Savol: Tergov jarayonida pitka (qiynoq) sodir etilsa, buni qanday isbot qilish mumkin?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi qonun hujjatlari inson sha’ni va qadr-qimmatini har qanday tazyiq va tajovuzlardan himoya qiladi hamda ushbu himoyani kafolatlaydi. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksi 17-moddasida quyidagilar belgilangan:
”Sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo’ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”.
Demak, tergov jarayonida insonni qiynoqqa solish bu, avvalo, konstitutsiyaviy prinsipning, qolaversa, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 17-moddasi talablarining buzilishi deb baholanadi. Qiynoqqa solingan shaxs, agar qiynoq tergov jarayonida sodir etilib, tergov hali tugamagan bo’lsa, Respublika Bosh Prokuroriga shikoyat bilan murojaat qiladi. Shikoyatni qiynoqqa solingan shaxs nomidan advokati taqdim qilishi ham mumkin. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 345-moddasi 9-qismi 4-bandiga ko’ra, dastlabki tergovni olib borishda qiynoqqa solish va shafqatsiz g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari qo’llanilgan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori va uning yordamchilarining qaroriga binoan jinoyat ishi boshqa dastlabki tergov organiga o’tkaziladi.
Qiynoq sodir qilinganligini isbot qilish uchun esa yuqoridagi organlar qarori bilan zarur hollarda ekspertiza tayinlanadi. Lekin qiynoq sodir etilib, tergov harakatlari tugallangan va jinoyat ishi sudga yuborilgan bo’lsa, unda qiynoqqa solingan shaxs sud protsessida tergov harakatlarida qiynoqqa solinganligi ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin va isbot qilish uchun esa sud tomonidan ekspertiza tayinlanishi mumkin.
One Comment