Jinoyat va ma'muriy huquq

Telefonimni aldab olishdi, kimga murojaat qilay?

Savol: Do’stim bilan birga ishlaydiga bir notanish ayol telefonimni sotib olmoqchi bo’ldi va sotib olishdan avval eriga ko’rsatishini, ma’qul kelsa so’ng pul berishini aytdi. 2-3 kundan so’ng oldiga borsam telefonni olmasligini, uni ertaga olib kelishini aytdi. 1 oydan oshdiki, har kuni shu ahvol, haligacha na telefonni na pulini berdi. Bunday holda men qanday ish tutishim lozim?

Javob: Ushbu holatda telefonni bermayotgan ayol uchun ikki xil javobgarlik kelib chiqishi mumkin:

a)         Fuqaroviy huquqiy javobgarlik;

b)         Jinoiy huquqiy javobgarlik.

Fuqarolik kodeksi 386-moddasi oldi-sotdi shartnomasi deya nomlanib, unga ko’ra, oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni to‘lash majburiyatini oladi.

Telefonni olgan shaxsning yashash manzilidagi tumanlararo fuqarolik ishlari bo’yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishingizga to’g’ri keladi. Agar sudda tegishli tartibda guvohlar va boshqa dalillar bilan telefonni berganingiz va bu bo’yicha to’lovning amalga oshirilmaganini isbotlay olsangiz sud orqali telefonni olgan shaxsdan uniqaytarib berish yoki pulini berishni talab qilishingiz mumkin.

Fuqarolik-protsessual kodeksiga ko’ra, tumanlararo fuqarolik ishlari bo’yicha sudga yozma da’vo ariza berasiz va sud fuqarolik ishini qo’zg’atadi.

Arizada quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

1) ariza berilayotgan sudning nomi;

2) da’vogarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va yashash joyi, agar da’vogar tashkilot bo‘lsa, uning nomi va qaerda joylashganligi, shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va manzili;

3) javobgarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), yashash joyi yoki agar javobgar tashkilot bo‘lsa, uning nomi va qaerda joylashganligi;

4) da’vogarning talabi;

5) agar da’voni baholash lozim bo‘lsa, uning bahosi;

6) da’vogar o‘zining talablariga asos qilib ko‘rsatayotgan holatlar va bu holatlarni tasdiqlaydigan dalillar;

7) arizaga ilova qilingan hujjatlarning ro‘yxati.

Ariza da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, arizaga ishonchnoma yoki uning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi lozim.

Jinoiy huquqiy javobgarlik yuzasidan esa o’zingiz yashab turgan ichki ishlar bo’limiga murojaat qilib, voqeani bor holicha so’zlab bering. Telefonni olgan shaxsga nisbatan tegishli surishtiruv harakatlarini amalga oshiriladi.

Qaysi modda bilan javobgarlik yuzaga kelishini oldindan aytish qiyin, chunki ish holatlariga ko’ra Jinoyat kodeksi bo’yicha qaysi modda asosida javobgarlik yuzaga kelishi tergovchilar tomonidan hal qilinadi va ish keyinchalik sudga oshiriladi.

Ma’lumot uchun quyidagi moddani keltirib o’tishimiz mumkin:

Jinoyat Kodeksi 168-modda. Firibgarlik

Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish —

eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Firibgarlik:

a) ko‘p miqdorda;

b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

g) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, —

eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Firibgarlik:

a) juda ko‘p miqdorda;

b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;

v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —

eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Etkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Malumot uchun O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Firibgarlikka oid ishlar bo’yicha sud amaliyoti to’g’risida”gi qarorini o’qib chiqishni tavsiya etamiz.

Comments are closed.