xonalarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash samara bermaydi.
Mustaqil ommaviy axborot vositalarining ahamiyati
Davlat organlari, xususan, Ichki Ishlar organlari sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun ochiqlik, ijtimoiy masalalarning erkin tanqid va muhokama qilinishi muhim. Bu vazifani mustaqil ommaviy axborot vositalari (OAV) o’taydi. Mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan eng jiddiy qonunbuzarliklar aynan mustaqil jurnalistlar faoliyati tufayli fosh etiladi. Shunday ekan, tergov jarayoni va umuman qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi islohotlar samara berishi uchun OAVlarning mustaqilligi ta’minlanishi kerak. Shuningdek, ichki ishlar idoralari matbuot xizmatlari jurnalistlar bilan yaqin hamkorlik qilishi, ular uchun muntazam axborot anjumanlari o’tkazib turishi hamda OAV vakillari beradigan savollarga o’z vaqtida, to’liq javob berib borishlari kerak.
Malaka oshirish va xalqaro tajriba almashinuvining ahamiyati
Tergov xonalari videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangandan keyin qiynoq va boshqa taqiqlangan bosim o’tkazish usullaridan foydalanish to’xtadi deb tasavvur qilaylik. Hamisha gumondorga qarshi turli taqiqlangan jismoniy yoki ruhiy bosim o’tkazish usullarini qo’llab, iqrornoma olishga o’rganib qolgan tergovchi endi jinoyat ishini qanday tergov qiladi? Qonuniy usullar bilan tergov qilish malaka, tajriba va mahorat talab qiladi. Ichki Ishlar organlari xodimlari malakasini oshirish bo’yicha zudlik bilan choralar ko’rilishi kerak. Bu masalani amalga oshirishda xalqaro tashkilotlarning tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi. Afsuski, O’zbekistonda xalqaro tashkilotlarning soni ham juda cheklangan.