Savol: Bir tashkilot, idora, o’quv muassasasi o’z doirasida ichki qonunlarini ishlab chiqib, konstitutsiya kodekslarga zid kelishi mumkinmi? Zid kelganda nima qilish kerak (masalan, hijob masalasi, meditsina institutlarida talaba formada bo’lishi kerak, ya’ni kalpachok-xalat, bu institutning ichki qonuni)?
Javob: Ichki tartib qoidalarni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda asosiy qonunlarga zid kelishi haqida avvalgi savollarda ham ko’p to’xtaldik. Bunday hollarda Konstitusiya moddalari hamda asosiy qonun moddasi qo’llaniladi, ichki tartib, qoida va nizomlar emas. O’zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonuning 5-moddasiga binoan O’zbekiston Respublikasida quyidagi normativ-huquqiy hujjat turlari mavjud va ular yuridik kuchi jihatidan pog’onali tarzda keltirilgan:
a) O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
b) O’zbekiston Respublikasining qonunlari;
c) O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
d) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari;
e) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
f) Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarining hujjatlari;
g) Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
Yuqoridagi moddada korxona, tashkilot, muassasalarning ichki tartib, qoida va nizomi normativ-hujjatlar turlari qatorida keltirilmagan, demak, ichki tartib, qoida va nizomlar normativ xarakterga ega bo’lmay, balki faqat shu korxona, tashkilot, muassasa doirasida majburiy xarakterga ega bo’ladi. Shuning uchun ichki tartib, qoida, nizomlarni yuridik kuchi nuqtai nazaridan ushbu qonundagi bandlardan keyingi o’ringa qo’yish mumkin. Ichki tartib, qoida va nizomlar o’zidan yuqori turadigan normativ-huquqiy hujjatlariga zid bo’lmagan holda korxona, tashkilot, muassasa bajaradigan soha, ish sharoiti va boshqa sabablarga ko’ra sohaviy kiyinish qoidalarini joriy etishlari mumkin. Hijob bilan sohaviy kiyinish formalarini, etiket qoidalarini bir o’ringa qo’yib bo’lmaydi. Chunki hijob e’tiqod talabi bilan kiyiladigan kiyim bo’lib, O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida fuqarolarning vijdon erkinligi to’la kafolatlangan. Bu haqda “Mehnat shartnomasining noqonuniy bekor qilinishi ustidan da’vo qilish tartibi”, “Maktab ichki nizomlarida hijobga taqiq qo’yish qonuniymi”, “Hijob o’rash jinoyatmi” va “Hijobli qizning abiturient bo’lishga haqqi yo’qmi” nomli maqolalarda to’liq ma’lumot berganmiz. Sohaviy mehnat formalari va boshqa kiyinish etiketi qoidalariga amal qilish esa tanlangan kasbiga ko’ra xizmat yoki mehnat faoliyati doirasidagina talab qilinadi.
Tashkilot, idora, muassasalarning ichki tartib, qoida, nizomlari o’zidan yuqori turuvchi qonun hujjatlariga zid kelgan holda bu tartib, qoida, nizomni qabul qilgan tashkilot, idora, muassasa ustidan o’zidan yuqori turuvchi organga va yoki ayni paytda tashkilot, idora, muassasa joylashgan tuman prokuraturasiga shikoyat qilishingiz mumkin. Shikoyat qilish tartibi to’g’risida “Maktab ichki nizomlarida hijobga taqiq qo’yish qonuniymi?” maqolasida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
2 Comments